Dunyoda kun sayin murakkablashib borayotgan geosiyosiy vaziyatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash har qanday qudratli davlat uchun ham jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shu o‘rinda, 2030 yilgacha katta marralarni ko‘zlagan O‘zbekiston uchun so‘nggi kechayotgan jarayonlar va voqealarni hisobga olgan holda vaziyatni to‘g‘ri baholash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rib borish juda muhim ahamiyatga ega. Vaholanki, kechayotgan geosiyosiy mojarolar, mintaqaviy to‘qnashuvlar, katta kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, xalqaro savdo nizolari, texnologiya mojarolari va turli global darajadagi kelishmovchiliklar, iqlim o‘zgarishi va ekologik nobarqarorlik keltirib chiqarayotgan muammolar mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijadorligiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.
Mana shunday, tez o‘zgaruvchan vaziyatda boshlangan ishlarni taxminlarga emas, balki aniq tahlil va hisob-kitoblarga tayangan holda izchil davom ettirish biz uchun eng maqbul yo‘l. Buni davlatimiz rahbari 2024 yil uchun davlat budjetining asosiy yo‘nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aniq va tiniq qilib ko‘rsatib berdi.
Budjet daromadlari bazasi kengaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda Davlat budjeti daromadlarini oshirish borasida ikkita muhim omilni ochib berdi. Ulardan birinchisi — budjet daromadlari bazasini kengaytirishda korxonalarning foydalilik (rentabellik) darajasini oshirish. Bu borada sanoat tarmoqlarida xarajatni qisqartirish orqali tannarxni kamaytirish imkoniyatlari ko‘rsatib berildi. Darhaqiqat, tannarx kamaysa maxsulot raqobatbardosh bo‘ladi, bozori chaqqon bo‘ladi. Rentabellik yuqori bo‘ladi hamda budjetga o‘ndiriladigan foyda solig‘ining salmog‘i ham oshib boradi.
Birgina joriy yilning to‘rtinchi choragida 349 ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trillion so‘m xarajatlarni kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Shunga qaramasdan, yil boshiga nisbatan mahsulot tannarxining 10-15 foizga oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ygan OKMK, “O‘zmetkombinat”, “Kimyosanoat” korxonalari faoliyatiga yig‘ilishda tanqidiy baho berildi. Agar tannarxga ta’sir qiluvchi ortiqcha xarajatlarni qisqartirib borish imkoniyatlari izlanib, bu ishlar tizimli davom ettirilsa yirik sanoat tarmoqlarida tannarxni 15-20 foiz kamaytirish imkoniyatlari mavjud ekanligi ta’kidlandi.
Budjet daromadlari bazasini kengaytirishda yana bir muhim omil — hududlarda past quvvatda ishlayotgan korxonalarning muammolarini yechishga ko‘maklashish orqali ularni to‘liq quvvatda faoliyat olib borishiga imkon yaratish. Shu o‘rinda, biroz chekinish bo‘lsa ham aytish joizki, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tadbirkorlarga, jumladan, buxgalteriya hisobi, marketing, resurslarni boshqarish va boshqa biznes yuritish bilan bog‘liq ko‘nikmalarni egallashga yordam ko‘rsatilmoqda. Biznesni rivojlantirish uchun kreditlar va mikrokreditlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Kichik tadbirkorlarga biznes-rejalar va rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatilayapti hamda subsidiyalar berilayapti.
Yig‘ilishda yuqoridagilarga qo‘shimcha tazda, kichik bines subyektlarini yirik ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bu ishlar qanday va qancha qo‘shimcha resurslar va qo‘llab-quvvatlashni talab qilishi mumkinligini aniqlash hamda ushbu kooperatsiya aloqalari mustaxkamligi hamda samaradorligini muntazam baholash va monitoringini olib borish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Oshing halol bo‘lsa...
Videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish muhimligi aytib o‘tildi. Ma’lumki, “yashirin iqtisodiyot” — bu rasmiy ro‘yxatga olinmagan va shu yo‘l bilan soliqlarni chetlab o‘tadigan, belgilangan tartib-qoidalarga mos kelmaydigan faoliyat. Bunday yusinda biznes yuritishning oqibatlari jiddiy bo‘lishini, jamiyat va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga salbiy ta’sir qilibgina qolmay, balki to‘siq bo‘lishini yaxshi tushunamiz.
Mamlakatimizda ijtimoiy dasturlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa muhim sohalarni moliyalashtirishning barcha imkoniyatlari izlanayotgan bir paytda “yashirin iqtisodiyot”ning ulushi salmoqli ekanligi toqat qilib bo‘lmaydigan holat. Selektor yig‘ilishida bu borada bir qator aniq vazifalar belgilandi. Xususan, Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasini yanada takomillashtirish, soliq xodimlarining “yashirin iqtisodiyot” bilan kurashish borasidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Noqonuniy biznes va tadbirkorlik adolatli raqobat shartlarini buzishi aniq. Bu esa nafaqat soliq bazasini kengaytirishga to‘siq, shuningdek qonuniy ishlayotgan tadbirkorning bozorini kasod qilishga olib keladi. Agarda mahallaga biriktirilgan soliqchi sidqidildan va halol faoliyat olib borsa, o‘z hududida soliq va yig‘imlarga tortilmaydigan tadbirkor qolmaydi.
“Yashirin iqtisodiyot”ga kirgan tadbirkor aksariyat hollarda energiya resurslaridan ham yashirincha foydalanishga harakat qiladi. Bundan tashqari, soxta yoki noqonuniy mahsulotlarni ishlab chiqarish, shuningdek tartibga solinmagan faoliyat iste’molchilarning salomatligi va xavfsizligiga ham tahdid soladi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari hududlarda “yashirin iqtisodiyot”ni aniqlashning eng oddiy va sodda usulini ko‘rsatib berdi. Unga ko‘ra, endi qaysi tuman yoki shaharda energiya resurslari (elektr energiyasi, gaz)ga bo‘lgan talab oshgan holatda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilmasa, demak usha hudud “yashirin iqtisodiyot” nuqtai nazaridan alohida urganiladi. Soliq bazasini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorga muammo to‘g‘dirmasligi kerak. Chunki insof va intizomli soliq to‘lovchi – “Agar oshing halol bo‘lsa, kuchaga chiqib ich”, qabilida faoliyat olib boradi.
Xarajatlar natijadorligi intizomni talab qiladi
Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyaning adolatli mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifalar etib belgilangan. Shu bois 2024 yil uchun davlat budjeti loyihasida bu sohalar rivojlanishiga katta e’tibor bilan yondashilgan. Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljalanayotganligi, ushbu mablag‘lar hajmi joriy yildagiga nisbatan 15 foiz ko‘pligi buni isbotlab turibdi. Davlat budjetining dastlabki loyihasida 317 ta maktab qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilganligiga qaramasdan Prezidentimiz yana 150 ta maktab qurilishiga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni taklif qildi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim, professional va oliy ta’lim tizimi uchun nazarda tutilgan mablag‘larni ham ko‘paytirish bo‘yicha fikr bildirildi. 2024 yil maktabgacha ta’lim uchun subsidiyalar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda ushbu mablag‘lardan oqilona foydalanish, ajratilayotgan mablag‘larning natijadorligini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Bundan buyon budjet mablag‘lari hisobidan davlat xaridlarini amalga oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi, tanlov va tender savdolari oshkora va ochiq o‘tkazilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Bu borada budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
Yuqoridagilardan tashqari, kelgusi yildan “Mahalla budjeti” tizimi to‘liq joriy qilinishi har bir mahallaning o‘zida yer va mol-mulk solig‘ini tushirishdan o‘rtacha 100 million so‘mgacha mablag‘ to‘plash imkonini beradi. Bu mablag‘lar mahallada ish o‘rinlari yaratish, aholining ehtiyojlarini qondiradigan infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilishi lozim. Ushbu yangi tizim bo‘yicha mahalla fuqarorlar yig‘ini raisi va biriktirilgan xodimlarni o‘qitish, mablag‘larning hisob-kitobini to‘g‘ri yuritish hamda jamoatchilik nazoratini olib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Soliq qo‘mitasiga “mahallabay” ish tashkil qilgan holda tadbirkorlarning faoliyatini tiklash va ish o‘rinlarini legallashtish, soliq bazasini kengaytirish, yer hisobini yuritish, yangi ish o‘rinlari yaratish va budjet tushumini ko‘paytish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Davlat budjeti ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi
Yangi qabul qilingan Konstitutsiyaga ko‘ra Davlat budjetini qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga kirsa, budjetning ijrosini nazorat qilish Qonunchilik palatasining mutloq vakolati hisoblanadi. Tez kunlarda 2024 yil uchun budjet loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi kutilmoqda. Davlat budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilish Qonunchilik palatasining bosh vazifasi hisoblanadi. Shuni hisobga olgan holda, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, Davlat budjeti ijrosiga oid masalalarni siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalarda muhokama qilish jarayonlari chuqur tahlillarga asoslangan holda olib boriladi.
Budjetdan mablag‘ oluvchi vazirlik va idoralar tomonidan moliyaviy xato va kamchiliklarga hamda noqonuniy o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘yilayotganligi yig‘ilishda tanqid qilindi. Ayniqsa, berilayotgan subsidiyalardan maqsadsiz foydalanish hamda noqonuniy o‘zlashtirish holatlarini olish uchun jiddiy choralar ko‘rilishi lozimligi o‘qtirildi.
Shu o‘rinda vazirlik va idoralarda tashkil etilgan ichki audit tizimi kutilgan natijalarni bermayotganiga e’tibor qaratish lozim. Bundan tashqari, budjet mablag‘lari hisobidan davlat xaridlarini amalga oshirishda ham noqonuniy hatti-harakatlar ko‘zga tashlanmoqda. Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda Budjet kodeksi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish talab etilmoqda.
Budjetlashtirish jarayoni shaffofligi va budjet mablag‘lari samaradorligini ta’minlashda yana bir muhim parlament nazorati mexanizmi joriy etilgan. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrda qabul qilingan PQ-73 qaroriga ko‘ra 2022 yildan boshlab, birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi vazirlik va idoralarning rivojlantirish dasturlarida belgilangan maqsad indikatorlari bajarilishi bo‘yicha choraklik axborotlar Vazirlar Maxkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga taqdim etib borilishi belgilangan.
Ushbu nazorat mexanizmi samarali ishlashi uchun maqsad indikatorlari to‘g‘ri aniqlanishi va o‘z vaqtida qabul qilinishi kerak. Ushbu ma’lumotlarni Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitalarida doimiy ravishda (har chorakda) monitoring qilib borish yo‘lga qo‘yilgan, lekin ma’lumotlar batafsil va o‘z vaqtida taqdim etilmayotganligi sababli deputatlar vazirlik va idoralarning rivojlantirish dasturlari natijadorligini o‘z vaqtida baholash imkoniga ega bo‘lmayapti. Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda 2024 yil uchun ushbu indikatorlarni bir oy ichida sifatli ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Maqsad indikatorlari ustidan parlament nazorati mexanizmi to‘laqonli joriy etiladigan bo‘lsa, nafaqat joriy yil uchun, shuningdek kelgusi davr uchun mo‘ljallanayotgan budjet parametrlarini ham tahlil qilib borish hamda taklif va mulohazalarni tegishli vazirlik va idoralarga bildirish imkoniyati yanada oshadi. Shu bois, maqsad indikatorlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kelgusi yil uchun Davlat budjeti parmetrlari bilan birgalikda kiritilsa, Davlat budjeti muxokamasi yanada mazmunli o‘tishiga xizmat qilgan bo‘lar edi. Buning uchun qonun hujjalarida budjetlashtirish tizimini yanada takomillatirishga oid tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston rivojlanishning “Ijtimoiy davlat” modelini tanlaganligi yangi taxrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yildi. Ijtimoiy davlatda olib borilayotgan har bir siyosat fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishishiga qaratilishi, ijtimoiy tafovutlarni qisqartirishga yo‘nalitirilishi va ijtimoiy adolat tamoyillariga mos bo‘lishi kerak. Bunday mamlakatda yaratilgan moddiy ne’matlar, daromadlar va boyliklarni adolatli qayta taqsimlaydigan institutlar va mexanizmlar ishlashi talab etiladi. Yig‘ilishda Davlatimiz raxbari tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklar va ochib berilgan imkoniyatlar aynan mana shu maqsadlarga qaratilganligini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, budjetlashtirish tizimi, davlat budjetining asosiy yo‘nalishlari, uning ijrosi va nazorat mexanizmlarini “Ijtimoiy davlat” tamoyillariga mos bo‘lishiga imkon yaratadi.
Sharofiddin NAZAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.