Yurish so‘llarda

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda kompleks o‘zgarishlarga asos bo‘layotgan tub islohotlarni jahon siyosatdonlari tan olmoqda. O‘zbekiston yutuqlari, ahamiyati haqida jahon minbarlarida e’tirof etilayotgani har birimizni quvontiradi. Dunyo davlat sifatida o‘zgarganimiz, xalq sifatida o‘sayotganimizga ishondi. Bundan keyin har tomonlama munosib bo‘lish burchimiz.

Yangilangan Konstitutsiya yurtimizda yangi huquqiy-siyosiy makonni yaratdi. Uning qabul qilinishida yurtdoshlarimiz katta faollik ko‘rsatgani ham huquqiy-siyosiy tafakkur kengayganidan dalolat beradi. Demak, kelasi yil bo‘lishi kutilayotgan parlament va mahalliy saylovlarda butunlay yangicha kayfiyatdagi saylovchilarni ko‘ramiz.

 

Shaxs emas, g‘oya muhim

Parlament saylovidagi bir jihatga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Oxirgi ikki parlament saylovini natijalariga qarasak, ko‘pchillik saylovchilar nisbatan o‘ng mafkuraga tayangan partiyalarga ko‘proq ovoz berayotganiga guvoh bo‘lamiz. Buning bir qancha sabablari bo‘lishi mumkin. Shulardan faqat bittasiga e’tibor bermoqchimiz.

Mohiyatan har bir siyosiy partiya tarafdorlari, ya’ni saylovchilari ko‘proq bo‘lishi uchun harakat qiladi. Har bir fuqaro odatda o‘zining ijtimoiy holatidan kelib chiqib siyosiylashadi. Fuqaroning birlamchi, ustuvor manfaatini qaysi partiya yoki deputatlikka nomzod himoya qilishga va’da berayotgan bo‘lsa, u o‘sha partiya yoki deputatlikka nomzodga ovoz beradi. Bu – tabiiy jarayon.

Lekin saylovchilarda partiyalarning dasturiy g‘oyalari, siyosiy spektrdagi pozitsiyasi, o‘nglar nima uchun kurashishiyu, so‘llar nima uchun kurashishi haqida yetarlicha bilim va tushuncha bo‘lmasa-chi? Bunday holatda saylovchi kimningdir tashqi ko‘rinishi, kimningdir ma’lumoti yoki tanishi kimga ovoz berayotgan bo‘lsa, o‘shanga ovoz bermasligiga kim ishonadi?

Parlament saylovida faqat shaxsga ovoz berib kelingani saylovchilarning partiyalar siyosiy g‘oyalari haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lishga undamagan, albatta. Ammo keyingi saylovda vaziyat o‘zgaradi. Demak, bizni jamiyatda ham siyosiy tafakkur, g‘oyalar haqida muhokamalar faollashishiga umid bor.

O‘zbekiston YAIM ayni davrga kelib 90 mlrd dollar, deb aytilmoqda. Davlatimiz rahbari yaqin yillarda YAIM hajmi 160 mlrdga yetishini, ta’kidladi. Agar yillar kesimida olib qarasak, O‘zbekistonda YAIMning o‘sish tendetsiyasi yaqqol ko‘rinadi. Bugungi kundagi 90 mlrd dollar aholi jon boshiga hisoblaganda, ikki yarim ming dollar atrofida to‘g‘ri keladi. Aholining ijtimoiy himoyasini yaxshilash va hayot sifatini ko‘tarishga qaratilgan islohotlar bejizga emas.

Shunday ekan, so‘llar parlamentdagi o‘rnini mustahkamlashga harakat qilishi kerak. Chunki, aynan ijtimoiy himoya, ilg‘or islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy tenglik g‘oyalarini so‘llar himoya qiladi. Va albatta, Konstitutsiyamizning 1-moddasida O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yilishi ham bo‘lajak saylovlarda so‘llar o‘z mavqeini mustahkamlashiga bir ishoradir.

Endi asosiy masalaga o‘tsak, saylovchilarga so‘l partiya va o‘ng partiya haqida fundamental tushuncha yetishmasligi pand berayotgandir.

Shu o‘rinda gazeta o‘quvchilarining aksariyati so‘llar va o‘nglar haqida ma’lumotga ega bo‘lsa ham ba’zi yodidan ko‘tarilganlarga bu tushunchalarning qanday paydo bo‘lgani va farqli jihatlari haqida biroz gapirmoqchimiz.

Bugungi kundagi “so‘l qanot” va “o‘ng qanot” siyosiy atamalari liberallar va konservatorlar uchun ramziy belgilar sifatida qo‘llaniladi. Ammo bu tushunchalar dastlab 1789 yilning yozida, Fransiya Milliy Assambleyasi a’zolari konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish uchun yig‘ilgan paytda siyosatchilarning joylashish-o‘tirish tartibiga nisbatan ishlatilgan.

 

So‘l nimani anglatadi?

Siyosatda so‘llar ijtimoiy adolat va tenglikni qo‘llaydi. Islohotlarni huquqlar va imkoniyatlar tengligi tamoyili bo‘yicha olib borish tarafdori bo‘lishadi.

 

O‘ng nimani anglatadi?

O‘ng so‘zi konservativ qarashlarga ega bo‘lgan odamlar yoki guruhlarni anglatadi. Bu odatda, ular mavjud sharoit va institutlarni saqlab qolishga moyilligini bildiradi. Yoki ular an’anaviylarni tiklashni va o‘zgarishlarni cheklashni xohlashadi.

So‘l va o‘ng qanot mafkuralari o‘rtasidagi tub farqlar odamlarning huquqlari va hukumat siyosatiga bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, chap qanot e’tiqodlari ko‘proq egiluvchan xarakterga ega. Ular jamiyatga davlatning kengaytirilgan roli, ya’ni davlat asosiy tashabbuskor bo‘lsa, fuqarolarga foydaliroq bo‘lishiga ishonishadi.

O‘ng qanot mafkurachilari esa odamlar eng yaxshi natijaga shaxsning huquqlari va fuqarolik erkinliklari ustuvor bo‘lganda va hukumatning roli va ayniqsa kuchi minimallashtirilganda erishiladi, deb hisoblashadi.

Ularning farqini yanada yaxshiroq tushunishimiz uchun iqtisodiy sohadagi qarashlariga yuzlanamiz.

 

So‘llar

Daromadlar tengligi; boylarga nisbatan yuqori soliq stavkalari; ijtimoiy dasturlar va infratuzilmaga davlat xarajatlari; biznesga nisbatan kuchliroq qoidalar yaratish.

 

O‘nglar

Kamroq soliqlar; korxonalarga nisbatan tartibga solishni kamaytirish; davlat xarajatlarini qisqartirish; budjetning muvozanatliligini ta’minlash.

G‘oyalarni farqlashimiz va qaysi g‘oyalar biz uchun muhimroq bo‘lsa, o‘sha tarafdagi partiyaga ergashishimiz mumkin bo‘ladi.

Butun dunyoda ishchi-xizmatchilar, ya’ni asosiy saylovchilar ko‘proq so‘l partiyalarga ergashishadi. Sababi, ular ijtimoiy himoyaga ko‘proq muhtoj bo‘lishini yaxshi bilishadi.

Bugungi kunda har qanday so‘l partiya andoza olsa arzigulik va dunyodagi eng nufuzli partiyalardan biri Buyuk Britaniyaning Leyboristlar partiyasidir.

Ishchilar partiyasi ham deb ataladigan mazkur partiya haqiqiy so‘l partiya hisoblanadi. O‘sha davrda Buyuk Britaniyada Konservatorlar va Liberallar partiyasi mavjud edi. Leyboristlar partiyasi tuzilganidan so‘ng liberallarning dohiysi va uzoq yillik yetakchisi David Loyd-Jorj “Leyboristlar partiyasining tuzilganligi Liberallar hukumatining xatosidir”, degan edi. U to‘g‘ri aytgan, bugungi kunda Liberallar partiyasi Buyuk Britaniyada mavqei jihatdan uchinchi o‘ringa tushib ketdi.

Bir so‘z bilan aytganda, so‘l partiyalar ko‘plab mamlakatlarning ishchi va demokratik harakatlarida ta’sirli kuch hisoblanadi. So‘l partiyalarga sotsial-demokratik, sotsialistik, sotsial-liberalistik va boshqa siyosiy kuchlar kiradi.

Hozirgi kunda dunyoda taxminan 100 dan ziyod so‘l yo‘nalishdagi partiyalar mavjud. Xalqaro maydondagi keskin o‘zgarishlarga qaramay, bir asrdan ortiqroq amaliyotida so‘llar mafkurasi o‘zining hayotiyligi va ijtimoiy samaradorligini ko‘rsatdi. Ko‘plab siyosiy mafkuralar tushkunlikka tushib, jamiyatdagi nufuzini butkul yo‘qotgan paytlarda so‘llar mafkurasi o‘z ta’sirini kuchaytirdi.

Uning nazariyasi ortodoksal xususiyatga ega bo‘lmagani sababli ijtimoiy sharoitga qarab moslashishiga, o‘zgarishiga imkon berdi. Men so‘llarga ko‘proq e’tibor berdim, aybga buyurmaysiz, sababi, o‘zim ham so‘lchiman.

Hamma andoza olishga urinadigan va hech qursa amaliyotiga bir nazar soladigan AQShda so‘llar va o‘nglarning qarashlarini ajratib turuvchi bir misol bor ekan. Ko‘pchilik aynan shu misol orqali o‘zining so‘l yoki o‘ngligini aniqlar ekan. Bu abort masalasidagi qarashlar ekan.

Unga ko‘ra, o‘nglar homila tirik ekanligiga ishonadi va abort qotillik, deb hisoblashadi.

So‘llar ayollar o‘z tanalarini nazorat qilishlari kerak va abortni taqiqlash ayollarning reproduktiv huquqlarini buzadi, deb hisoblashadi.

O‘zbekistonda bugun ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning mazmuni, maqsadiga ziyrak ko‘z bilan tikilsangiz, ijtimoiy yo‘naltirilgan tashabbuslar ko‘pligiga, so‘lchilar g‘oyalarini amalga oshirish yo‘lida katta qadamlar tashlanayotgani ko‘rinadi.

Jamiyatimizda huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash nihoyatda zarur, siz qaysi sohada ishlashingiz, qayerda yashashingiz, qancha daromad topishingizdan qat’iy nazar, bu tamoyil juda muhim. Chunki asosiy muammolarimizning ildizi mana shu yerda.

Yana bir muhimlik shundaki, bugun jamiyatimizda ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash, uni boyitish, ta’sir kuchini oshirish har qachongidan zarur. Dunyoda kuzatilayotgan og‘ir holatlar katta signallar bermoqda. Xalq va davlat birdamligi qanchalik zaruratga aylangani ayon. Ijtimoiy birdamlik jamiyatdagi muammolarni fuqarolar, jamoatchilik faolligi asosida yengishda unikal kuch vazifasini bajara oladi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, kelayotgan saylovda parlamentda so‘llar pozitsiyasi mustahkamlanishi mamlakatning barqaror rivojlanishiga, hukumatning xalqimiz oldidagi mas’uliyati yanada kuchayishiga xizmat qilgan bo‘lardi. Bunday deyishga, ishoning, sabab va asoslar yetarlicha topiladi.

 

Ahmad Qurbonov,

siyosiy sharhlovchi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.11.2023, №43

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish