O‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida Vetnam kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Tashqi aloqalar bo‘yicha komissiyasi raisi ijrochi o‘rinbosari Nguyen Txi Xoang Van boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari U. Vafayev kirish so‘zi bilan ochib, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari, partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida tanishtirib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlarini, avvalo, Vatanimizning gullab-yashnashi, mamlakatda ijtimoiy barqarorlik, fuqarolar va millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik, har bir oila hamda butun xalqning farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslanib belgilab olganiga urg‘u berildi. Partiya dasturida ko‘zda tutilgan ijtimoiy himoya va tenglikka doir tashabbuslar endilikda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham aks etgani ta’kidlab o‘tildi.

Muloqot chog‘ida Vetnam Sotsialistik Respublikasi delegatsiyasi rahbari tashrifdan asosiy maqsad mamlakatlararo munosabatlarni rivojlantirish, jumladan, ikki davlat siyosiy partiyalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash ekanini bildirib, dasturiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini berdi.

O‘zaro samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda shuningdek, davlatlararo munosabatlarning dolzarb mavzularida partiyalararo konferensiyalar formatida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish kabi o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish