“Mahallabay” ishlash tizimi: aholi farovonligini yuksaltirish va odamlarni rozi qilishga xizmat qilyapti

 

Iqtisodiyotni rivojlantirish, odamlarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada aholi hayotidagi muammolarni tizimli o‘rganish va o‘z vaqtida, to‘lig‘icha hal etishga xizmat qiluvchi “mahallabay” ishlash tizimi joriy etilgani bugun o‘z natijasini berayotganini hammamiz ko‘rib, his qilib turibmiz.

Zero, mahalla faqatgina yurtimizga xos bo‘lgan institut bo‘lib, ushbu noyob ijtimoiy tuzilma oxirgi yillarda aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi, desak ayni haqiqat. Bu aholi bilan bevosita ishlashning eng samarali va an’anaviy mexanizmidir. Chunki mavjud muammolar joyida, tez va natijali hal qilinsa insonlar hayoti yaxshilanadi, odamlarning ertangi kunga ishonchi ortadi.

Xalq bilan muloqotning yangicha usuli bo‘lgan mahallabay ishlash tizimi orqali eng avvalo aholi, xususan yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga oid qiziqish va intilishlari aniqlanib, so‘ng ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini hosil qilishi uchun o‘quvlar o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga, ularga davlat “oyoqqa turib olishlari” uchun amaliy yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Jumladan, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 million so‘mgacha subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki uch oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to‘lovini to‘lash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha subsidiyalar beriladi.

O‘tgan qisqa davrda bu borada keng miqyosda amaliy ishlar qilindi. Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish maqsadida 48 503 nafar fuqaroga jami 196,7 mlrd.so‘m subsidiya ajratilgan. Shundan, 39 749 nafar xotin-qizlarga 163,7 mlrd.so‘m, shu jumladan "Ayollar daftari"ga kiritilgan 23 199 nafarga 110.7 mlrd.so‘m. subsidiya berilgan.

Ahamiyatlisi, mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida mahalladagi iqtisodiy holatni, “xonadonbay” o‘rganishni, jumladan, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish holatlarini hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishlari va ehtiyojlari muntazam tahlil qilib borilmoqda. Qolaversa, aholining ortiqcha sarsongarchiligini oldini olish uchun mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilyapti.

Davlatimiz rahbarining asosiy maqsadlaridan biri mazkur ishlarni mahallaning o‘zida hal etish hisoblanadi. Shuning uchun ham, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tegishli tuman (shahar) hokimligining vakili, ya’ni hokim yordamchisi lavozimi ta’sis etildi.

Vaholanki, hududlardagi ahvolni mahalla ahli va faollaridan yaxshi hech kim bilmaydi. Har qanday fuqaro mahalla fuqarolar yig‘ini bilan uzviy aloqa o‘rnatgan. Binobarin, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, extiyojmand oilalarga manzilli yerdam ko‘rsatish kabi eng dolzarb masalalarning yechimi birinchi navbatda mahallalarda topilishi kerak.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bugun ko‘plab masalalar ortiqcha qog‘ozbozliksiz, yugur-yugurlarsiz mahallaning o‘zida hal bo‘lmoqda. Bir necha yillardan buyon yechimi topilmay kelayotgan muammolarga xonadonbay ishni tashkil etgan holda yordam berilmoqda. Bu sa’y-harakatlar orqali odamlarga orzu-havaslar qaytmoqda, faxr-iftixor qaytmoqda, shodlik qaytmoqda.

Bugun yurtimizdagi barcha sohalar faoliyatida va kechayotgan o‘zgarishlar mohiyatida mahallabay so‘zining ahamiyati kundan kun ortib bormoqda. Respublikamizdagi barcha tashkilot va idoralarning mazkur amaliyot natijasida joylarda tashkil etayotgan ish faoliyati aynan mahallalardagi o‘zgarishlar va bu orqali mavjud muammolarning hal etilishiga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Bir so‘z bilan aytganda, mahallabay ish uslubi bugun aholi murojaatlarini o‘z vaqtida bartaraf etish, yoshlar, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, jamiyatimizdagi barcha sohalar uchun eng samarali yo‘l ekanligini ko‘rsatdi. Asosiysi, bu tizim aholi farovonligini yuksaltirish, odamlarning hayotdan rozi qilishga xizmat qilayotir.

 

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat

tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari

qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish