Saylovoldi dasturi ijrosi tahlili: G‘oyalar amalga oshmoqda

 

Butun dunyoda demokratiya inson uchun, davlat uchun, jamiyat uchun ideal tushuncha sifatida anglanadi, unga intilish ezgu maqsad hisoblanadi. Demokratiyaning eng muhim jihatlaridan biri xalq fikri, huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan g‘oyalar ilgari suriladi. Ular ro‘yobga chiqishi uchun kurashiladi.

Mamlakatimizdagi eng tizimli va tajribali partiyalardan biri O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilishi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi amalda ta’minlanishi bilan bog‘liq muhim g‘oyalarni olg‘a surib keladi. Partiya tizimida tajriba asosida shakllangan, xalqimizning tabiatiga xos bo‘lgan mulohazakorlik va vazminlik pozitsiyasi asosida muntazam amaliy faoliyat yuritilmoqda. Shovqin-suron ko‘tarish, ayyuhannos solish partiya yetakchilari, faollariga xos xususiyat emas.

Ochig‘ini aytish kerak, mustaqillikning dastlabki yillarida, parlamentarizm, ko‘ppartiyaviylik shakllanish bosqichlarida g‘oyalar ro‘yobga chiqishi oson kechmagan. Keyingi yillarda mamlakatda yuzaga kelgan faol muloqot va tashabbuskorlik muhiti, yuritilayotgan manzilli ijtimoiy siyosat Xalq demokratik partiyasining muhim takliflari amalga oshishiga imkon yaratmoqda.

Keyingi yillarda aksariyat davlatlar hukumatlari siyosatida, xalqaro maydonda ham ijtimoiylashish tendensiyasi ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Chunki ijtimoiy masalalarni samarali hal etmasdan turib jamiyatda ijtimoiy barqarorlik muhitini ta’minlash mumkin emas. Dunyoning turli nuqtalarida kuzatilayotgan ijtimoiy inqirozli holatlar shuni uqtirmoqda.

Joriy yil 30 aprel kuni umumxalq referendumi orqali yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik. Uning birinchi moddasida O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yilgani ham Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari mustahkam va strategik ahamiyatga ega ekanini qat’iy tasdiqlamoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturidagi g‘oya va takliflar bo‘yicha amalga oshayotgan 5 ta maqsad misol keltirsak, fikrimiz yanada aniqlashadi.

 

1-MAQSAD

Ta’limda ijtimoiy tenglik

Yaqin yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar mana shu g‘oya ro‘yobga chiqishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Maqsad esa hamma uchun teng bo‘lgan sifatli va kafolatli ta’lim tizimini yaratish edi.

Nimalarga erishildi?

– 2021 yildanboshlab oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni 2 barobarga ko‘paytirilib, 2 mingtaga yetkazildi. A’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etildi.

Har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunida o‘quvchilarga imtiyozli ta’lim kreditlari berish, shuningdek, kam ta’minlangan bolalarning ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilangan.

– Yetim yoki ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning kontrakt pullari to‘lab beriladi.

– Xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan kechki va sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat budjetidan 1,8 trillion so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltirish belgilangan.

– 2021 yil 1-sentabrdan boshlab respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin 7 oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari beriladi.

– 2022/23 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat budjetidan qoplab berilishi belgilangan.

Har qanday taraqqiyotning asosida ta’lim yotadi. Ta’lim tizimida amalga oshiriladigan islohotlar inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Konstitutsiyamizda ta’lim olish hamma uchun kafolatlangan. Bugungi kunda har kim o‘zi xohlagan ta’lim shakli va yo‘nalishida tahsil olishi mumkin. Bu imkoniyat, ayniqsa, oliy ta’lim sohasida yaqqol ko‘rinadi. Kim qaysi mutaxassislik bo‘yicha qanday mutaxassis bo‘lib chiqishini o‘zi hal qiladi. Davlat hamma uchun imkoniyat yaratib bermoqda, undan qanday foydalanishni esa fuqarolarning o‘ziga bog‘liq.

 

2-MAQSAD

Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning eng kam darajasini belgilashda xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan ko‘rsatkichlar, ya’ni yashash minimumi va iste’mol savatchasi, ularni qo‘llash tartibini qonuniy jihatdan mustahkamlash va amalda qo‘llashga erishish masalasi

– «Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida» hukumat qarori qabul qilindi.

Minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik mezoni yoki chegarasi sifatida foydalaniladi.

– 2022 yildan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali oilani kam ta’minlangan deb bilish etish jarayonida qo‘llaniladigan va jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlariga tenglashtirildi.

– har yili avgust oyigacha minimal iste’mol xarajatlari qiymatining prognoz parametrlari inflatsiya kutilmalaridan kelib chiqib hisoblanadi.

– minimal iste’mol xarajatlari tarkibi kamida har 5 yilda qayta ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholining ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlari manfaatini himoya qilishni o‘zining fundamental maqsadlari qatoriga kiritadi. Chunki bu Konstitutsiyada belgilangan qat’iy qoidaning amalga oshishini amalda kafolatlash bilan bog‘liq prinsipial masala.

Pensiya, nafaqa, stipendiya, mehnatga haq to‘lash va boshqa ijtimoiy yordamlarning eng kam miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi aholining ijtimoiy ta’minlanganlik darajasini oshiradi. Asosiysi, huquqlarini himoya qiladi.

Minimal iste’mol xarajatlarining xalqaro normalar asosida belgilanishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

 

3-MAQSAD

Ayollar farzandi 3 yoshga to‘lgunga qadar homiladorlik va tug‘ish ta’tilida bo‘lgan barcha vaqtni pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga kiritish masalasi

Mazkur taklifni amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi «O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, yoshi bo‘yicha pensiya tayinlashda hisoblangan ayollarning ish stajiga 18 yoshga to‘lmagan nogiron bolani parvarish qilish bo‘yicha o‘tkazgan vaqtlari hisobga olinadi, shuningdek, bola 3 yoshga to‘lgunga qadar, lekin jami 6 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shilishi nazarda tutilgan.

Mazkur o‘zgartirishlar «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunga 2022-yil 9-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq kiritildi.

E’tiborlisi, bunda faqat ona yemas, balki ota ham bolaga qarovchi bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan. Bu amaliyot, ya’ni otaning bolaga qarovchi bo‘lishi biz uchun biroz erish tuyulishi mumkin. Lekin xalqaro tajribada bu amaliyot mavjud. Agar er-xotin bolani kim parvarish qilishi bo‘yicha bir fikrga kelsa, buning nimasi noto‘g‘ri?..

Bugun hayot insonlarni faqat va faqat oldinga harakat qilishga undamoqda. Bu o‘z-o‘zidan erkakdan ham, ayoldan ham oilasi to‘kis bo‘lishi uchun tinmay mehnat qilishni taqozo qiladi. Bizda shakllangan an’anaga ko‘ra, odatda farzand tarbiyasi bilan ayol, ya’ni ona shug‘ullanadi.

O‘zbekiston demografik o‘sish bo‘yicha dunyodagi eng tez o‘sayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Yillik tug‘ilishi deyarli bir million. O‘zbekistonda oilada ikkita farzand bo‘lishi kam hisoblanadi. Oilalarda o‘rtacha 3-4 ta farzand bo‘ladi. O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 74 yosh deb olsak, pensiya yoshi ayollar uchun 55 yoshni tashkil qiladi. Bitta ayol uch nafar farzandni dunyoga keltirib bog‘cha yoshigacha parvarish qilishi uchun o‘rtacha 10 yil umrini sarflaydi. Vaholanki, o‘sha o‘n yil uning ayni shijoatga to‘lgan, bilimga chanqoq, hayotga tashna umridir. Farzand tarbiya qilish millat tarbiya qilish hamdir. Har bir yosh avlodni mamlakat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi, uning ertasini belgilovchi, yurt koriga yaraydigan shaxs bo‘lishiga umid qilamiz. Demak, ularni dunyoga keltirib, tarbiya qilayotganlarni ham esdan chiqarmasligimiz, kerak bo‘lsa, mehnatlarini qadrlashimiz lozim.

Ayni qonun ularni qadrlashga xizmat qilishiga umid qilamiz. Zero, ONA farzandini dunyoga keltirib, uni tarbiya qilish jarayonida hech kimdan hech qanday rag‘bat kutmaydi. U buning uchun umrini beg‘araz tikadi.

 

4-MAQSAD

Mulkchilik shaklidan va ularni moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul ko‘rsatiladigan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini, shuningdek, majburiy tibbiy sug‘urtaning protsessual mexanizmlarini qonun hujjatlarida ishlab chiqish va belgilash masalasi

Mulkchilik shaklidan va ularni tashkil etish manbalaridan qat’iy nazar, tibbiyot muassasalarida kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlardan foydalangan holda har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish masalasi hal etilishi dolzarb masala hisoblanadi.

Bu borada deputatlik va jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish orqali aholining ayrim toifalariga dori vositalari, protezlar va boshqa tibbiy-ijtimoiy yordam sotib olishda beriladigan imtiyozlar tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish ham muhim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi «Ma’muriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligiga Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolarning eng ko‘p murojaatlarini keltirib chiqaradigan kasallik va sharoitlarni hisobga olgan holda, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini tasdiqlash topshirildi. Tibbiy yordam ko‘rsatish darajalari va turlari bo‘yicha, shu jumladan, dori vositalari, sarf materiallari va tibbiyot buyumlari bo‘yicha ko‘rsatilgan ro‘yxat Sog‘liqni saqlash vazirining 2023-yil 13-oktabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan.

Xuddi shu qarorga muvofiq, 2024 yildan boshlab har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish doirasida keksa avlod vakillari uchun maqsadli skrining dasturlari joriy etilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish eng asosiy va ustuvor g‘oyaga aylandi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish maqsad qilingan.

Inson yetuk va barkamol bo‘lishi uchun u avvalo sog‘lom bo‘lishi ham kerak. Demokratik tamoyillar ustuvor bo‘lgan jamiyatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham inson kapitalini rivojlantirishda, avvalo birlamchi tibbiy xizmat sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar aholining kafolatlangan birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan. Bunda kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini birlamchi tibbiy xizmat bilan ta’minlash ham ustuvor vazifa qilib belgilangan.

 

5-MAQSAD

Mehnatga layoqatli fuqarolarni ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi

– Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Temir daftar» tizimi yaratildi.

– Yoshlar bandligini ta’minlash va ularning muammolarini hal etishga qaratilgan yangi tizim – «Yoshlar daftari» joriy etildi.

– Ijtimoiy qiyin vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni iqtisodiy faollikka rag‘batlantirish va amaliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Ayollar daftari» yaratildi.

O‘zbekistonda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 9,5 milliondan ortiqni tashkil qiladi. Bu jami aholi sonining 27 foizga yaqinini shu yoshdagilar tashkil qiladi, degani. Hammaga ma’lumki, inson voyaga yetib, mustaqil hayot yo‘lini tanlar ekan, u avvalo o‘ziga munosib ish topishiga harakat qiladi. To‘g‘ri, ba’zida o‘zimiz xohlagan kasbni egallashimiz uchun yillarni sarflaymiz. Lekin o‘zimizga munosib kasbni topgunimizcha ishlamasdan, harakatsizligimiz bilan unga erisholmaymiz. Ijtimoiy daftarlar ehtiyojmand, lekin iqtisodiy faol bo‘lishga intilayotgan fuqarolarni qo‘llash, munosib daromad topishiga rag‘batlantirishda samarali tizim bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yuqoridagi kichkina tahlilimiz orqali e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan ikki jihat bor. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturi va elektorati manfaatlariga sodiqligidir. Ba’zi odamlarning partiya ham, deputat ham saylov o‘tishi bilan panaga o‘tishi haqidagi fikrlar unchalik ham asosli emasligini aytmoqchimiz. Har holda, O‘zXDP dasturi ijrosi bo‘yicha tahlillar shuni ko‘rsatmoqda.

Yana bir muhim masala partiya dasturi, g‘oyalari dolzarbligini yo‘qotmasligidir. Xalq manfaatlariga xizmat qilishi partiya dasturi hayotiyligini ko‘rsatuvchi eng birinchi omillardan hisoblanadi.

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalardan o‘tmoqda. Mazkur qonun bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkaziladigan saylov tizimi o‘zgaradi. Loyihada Qonunchilik palatasidagi 150 nafar deputatning 75 nafari partiya ro‘yxati asosida shakllanishi nazarda tutilmoqda.

Kelgusi saylovlar yangicha format va tizim asosida tashkil etilishi maqsad qilinmoqda. Shunday sharoitda siyosiy partiyalar ham yangi chaqiriqqa o‘zgacha ishtiyoq va strategiyalar bilan tayyorlanishi kerak bo‘ladi. G‘oyalari amalga oshayotgan Xalq demokratik partiyasidan xalqimiz kutgan, zamon bilan hamnafas, chuqur asoslantirilgan g‘oya va tashabbuslarni kutishga haqlimiz.

 

Ahmad Qurbonov,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 25.10.2022, №42

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish