Hech narsa inson hayotidan qimmat emas

 

Inson o‘limi bilan bog‘liq holatlarda qonunchiligimizda 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan bo‘lsa-da, bu norma ishlamaydi. Doim ushbu modda bo‘yicha sud qarorlari yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilgan. Bu esa avtohalokatlar yana va yana sodir bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Haydovchi jazo yana yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilishiga ishonadi. Shu boisdan, piyodalarning yo‘ldan o‘tish qismida yo‘l bermaganlik uchun jarimalar miqdorini maksimal darajada ko‘paytirish, inson o‘limi bilan bog‘liq avtohalokatlarni sodir etganlik uchun jazoni muqarrar (7 yillik hukm) amalga oshishini ta’minlash lozim.

Afsuski, bugun qonunlarni mensimay, odamlar hayotiga xavf solgan holda yo‘l qoidalarini buzib harakatlanish va uni videoga olib tarqatish holatlari ko‘paydi. Ular qoidalarni buzish bilan faxrlanadi. Yana shunday toifadagi erkatoylar borki, surbetlarcha “jarimangni yoz, to‘lab qo‘yaman”, deb maqtanib ham qo‘yadi. Bundaylarni na jarima, na kamera va na svetofor, hatto biron kishini urib yuborish ehtimoli ham to‘xtata olmayapti.

Oqibatda barchamiz yo‘llarda avtomobillarga «ortiqcha xavf manbai» sifatida qarashga majbur bo‘layapmiz. Bolamizni maktabga yoki ko‘chaga chiqarishda, albatta, «yo‘ldan ehtiyot bo‘lib o‘t», «avtomashinalardan ehtiyot bo‘l», deb tayinlaymiz. Bu birinchi navbatdagi vazifamizga aylanib ulgurdi. Bu yo‘llarning xavfsiz emasligi, yo‘llardagi ko‘ngilsizliklar kun sayin ortib borayotganini odatiy holat sifatida qabul qilishni boshlaganimizdan dalolat beradi.

Har birimiz piyoda, yo‘lovchi yoki haydovchi sifatida yo‘l harakati ishtirokchilarimiz. Har kim yo‘lda xavfsiz harakatlanishni xohlaydi va shuning uchun yo‘l harakati qoidalari joriy etilgan. Qoidabuzarga jazo tayinlanib, shu yo‘l bilan tartib saqlanishi belgilangan. Qoidani buzdimi, albatta, jazo muqarrar bo‘lishi kerak.

Doimo qo‘limizni duoga ochganimizda, yurtimiz tinch bo‘lsin, deb duo qilamiz. Tinchlik nima o‘zi, hech nimadan qo‘rqmay, bemalol, emin-erkin yurish, bolalaring ko‘chada o‘ynab yuradi, maktab-bog‘chaga borib-keladi, deganimi? Tinch zamon aslida qanday bo‘lishi kerak?

Yo‘llarda sodir bo‘layotgan avtohalokatlar, natijada yosh bolalar o‘limining ko‘paygani barchamizni tashvishga soladi. Misol uchun, Namanganning Kosonsoyida mashina tagida yosh bolaning majaqlangani yoki Toshkentning Abdulla Qodiriy ko‘chasida 12 yoshli qizning mashina tagida qolib vafot etgani, bularni eshitishning o‘zi odamni larzaga soladi.

Maktablar oldida tezlikni oshirish taqiqlanganini hammamiz bilamiz. Bolalar o‘tadi, ammo deyarli hech kim me’yorga amal qilmaydi. Maktabga yaqinlashgan sari gaz bosiladi. Ko‘z oldingizga keltiring, axir shu maktabda sizning farzandingiz ham o‘qiydi-ku. Nega qonun va qoidaga amal qilmaysiz. Maktab borligini bilamiz, tezlikni cheklash ogohlantiruvchi belgini ko‘ramizu ko‘rmaganlikka olamiz.

Hatto piyodalar o‘tish yo‘lagida tezlikni pasaytirib, keyin to‘xtaydigan haydovchilar yo‘q hisobi. Bolalarni-ku qo‘ying, katta odamlar yo‘ldan hayiqib, qo‘rqib, yuragini hovuchlab o‘tadi.

Nega shunaqa?

Chunki, piyodalar o‘tish yo‘lagini mensimaymiz, go‘yoki u bizga to‘xtash uchun to‘siq bo‘lolmaydi, ikkinchidan, jazo yengil, haydovchi zar yo zo‘r bilan bemalol qutulib ketishiga ko‘zi yetadi yoxud ichki yo‘llarda kuzatuv kameralari yo yo‘l-patrul xizmati xodimlari yo‘qligini juda yaxshi biladi.

Minbarlarda turib, piyodalar transport vositalaridan ustun, deb jar solamiz. Lekin, bugungi holatimiz buning aksini ko‘rsatmayaptimi?

Hozir biz avtomobillar uchun sharoitlar yaxshilanganini ko‘rayapmiz xolos, piyodalar uchun esa noqulayliklar yaratishda davom etayapmiz.

Bu avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash tizimi yaxshi emasligini anglatadi. Tizimni tubdan isloh qilish zarur.

E’tibor bering, 2023 yilning yanvar-avgust oylarida 9 milliondan ortiq yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan. Jumladan, 8 millionga yaqin qo‘pol qoidabuzarliklar, 26 mingga yaqin mast holatda avtomobil boshqarish va 161 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.

Oqibatda esa shu davrda 5 772 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, ularda 1 415 kishi halok bo‘lgan, yana 5 448 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Tahlillarga ko‘ra, avariyalarning 55 foizi haydovchilar aybi bilan sodir bo‘ladi. Bunda haydovchilarning qoidalarni mensimasligi holati 45 foizni, tajribasizligi esa 10 foizni tashkil qiladi.

Ko‘rib turibsizki, birovning qo‘pol xatosi yoki qoidani mensimay harakatlanishi ortidan kimdir og‘ir jarohatlanadi, kimdir bir umrga nogiron bo‘lib qoladi yoxud bir oila o‘zining yagona boquvchisidan, farzandlar otasidan judo bo‘ladi... Yo‘llarimizda mashinada tugul yo‘l yoqalarida piyoda harakatlanish ham tobora xavfli bo‘lib bormoqda.

Ko‘p hollarda piyodalarning yo‘llarni kesib o‘tishda qiynalayotgani, haydovchilar esa ularga yo‘l bermasligini ko‘ramiz.

Svetofor qo‘yilmagan piyodalar o‘tish yo‘lagida tez kelayotgan transport vositasi piyodani kechroq ko‘radi. Yoki boshqa transport vositalari to‘xtab turish sababini tushunmasdan, o‘tib ketishga harakat qiladi. Bu esa piyodalar o‘tish yo‘llaridagi halokatlar soni ortishiga olib kelmoqda. Bunday holatlar yildan yilga ortib bormoqda.

Statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2021 yil davomida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasdan harakatlanganligi uchun qo‘llanilgan ma’muriy qoidabuzarliklar soni 101 796 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 142 967 tani, 2023 yilning 8 oyida esa 90 211 tani tashkil qilgan.

Bunday ma’lumotlardan odam dahshatga tushadi. Oqibatlar bilan emas, sabablar bilan kurashishimiz kerak. Har bir holatni o‘rganib, aniq tahlillar qilish kerak.

Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab 11 mingga yaqin piyodalar o‘tish joyi mavjud. Biroq ularning atigi 1834 tasida piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida svetofor yoki boshqa yo‘l belgilari o‘rnatilgan. 2021 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda nazoratsiz piyodalar o‘tish joylarida 2784 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan bo‘lib, ulardan 1007 tasi qorong‘uda sodir bo‘lgan.

Shu sababli respublikamiz bo‘ylab piyodalar boshqaradigan svetoforlarni joriy etish muhim va bu «yo‘l – piyoda uchun» tamoyilini joriy etishga xizmat qiladi.

Eng yomon jihati shundaki, biz yuz berishi mumkin bo‘lgan hodisalarni oldini olishga harakat qilmayapmiz. Faqatgina voqea sodir bo‘lib, shov-shuv ko‘tarilsagina uning sabablarini o‘rganib, yechim topishga o‘rganib qoldik.

E’tibor bering, buning natijasida Toshkentda piyodalar o‘tish joylarida svetoforlar odatda o‘lim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalardan keyin paydo bo‘lishi an’anaga aylandi.

Misol uchun, yuqorida aytganimiz Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi avtohalokat va uning natijasida yosh bolaning vafot etishi ortidan ushbu piyodalar o‘tish yo‘lagi svetofor bilan jihozlandi.

Yana bir misol, poytaxtimizdagi Maxtumquli ko‘chasida piyodalar o‘tish yo‘lagida bir ayol mashina urib ketishi oqibatida vafot etgach, o‘sha joyga ham ko‘p o‘tmay piyodalar boshqaradigan svetofor o‘rnatildi.

Inson tabiati shunday, qachonki qizil belgini qo‘yasiz, keyin to‘xtaydi. Shu boisdan maktab yonlariga, piyodalar o‘tish yo‘laklariga, har birida, albatta qo‘lda boshqariladigan svetoforlarning o‘rnatilishi kerak, deb hisoblaymiz.

Haydovchi va piyoda o‘rtasidagi munosabatni shakllantirish va harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan takliflarimizni bildirib o‘tamiz.

Birinchi taklif shundan iboratki, yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidalarga amal qilish madaniyatini oshirish kerak. Insonni qadrlashni o‘rganmasdan turib, bunga erishib bo‘lmaydi. Buni hukumat yo davlat darajasida emas, haydovchi va piyoda o‘rtasida shakllantirish lozim. Shundagina o‘zaro hurmat va qonunlarga itoat ruhiyati shakllanadi.

Ikkinchidan, inson o‘limi bilan bog‘liq holatlarda qonunchiligimizda 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan bo‘lsa-da, bu norma ishlamaydi. Doim ushbu modda bo‘yicha sud qarorlari yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilgan. Bu esa avtohalokatlar yana va yana sodir bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Haydovchi jazo yana yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilishiga ishonadi. Shu boisdan, piyodalarning yo‘ldan o‘tish qismida yo‘l bermaganlik uchun jarimalar miqdorini maksimal darajada ko‘paytirish, inson o‘limi bilan bog‘liq avtohalokatlarni sodir etganlik uchun jazoni muqarrar (7 yillik hukm) amalga oshishini ta’minlash lozim.

Uchinchidan, avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash tizimini tubdan isloh qilish zarur. Piyodalar o‘tish yo‘laklarini to‘liq avtomatlashtirish hamda qo‘lda boshqariladigan svetoforlarni o‘rnatish kerak. Har qanday mablag‘ inson hayotidan qimmatli emas.

To‘rtinchidan, har haftada, eng ko‘p qoidabuzarlikni amalga oshirgan haydovchilar ro‘yxatini viloyatlar kesimida e’lon qilib borish tizimini joriy qilish lozim. Kim qanday qoida buzganini boshqalar ko‘radigan tizim kerakka o‘xshaydi.

Qadimda qoidabuzarlar xalq oldiga olib chiqib ko‘rsatilgan. Jamiyat hozir qoidabuzarlar haqida bilmasligi ham katta muammo. Ushbu tizim ko‘plab chet davlatlarda amal qiladi. Bu o‘z navbatida qoidabuzarliklar soni kamayishiga olib keladi.

Siz muhim hisoblamagan yo‘l madaniyati hayotingizning achchiq xotimasi bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, har birimiz o‘z majburiyatimizni to‘la his etgan holda, yo‘llarda madaniyatli yo‘lovchi va haydovchi sifatida harakatlanaylik!

 

Abror QURBONOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 25.10.2022, №42

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish