Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori sohadagi ishlarni yanada jonlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan o‘tkazilgan "Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiyaga o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish" mavzusidagi davra suhbati ayni masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi. Tadbirda partiya vakillari bilan birga Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari ham ishtirok etdi.
Davra suhbatida muqobil energiya manbalaridan foydalanishning zarurati va foydalarini aholiga keng tushuntirish, aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi. Mahalliy Kengash deputatlari tomonidan bu boradagi ishlarning Jizzax viloyatidagi holatini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.
— Hozirgi kunga qadar viloyatda rejadagi 1 ming 111 ta aholi xonadoniga o‘rnatilishi lozim bo‘lgan quyosh panellari amalda 1203 xonadonga ehtiyojlarni hisobga olgan holda o‘rnatildi. Reja 108 foizga bajarilgan bo‘lsa, elektr quvvati bo‘yicha reja amalda 49,6 foizga bajarilgan, — dedi xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati, O‘zXDP viloyat Kengashi raisi Nuriddin Xolmatov. — Ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralariga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan quyosh panellari ob’ektlar soni bo‘yicha reja 498 tadan 332 taga, ya’ni 66 foizga bajarilgan.
Prezident qarori ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatida ikki yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Tadbirkorlik sub’ektlarining bino va inshootlarida reja bo‘yicha o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 750 ta quyosh panellari o‘rniga 579 ta o‘rnatilib, elektr quvvati 15 MVt o‘rniga 6,25 MVt ta’minlangan. Viloyatda mahalliy tadbirkorlar tomonidan barpo etilishi lozim bo‘lgan 13 ta kichik hajmdagi foto elektr stansiyalaridan birontasi amalda tashkil etilmagan.
Davra suhbatida viloyatda aniqlangan kamchilik va muammolarning kelib chiqish sabablari hamda yechimlari mutaxassislar ishtirokida qizg‘in muhokama qilinib, qator taklif-mulohazalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA