Saylov komissiyalari tizimi maqbullashtiriladi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini 2-o‘qishda muhokama qilishdi.

Keyingi yillarda parlament hamda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Konstitutsiyaviy Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazishni, shuningdek saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirishni, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirishni hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari Qonun siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga, partiyalar mavqei hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qilishini inobatga olgan holda moddama-modda muhokama qildilar. Loyihani yanada takomiliga yetkazish yuzasidan firk-mulohazalar bildirilgach, 2-o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo‘lib, Bolalar ombudsmanini saylash tartibi, uning asosiy vazifalari belgilanmoqda. Eng asosiysi 20-modda bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olishga doir faoliyati oydinlashtirilmoqda. Bolalar ombudsmanining vakolatlari kengaytirilishi bilan birga vazifalari oshirilmoqda. Masalan, Bola huquqlari bo‘yicha vakil ta’lim, tarbiya, tibbiyot muassasalari, qamoqda saqlash joylariga, jazoni ijro etish muassasalariga va ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga muntazam kirib turish orqali bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilanmoqda. Voyaga yetmagan shaxs o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan joylar ma’muriyatining g‘ayriqonuniy harakatlariga yoki harakatsizligiga chek qo‘yish uchun choralar ko‘rishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlar Qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, uning muhimligini, Bolaning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini milliy qonunchilikka, xususan 2008 yilda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga implementatsiya qilishga ko‘maklashishini ta’kidlab o‘tdilar.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi, Bolalar ombudsmani bolaning huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafili bo‘lishiga xizmat qiladi. Shuningdek, bolaning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy huquqlari ta’minlanishida yordam beradi.

Fikr mulohazalardan so‘ng Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish