Markaziy Osiyo mintaqasidagi besh davlat keyingi yillarda bir butun holda tilga olinmoqda. Tarixiy ildizlari, madaniyati, dini va tili biri-biriga chambarchas bog‘liq bu mintaqa xalqlari va davlatlarini bir-biridan ayro holda tasavvur qilish ham mushkul.
Maqsadlar mushtarakligi asosida birlashgan Markaziy Osiyoni shu bois dunyoning yetakchi davlatlari bir davrada, bir stol atrofida muloqotga chorlamoqda. 28-30 sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va boshqa Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning taklifiga binoan u yerda bo‘lishdi.
Markaziy Osiy davlat rahbarlari 29 sentabr kuni Berlin shahrida Germaniya Federativ Respublikasi Federal Kansleri Olaf Shols raisligida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, “yashil” energetikani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish istiqbollari, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari, barqaror va izchil mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Tadbir qatnashchilari “Markaziy Osiyo – Germaniya” formati ochiq muloqot hamda mintaqa mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish uchun samarali maydonga aylanganini ta’kidlagan.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda bugungi mintaqaviy hamkorlik darajasiga yuksak baho berib, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash siyosatini og‘ishmay amalga oshirayotganini qayd etgan.
Bugun mamlakatimiz muhim transformatsiya bosqichida turibdi, Yangi O‘zbekiston – inson manfaatlari oliy qadriyat bo‘lgan demokratik davlatni barpo etish yo‘lidan bormoqda. O‘zbekistonni 2030 yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya qabul qilingani va undagi yuksak maqsadlar xalqaro hamkorlarning salohiyatini jalb qilish orqali amalga oshirilishi ta’kidlangan.
“Markaziy Osiyo – Germaniya” formati doirasida uzoq muddatli hamkorlikning barcha uchun ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan;
– investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik aloqalar va almashinuvni rivojlantirish,
– qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash,
– transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, “yashil” kun tartibini ilgari surish,
– Germaniya standartlariga muvofiq turli tarmoqlar uchun mutaxassislarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida aytib o‘tilgan.
Xorij nashrlarida
Markaziy Osiyo mintaqasining Germaniya bilan ilk sammiti butun dunyo nigohida bo‘ldi. Jumladan, The Diplomat nashrida keltirilishicha, – Ukrainadagi urush (va Afg‘onistondagi urushning tugashi) nafaqat AQSh, balki Yevropa bilan ham Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarning tubdan o‘zgarishiga zamin yaratmoqda.
Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida Germaniya Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlardan biri bo‘lib, sammitning ahamiyatini oshirmoqda. “The Diplomat” gazetasiga yozgan maqolasida Xalqaro Ilg‘or tadqiqotlar instituti (IAIS) va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (O‘zbekiston) qoshidagi Yevropa tadqiqotlari markazi rahbari Rustam Qayumov fikricha, “Umuman olganda, Germaniya Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi yo‘nalishini belgilab beradi”.
Maqolada aytilishicha, Sammit yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonot keng qamrovli bo‘lib, Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasida “strategik mintaqaviy sheriklik”ni o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu doirada har ikki tomon o‘zaro to‘rt yo‘nalishda mavjud hamkorlikni mustahkamlaydi va takomillashtiradi. Bular,
– iqtisodiyot, energetika va tabiiy resurslar;
– mintaqaviy hamkorlik va barqarorlik;
– iqlim va atrof-muhit;
– odamlar o‘rtasidagi aloqalardir.
Sammit bayonotida Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TITR) orqali konseptual jihatdan savdo va transport tarmog‘i bo‘lgan “O‘rta yo‘lak”ni ma’qullangani alohida e’tiborga loyiqligi keltirilgan.
Shuningdek, yaqinda Yevropaning Markaziy Osiyo bilan barqaror transport aloqalari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqoti Qozog‘iston janubini kesib o‘tuvchi Markaziy Transkaspiy tarmog‘i (CTSN) “Evropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi eng barqaror transport aloqalarini” ta’minlaydi, degan xulosaga kelingani qayd etiladi.
Euronews
Germaniya kansleri Olaf Shols Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlarini juma kuni o‘tkazilgan birinchi sammitda qutladi, chunki Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar mintaqada geosiyosiy ittifoqchilarni qo‘lga kiritishga intilmoqda, deb boshlanadi Euronews xabari.
– Berlinda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari mintaqaviy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mintaqani Yevropa bilan bog‘lovchi “O‘rta yo‘lak” deb nomlangan yo‘nalishni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
“Rahbarlar “Global Gateway” (xalqaro darvoza) tashabbusi orqali “O‘rta yo‘lak”ni rivojlantirish va infratuzilma loyihalari uchun mablag‘ jalb etishdan manfaatdor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar”, – deyiladi yetakchilarning qo‘shma bayonotida.
Sharqiy Yevropa iqtisodiy aloqalari qo‘mitasi raisi Katarina Klaas-Myuhlhauser uchrashuvni “tarixiy” deb atadi va hamkorlikni faollashtirishning beshta, ya’ni energetika, xomashyo, qishloq xo‘jaligi, transport va kasb-hunar ta’limi kabi ustuvor yo‘nalishlarni taklif etdi.
Anadolu Ajansi
Juma kuni Germaniya va Markaziy Osiyo davlatlari tarixda ilk bor sammit o‘tkazdi va mintaqani Yevropa bilan bog‘lovchi “O‘rta yo‘lak” yo‘nalishini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatladi.
Yetakchilar Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasida “strategik mintaqaviy sheriklik” o‘rnatishga kelishib olganliklarini e’lon qildilar va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun choralar ko‘rishga va’da berishdi.
Shuningdek, ular mintaqani Kavkaz, Qora dengiz va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘lashni maqsad qilgan “O‘rta yo‘lak” yo‘nalishini rivojlantirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
“Rahbarlar “O‘rta yo‘lak”ni rivojlantirish va “Global Gateway” tashabbusi doirasida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni jalb qilishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar”, deyiladi uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma deklaratsiyada.
Shuningdek, ular Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) “Markaziy Transkaspiy tarmog‘i”ni barqaror transport tarmog‘i sifatida belgilagan yakuniy hisobotini olqishladilar.
Davlat rahbarlari energiya xavfsizligini mustahkamlash, energiya ta’minotining muqobil yo‘nalishlarini rivojlantirish, transport va tranzit aloqalarini yaxshilash, iqlim va atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan iqtisodiyot sari intilish maqsadlarini ta’kidladilar.
Rasmiylarga ko‘ra, Germaniya kansleri va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi sammiti kelasi yili mintaqada bo‘lib o‘tadi.
Economic and Political
Germaniya Markaziy Osiyoda, qisman Rossiya va Xitoyning mintaqadagi ta’siriga qarshi turish uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi, o‘sib borayotgan transkontinental aloqalarni hisobga olgan holda, Germaniya Boltiq dengizidan Hind okeanigacha, Sharqiy Yevropadan Markaziy va Sharqiy Osiyogacha bo‘lgan yangi tashkil etilgan savdo va transport makromintaqasida o‘z mavqeini mustahkamlash niyatida ekanligi kabi fikrlar keltiriladi.
Shuningdek, G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimi Germaniya xavfsizligi nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo Respublikalarining geosiyosiy ahamiyatini oshirgan.
Germaniya Markaziy Osiyo Respublikalari bilan aloqalarini mustahkamlash uchun yangi tashabbusni boshlagani, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer iyun oyining uchinchi haftasida Qozog‘istonga tashrif buyurib, Qozog‘iston-Germaniya strategik sheriklik va iqtisodiy munosabatlarni jonlantirgani, Shtaynmayyer va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasidagi muzokaralarda iqtisod, energetika va aloqa masalalari ustunlik qilganini bildirgan.
Nashrda, shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasi loyihalari Markaziy Osiyoni dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan hududdan Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi tranzit mintaqaga aylantirayotganiga e’tibor qaratilgan.
Jumladan, Qozog‘istonning Xitoy va Qozog‘iston chegarasida joylashgan Xorgos “quruq porti” kuniga Xitoydan kelayotgan 20 dan ortiq poyezdni boshqarishi ta’kidlangan.
Ukraina – Rossiya mojarosi ortidan boshlangan xalqaro ziddiyatlar oqibati butun dunyo, ayniqsa, Yevropa davlatlari kun tartibiga transport-logistika, energetika xavfsizligi kabi tarmoqlariga alternativalar topish masalasini olib chiqdi.
Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston dunyo xaritasida dengizga chiqish imkoniyati cheklangan ikki davlatdan biri hisoblanadi. Ya’ni, bu biz dengizga chiqishimiz uchun bevosita ikki davlat hududidan o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, agar bir davlat hududidan o‘tib dengizga chiqish imkoniyati bo‘lsa, undan o‘sha davlat koridor qilib berishi ko‘zda tutilgan. Agar Kaspiy dengizini inobatga olmasa, birorta Markaziy Osiyo davlatining chegaralari dengizga tutashmagan. Demak, mintaqa uchun quruqlik yo‘llari dolzarb hisoblanadi.
Masofa jihatdan Xitoy yoki Rossiya orqali dengizga chiqishdan ko‘ra, Eron yoki Pokiston orqali chiqish bir necha barobarga yaqinroq. Qolaversa, hozirgi kunda aktual muhokama qilinayotgan “O‘rta yo‘lak” ham bor. Bu yo‘lak Xitoy va Rossiyaga qaraganda masofasi qisqa, Eron va Pokiston orqali o‘tadigan yo‘lakka nisbatan esa xavfsiz hisoblanadi. “O‘rta yo‘lak”ning ishga tushishi bizning eng yaqin hamkorlarimiz sanaladigan Turkiya va Ozarbayjonga ham manfaatli va ularning izchil hamkorligini kutish mumkin.
Asosiysi, butun boshli g‘arb bundan manfaatdor va Germaniya kabi dunyoning eng yirik beshinchi iqtisodi tashabbus ko‘rsatayotgan paytda bu yo‘nalishning ahamiyati yanada oshadi. Butun dunyo yakdil Markaziy Osiyo bilan yaqindan va samimiy hamkorlik qilishga intilmoqda. Yevropadagi sammit buning yana bir tasdig‘i bo‘lmoqda.
Ahmad QURBONOV
tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 4.10.2022, №39