Ijtimoiy himoya: amalga oshirilayotgan islohotlarda inson manfaatlari ustuvor

 

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlatimiz tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan davrda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha jiddiy qadamlar tashlandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilgan. Xususan, unda ijtimoiy sohadagi davlatning majburiyatlari bilan bog‘liq normalar qariyb 3 barobarga ko‘paydi. Aholining bepul va zarur tibbiy xizmatlarning kafolatlangan hajmidan foydalanishi huquqlari kiritildi.

Bosh qomusimizda mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishining belgilangani ushbu sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.

Shu sababli, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzildi. Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Asosiy qonunimizda pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Bu hozirning o‘zida 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi, degani. Bu – jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri kelgan holda, ularga har yili 11 trillion so‘m ajratiladi.

Sir emaski, ayni chog‘da ko‘plab oilalar moddiy imkoniyati cheklangani tufayli aka-ukasi, ota-onasi bilan bir xonadonda yashaydi. Shu bois, har yili budjetdan o‘rtacha 10,5 trillion so‘m ajratilib, hududlarda qariyb 50 ming oila uchun yangi xonadonlar qurilmoqda. Bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish rejalashtirilgan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish maqsad qilingan.

Bugungi kunda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar yuqori natija berayotganini ko‘rib, sezib turibmiz. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2016 yildan 2022 yilgacha ijtimoiy nafaqalarga ajratilayotgan mablag‘ 10 baravarga oshirilib, 11 trln. so‘mga yetkazildi. Bu orqali ijtimoiy nafaqa olayotgan oilalar soni 2,1 milliondan oshdi. Bu respublikadagi barcha oilalarning 23,3 foizini tashkil etadi.

Qayd etish joiz, ijtimoiy himoya — keng ma’noda mamlakat aholisini ijtimoiy va moddiy muhofaza qilinishini ta’minlaydigan hamda jamiyatda qaror topgan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy chora-tadbirlar majmuidir. Bu jarayonda kam ta’minlangan oilalarga 2021 yildan boshlab Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali ijtimoiy nafaqalarni avtomatik tarzda tayinlash tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgani esa tizim faoliyati shaffofligini ta’minlash imkoniyatini berdi.

Shu bilan birga, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini inflyatsiya darajasiga qarab indeksatsiyalab borish maqsadida shu yil 1 apreldan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga oshirildi. Eng muhimi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida nogironlik pensiya va nafaqalarning eng kami miqdori 747,0 ming so‘mga yetkazildi.

Inson huquqlari demokratik-huquqiy davlatning eng muhim belgisidir. Oxirgi yetti yilda yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning manzilli ijtimoiy muxofazasini kuchaytirish, uy-joy-maishiy va boshqa yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi va bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, aholini ijtimoiy himoya qilish masalasi hamma vaqt dolzarb bo‘lib kelgan. Yurtimizda kam ta’minlangan oilalar, ayollar, yoshlar, keksalar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga har tomonlama yordam ko‘rsatilayotgani mamlakatimizda har inson davlatning e’tiborida, himoyasida ekanligidan dalolat beradi.

 

O‘rol O‘RAZBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish