Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekiston iqtisodiy farovon, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylandi. Ayniqsa, ijtimoiy yo‘nalishdagi islohotlar samarasini odamlar o‘z kundalik hayotida sezmoqda, his etmoqda.
Yurtimizda kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa, moddiy yordam ularning fuqarolar yig‘iniga qilgan murojaati asosida hududdagi mutasaddi tashkilot vakillaridan tuzilgan maxsus komissiya qarori bilan qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda berilishi hammamizga yaxshi ayon.
Lekin moddiy yordamning tayinlanishi inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolgani tufayli har doim ham u shaffof, adolat tamoyillari asosida belgilanavermaydi. Ya’ni, ayrimlar kishilar moddiy ahvoli qoniqarli bo‘lsa-da, “olg‘irlik” qilib, bu imkoniyatdan foydalanishga urinadi. Ba’zida ayrim firibgar mas’ullar tomonidan moddiy yordamni o‘z qarindoshlari, yaqinlariga ajratib berish holatlari ham uchrab turadi.
Hozirgi kunda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash yoki rad etish bo‘yicha qaror oilaning daromadi, bandligi va boshqa ma’lumotlar vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlariga asosan chiqariladi.
Biroq, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning elektron ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi sababli, nafaqa tayinlash uchun arizalarda ushbu ma’lumotlar mahalla raislari tomonidan belgilab beriladi. Bunda ushbu oila a’zosidan bandlik talab etilmaydi.
Amaliyotda esa mahalla raislarining ham o‘z hududidagi oila a’zolarining barchasi qayerda ekanligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot mavjud emas. Natijada, ariza topshirayotgan oilaning a’zosini chet elda ekanligini aksariyat holatda fuqaroning so‘ziga asosan belgilab beriladi. Bunda, ushbu fuqaro boshqa viloyatda yoki poytaxtda norasmiy ish bilan band bo‘lsa ham “chet elda ishlaydi” deb belgilab berish holatlari mavjud.
Xususan, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2 607 ta holatda fuqarolar xorijda bo‘lmasada, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan “chet elda ishlaydi”, deb belgilab berilishi natijasida nafaqalar noto‘g‘ri tayinlangani aniqlanib, mazkur nafaqa to‘lovlari to‘xtatilgan.
Shu jihatdan, nafaqa tayinlashda inson omilini kamaytirish va mablag‘larni maqsadsiz sarflanishini oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berishni joriy etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur hujjatga asosan endilikda yangi tartibda fuqaroning xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani to‘g‘risida ma’lumotlarni “Elektron hukumat” axborot tizimidan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketgani va O‘zbekiston Respublikasiga qaytgani qayd etilgan ma’lumotlarga asosan elektron shaklda aniqlanadi. Bu orqali ma’lumotlarni sohtalashtirish yoki mahalla raislari tomonidan bilib-bilmasdan noto‘g‘ri ma’lumot berish holatlariga barham beriladi.
Oxirgi yillarda yurtimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirishga qaratilgan salmoqli ishlar qilindi. Ijtimoiy nafaqalar va to‘lovlarning tayinlanish mexanizmlarini takomillashtirish orqali esa ushbu turdagi davlat yordamini maqsadli sarflanishi ta’minlanadi.
Ushbu hujjat bilan fuqarolarni bandligini belgilashda inson omili bartaraf etilib, chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida aniqlanadi. Bu orqali nafaqalar va moddiy yordam tayinlashda shaffoflikni ta’minlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, aholining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan yangi o‘zgarishlar xalqimizga katta ruhiy kuch va g‘ayrat bag‘ishlaydi. Asosiysi, bu kabi chora-tadbirlar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash barobarida, aholining davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘la bahramand bo‘lishida ham muhim omil bo‘ladi.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.