O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari barcha sohalarni qamrab olgan va keyingi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, ikki davlat do‘stlik va sheriklikning yangi bosqichlariga qadam qo‘ymoqda.
Har ikkala davlat ko‘hna Sharq sivilizatsiyalarining ko‘p asrlik do‘stona va madaniy tarixiga ega bo‘lgani esa o‘zaro gumanitar almashuvlarni faol rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilyapti. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus oldi. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari barcha darajadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab, yangi ufqlar ochmoqda.
Zero, Xitoy bilan O‘zbekiston manfaatlari va taqdiri mushtarak, quvonch va tashvishni birgalikda baham ko‘radigan teng huquqli hamda o‘zaro manfaatdor sheriklardir. Ikki mamlakat ham qadimiy tarixga ega bo‘lib, ularni madaniyatlar mushtarakligi o‘zaro birlashtirib turadi va yanada yaqinlashtiradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 17-18 oktabr kunlari ushbu mamlakatga tashrifi o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yana bir yangi bosqichini boshlab berdi, desak mubolag‘a emas. Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari Xitoy Raisi Si Szinpin va Vetnam Prezidenti Vo Van Txiong bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi, ushbu mamlakatning yetakchi «Ameri International», «CAMCE», «China Energy», «State Grid» korporatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, forum davomida Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan ijobiy tarkibiy o‘zgarishlar va qulay sharoitlar haqida kengroq ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Pekin shahrida «Bir makon — bir yo‘l» xalqaro forumining ochilish marosimida hamda «Inson va tabiat uyg‘unligi yo‘lida «Yashil ipak yo‘lini» birgalikda barpo etish» mavzusidagi yalpi yig‘ilishda ishtirok etdi.
Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib «Makon va yo‘l» tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qat’iy tarafdoridir. Davlatimiz rahbari «Yashil ipak yo‘li» tashabbusi mohiyat e’tibori bilan umumiy «yashil» kelajak kun tartibini shakllantirishini ta’kidladi.
Mintaqamizdagi anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan murakkab ekologik vaziyatga to‘xtalib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanini qayd etdi.
Markaziy Osiyoda «yashil» taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yo‘lida fikr almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun O‘zbekiston rahbari 2024 yilda Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
«Umid qilamizki, ushbu forum barqaror rivojlanish yo‘lidagi global xavf-xatarlarga javob topish uchun «Kelajak uchun — Samarqand muloqoti»ni tashkil etishda amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi», – dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz «Yashil ipak yo‘li» doirasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston yetakchisi Xitoy hamda «Makon va yo‘l» tashabbusining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Markaziy Osiyoning «yashil» kun tartibi» va «Yashil ipak yo‘li» konseptual tashabbuslarini o‘zaro bog‘lash doirasida iqtisodiyot tarmoqlarini «yashil» taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, «yashil» sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambag‘allikni qisqartirish va «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirish choralari va loyihalarini o‘z ichiga olgan «Yashil» taraqqiyot dasturini ishlab chiqish taklif etildi.
Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, «yashil texnologiyalar»ni keng joriy qilish asosida sanoat sohasida va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dasturlarni amalga oshirish uchun Orolbo‘yi mintaqasida maxsus namunali texnologik parkni tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari kam uglerodli iqtisodiyot va «toza» texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekistonda «Yashil moliyalashtirish» jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi «yashil» mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosidagi cheklov va to‘siqlarni kamaytirishga chaqirdi.
«Yashil» energetikaga o‘tish bo‘yicha muloqotni faollashtirish va «Makon va yo‘l» tashabbusiga qo‘shilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida «yashil» bilim va yechimlarni transfer qilish bo‘yicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirish tashabbusini ilgari surdi.
«Yashil» taraqqiyot va ekologiya sohasi uchun malakali kadrlar tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida yetakchi xorijiy oliygohlar va ta’lim markazlari bilan hamkorlikda «Yashil» taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqish taklifini bildirdi.
«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida taniqli jamoat arboblari, fan, biznes va madaniyat namoyandalari ishtirokida etno-ekologik festivallar, forumlar, taqdimotlar va boshqa tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi «yashil» madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha Global dasturni ishga tushirishni taklif qildi.
Umuman olganda, Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajada rivojlanayotganidan hamda strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishdan iborat. Erishilgan natijalar esa O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarida yangi sahifa ochadi.
Sherzod Raxmonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.