O‘zXDP yangi tashabbuslarni ilgari surishga tayyorlanmoqda

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi hamda partiya fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari, Markaziy Kengash, mintaqaviy kengashlar rahbar va mas’ul xodimlari, tuman (shahar) kengashlari raislari ishtirok etgan yig‘ilishda partiya fraksiyasining o‘tgan davrdagi faoliyati tahlil qilinib, ijtimoiy sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, saylovchilar bilan muloqotni kuchaytirish, fuqarolarni o‘ylantirib kelayotgan tizimli muammolarni yechish, ijro organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini olib borishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi U.Inoyatov ochib, partiya fraksiyasi erishgan natijalar va oldinda turgan yangi vazifalar haqida gapirdi. Xususan, partiya tashabbusi bilan qator qonun loyihalarida elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan takliflar aks etishiga erishildi. Natijada pensiya oluvchi fuqarolarning moddiy farovonligi yanada oshdi. Yerga oid munosabatlarda ijtimoiy adolat tamoyili kuchaytirildi, pedagoglar ijtimoiy himoyasi kafolatini mustahkamlash, litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash borasida me’yorlar hayotga joriy etilmoqda.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihalarini «markaz – viloyat – tuman» tizimi asosida partiya quyi bo‘g‘inlarida hamda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida muhokama qilish, ularning takliflarini olish borasidagi ishlar davom ettirilib, 30 dan ortiq qonun loyihasining joylardagi muhokamasi tashkil etildi. Partiya faollari va keng jamoatchilikdan 200 ga yaqin takliflar shakllantirilib, qonunlarni takomillashtirish jarayonida foydalanildi. Joylardan olingan takliflar qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashiga, shu bilan birga, hududlardagi muammolar yechimini qonunan hal etishga xizmat qilayotganligi e’tirof etildi.

Partiya dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq masalalarni joyiga chiqib, mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birga o‘rganish amaliyoti kengaytirilmoqda. Xususan, Toshkent shahridagi 15 ta oliy ta’lim muassasasidagi talabalar turar joylarining moddiy-texnik holati o‘rganilib, fraksiyaning kengaytirilgan majlisida mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ullari bilan muhokama yakunlari bo‘yicha aniq natijalarga erishildi.

Joylarda birlamchi tibbiy xizmatlar sifati yaxshilanishiga erishish, bandlik dasturlarining bajarilishi, yaratilayotgan ish o‘rinlarining barqarorligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish fraksiya a’zolarining doimiy e’tiboridagi masalalar bo‘lib turibdi.

Yig‘ilishda erishilgan qator yutuqlar e’tirof etilgan holda, partiya oldida qonun ijodkorligi jarayonida tahliliy faoliyatni yanada kuchaytirish, keng qamrovli fraksiya pozitsiyasini ishlab chiqish va qat’iy himoya qilish borasida muhim vazifalar turganiga e’tibor qaratildi.

Partiya Markaziy Kengashi tomonidan fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor dolzarb masalalar yuzasidan hududlar kesimida 10 muhim yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini tashkil etish mexanizmlari ishlab chiqildi.

Xususan, hududlarda 2023 yilda yangi ish joylari yaratish va aholi bandligini ta’minlash holatini, sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha turdagi tibbiy xizmatlar sifatini, markaziy ko‘chalarning chorrahalarida ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun qulayliklar yaratilishi holati, ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, ko‘p qavatli uylarning qiyofasini yangilash, piyodalar yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini o‘rganish kabi yangi vazifalar qo‘yildi.

Elektorat manfaatlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni tahliliy o‘rganish, muammoli holatlarga yechim topish bo‘yicha partiya pozitsiyasini bildirish, keng jamoatchilik muhokamasi asosida yangi tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha press-klublar tashkil etish borasida vazifalar belgilandi.

Xususan, ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida subsidiya ajratilishi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan aholi va yosh oilalarga yaratilayotgan imkoniyatlar, minimal iste’mol xarajatlari bilan bog‘liq kamchiliklar tahlili kabi elektorat manfaatlariga doir masalalar belgilangani qayd etildi.

Shuningdek, mansabdor shaxslarning hisobotlari eshituvini tashkil qilish, doimiy komissiya va sessiya muhokamasiga kiritishda partiya guruhlariga zarur uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatib borish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari vakillari bilan hamkorlikda bevosita joylarga chiqqan holda, ijtimoiy masalalarni o‘rganishni tizimli davom ettirish kerakligi, “Deputat – mahallada”, “O‘zXDP sizga ko‘makchi!” singari loyihalarni samarali amalga oshirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, elektorat manfaatlariga daxldor dolzarb masalalarning qonuniy yechimiga oid konstruktiv takliflarni ishlab chiqish, muhim ahamiyatga ega masalalar yuzasidan keng qamrovli fraksiya pozitsiyasini ishlab chiqish va ularni jamoatchilikka ma’lum qilishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlandi.

2023-2024 yillarda partiya elektoratini o‘ylantirayotgan masalalar yechimi yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan qonunchilik tashabbuslari haqida so‘z yuritildi.

Jumladan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi partiya Saylovoldi dasturida belgilangan g‘oyalar asosida er yoki xotin vafot etganda hamda vafot etgan shaxs ko‘proq pensiya olgan taqdirda ushbu pensiyani uni hayot bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga o‘tkazib berish, ya’ni pensiyani almashtirish tartibini joriy etish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uy-joylar qurilishida aholi mablag‘larini kafolatli himoya qilish, dorixonalar faoliyatini tartibga keltirish hamda elektorat manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqa yo‘nalishlardagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan taklif-tavsiyalar ishlab chiqilayotgani xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Yig‘ilishda ilgari surilgan takliflarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, elektorat manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish