75 ga 75

 

Ortda qolayotgan 2023 yil davlatchiligimizni demokratik rivojlantirish bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlangani bilan tarixda qolsa kerak.

Kecha, 10 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida saylov qonunchiligimizda katta o‘zgarishlarga yo‘l ochadigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokama qilindi.

Barcha rivojlangan davlatlar qatori yurtimiz saylov tizimi ham evolutsion rivojlanish bosqichini bosib o‘tmoqda. Ayni shu bosqich ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan eng muhimi, deb e’tirof etilmoqda. Shunday qilib, kecha majlisda Qonunchilik palatasiga deputatlarni aralash saylov tizimi orqali saylash to‘g‘risida loyiha kiritildi.

Mazkur qonun bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi edi. Birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilganiga qaramasdan, qonun loyihasida muhim me’yorlar chuqur muhokamadan o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida o‘tkazish, ya’ni quyi palataning 75 nafar deputati avvalgidek majoritar, qolgan 75 nafari esa proporsional saylov tizimi asosida saylanishi belgilanmoqda.

Saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga ham kiritilmoqda. Bunda partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda. Ya’ni, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli 75 ta saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa siyosiy partiya ro‘yxati bo‘yicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Proporsional saylov tizimiga ko‘ra, 75 nafar deputatlik o‘rni uchun har bir siyosiy partiya kamida 75 nafar, ko‘pi bilan 100 nafar nomzodlar ro‘yxatini shakllantiradi va Markaziy saylov komissiyasiga taqdim qiladi.

Saylovning shaffofligini ta’minlash va saylovchilarga ortiqcha qiyinchiliklar tug‘dirmaslik uchun har bir saylov uchastkasida siyosiy partiyalardan ko‘rsatilayotgan nomzodlarning to‘liq ro‘yxati bo‘ladi. Saylov uchastkasiga borgan saylovchi nomzodlar ro‘yxati bilan tanishib, o‘zi ovoz berishni istagan partiyaning nomzodlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Umumiy saylovchilarning kamida 7 foiz ovozini to‘play olgan siyosiy partiya proporsional saylov tizimi uchun ajratilgan 75 nafar deputatlik o‘rnidan ma’lum qismini olishi mumkin bo‘ladi.

Masalan, yurtimizda faoliyat yuritayotgan 5 ta siyosiy partiyaning 3 tasi umumiy saylovchilarning 7 foizidan ko‘prog‘ining ovozini to‘pladi. Shunday holatda har bir partiya 75 nafar deputatlik o‘rnidan o‘zi to‘plagan ovozlarga proporsional deputatlik o‘rniga ega bo‘ladi.

Yangi saylov tizimiga ko‘ra, navbatdagi saylovdan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalardan o‘zlarining fraksiyasini tuzishi uchun hozirgidek 9 nafar deputatlik o‘rni emas, balki 5 nafar deputatlik o‘rni talab qilinadi. Ya’ni, 5 nafar deputat bilan ham fraksiya tashkil etish mumkin bo‘ladi.

Qonun loyihasining yana bir e’tiborga molik jihati, proporsional tizim uchun ham gender tengligini ta’minlash maqsadida xuddi majoritar tizimdagidek, nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: agar partiya proporsional tizim bo‘yicha 10 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘lsa-yu, partiya taqdim qilgan ro‘yxatning boshidan faqat erkaklar joy olgan bo‘lsa-chi? Bunday holat bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan qonun ijodkorlari ro‘yxatni shakllantirish tartibini qat’iy belgilab qo‘yishgan. Unga ko‘ra, har uch nomzoddan bittasi albatta ayol bo‘lishi kerakligi aniq belgilab qo‘yilgan. Masalan, qaysidir partiya 6 nafar deputatlik o‘rniga ega bo‘lsa, albatta, ulardan ikki nafari ayol kishi bo‘ladi. Agar 10 nafar bo‘lsa, kamida 3 nafari ayol kishi bo‘ladi.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik o‘rinlarini taqsimlash tartibi, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari sonini kamida o‘n besh nafardan to‘qqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi qonun loyihasida aks etmoqda.

Qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Ya’ni, hozir amaldagi mutlaq ko‘pchilik (50 foizdan yuqori) emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda. Bu ortiqcha ovoragarchilik va mutloq ko‘p ovoz yig‘ilmagan taqdirda qayta saylov o‘tkazish zaruratini bekor qiladi.

Loyiha muhokamasi dolzarbligi va ahamiyatidan kelib chiqib uzoq davom etdi. Deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollarni o‘rtaga tashlashdi. Shunday savollardan biri, ikki xil yo‘l bilan saylangan deputatlarning maqomi va ularning deputatlikdan mahrum qilinishi masalasi bo‘ldi. Darhaqiqat, deputat o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmasa, uni mavqeidan mahrum qilishning ham tartib-taomili bo‘lishi zarurat aslida.

Muhokamalar uzoq va qizg‘in davom etdi. Deputatlar tomonidan aytilgan har bir fikr o‘rinli, mazmunli bo‘ldi. Bir-birining fikrini ma’qullamaslik holatlari ham uchrab turdi. Bu – tabiiy jarayon. Tamoman boshqa-boshqa shaxslarning fikri bir joydan chiqmasligi mumkin holat. Aslida jamiyatlarni harakatlantiruvchi asosiy kuch ham g‘oya va fikrlarning xilma-xilligidir. Kimdir parlament fikrlar xilma-xilligi va g‘oyalar kurashi bo‘ladigan dargoh desa, yana kimdir parlament mamlakat hayotiga doir masalalarga birgalikda yechim topiladigan joy, deydi.

Shu tariqa loyiha bo‘yicha fikr-mulohazalar tinglangandan keyin Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalari o‘z pozitsiyalarini bildirishdi. Xususan:

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Konstitutsiyaviy qonun loyihasi proporsional va mojaritar saylov tizimlarining kuchli jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgan.

Birinchidan, aralash saylov tizimida siyosiy partiyalar yetakchi o‘ringa chiqadi. Fikrlar, hayotiy g‘oya va dasturlar o‘rtasida raqobat kuchayadi. Ayni paytda jamiyatda ijtimoiy-siyosiy faollik, fuqarolik ma’rifati izchil rivojlanadi.

Ikkinchidan, proporsional mexanizm bo‘yicha butun O‘zbekiston yagona saylov okrugi deb belgilanishi taklif etilayotgani mamlakatimizda siyosiy birdamlikka asoslangan yangicha demokratik muhitni yuzaga keltiradi.

Uchinchidan, qonun loyihasida saylov va referendum jarayonlarini dunyodagi ilg‘or tajribalar darajasida tashkil etish bo‘yicha muhim yangi me’yorlar belgilanmoqda.

Shu jihatdan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi fuqarolarning, xalqimizning davlat va boshqaruvida ishtirok etishdek ustuvor huquqidan foydalanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Ushbu muhim qonun loyihasining dolzarb ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining quyi tuzilmalari, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlaridan ham fikr va takliflar olish rejalashtirilgan. Loyiha barcha jihatdan chuqur tahlil qilinishi lozim, deb hisoblaymiz.

O‘zXDP fraksiyasi rahbari davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiyalashda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishga xizmat qiladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, boshqa deputatlarni ham shunga chaqirdi.

Jonli va qizg‘in o‘tgan majlisda deputatlar loyihaning ayrim kamchiliklari, aniqlik kiritilishi kerak bo‘lgan jihatlarini ko‘rsatib o‘tgan holda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlashdi. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun normativ huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga va parlament quyi palatasi rasmiy saytiga joylashtiriladigan bo‘ldi.

Majlisda kun tartibidagi boshqa masalalar ham atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Ahmad Qurbonov,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

«O‘zbekiston ovozi», 11.10.2022, №40

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish