Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida zamonaviy, barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan Oila va ayollar markazi barpo etilib, ishga tushirilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, xotin-qizlar bilan gavjum. Toshkent shahar Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi ham shu binoda joylashgan bo‘lib, bugungi kunda “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda, ularga o‘z kasbining ustalari tomonidan tadbirkorlik, hunarmandchilik, zargarlik sir-asrorlari o‘rgatilmoqda.
Ushbu dargohda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan Toshkent shahar Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, Shayxontohur tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi bilan hamkorlikda “Ayollar bandligi — oila farovonligi” loyihasi doirasida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlari, Shayxontohur tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, AT Xalq banki Toshkent shahar filiali mutaxassislari, Respublika hamda Toshkent shahar Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi xodimlari, Toshkent shahridagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Dastlab markazda xotin-qizlarning kasb-hunar o‘rganishlari uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi, amaliyot jarayoni kuzatildi. So‘ngra ayollar bilan davra suhbati ochiq muloqot shaklida davom ettirildi. Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘qishi, bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, mehnat qilishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi.
Bankdan kredit va subsidiyalar olish tartib-tamoyillari haqida bankning mas’ul xodimlari tushuntirish berib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishdi.
Sudsidiya olishda qiynalayotgan R.Jo‘raboyeva hamda D. Temirovalarga subsidiya olishlarida yordam beriladigan bo‘ldi. Tadbir savol-javob, fikr-mulohazalarga boy tarzda o‘tdi.
Yakunda Toshkent shahar Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari, partiyaning doimiy hamkori va faoli F. Yo‘ldosheva O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashining “Faxriy yorlig‘i” hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, o‘quv kurslarini tamomlagan 15 nafar xotin-qizlarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
“Ayollar daftari” da ro‘yxatda turgan xotin-qizlarning huquqiy bilimlari, qonunlardan xabardorligini oshirish, ularni kasb-hunarga o‘qitishga jalb qilish, bandligini ta’minlashda ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlarni ko‘paytirish va tizimli ravishda amalga oshirish masalalari kelishib olindi.