Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli yo‘naltirilishi, undan unumli foydalanilishi sohalar ravnaqi va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuning uchun davlat byudjeti loyihasini ishlab chiqish va takomillashtirish davomida har bir soha va yo‘nalishlarga lozim bo‘lgan mablag‘larni o‘rinli yo‘naltirish dolzarb ahamiyatga ega.
Shu kunlarda “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasida ko‘rib chiqilmoqda. Qo‘mita va fraksiyalar hukumat tomonidan taqdim etilgan Byudjetnoma loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha ish olib bormoqda.
O‘zXDP fraksiyasining ayni masala muhokamasiga qaratilgan yig‘ilishida deputat Maqsuda Vorisovaning Byudjetnoma loyihasi uchun bildirgan taklifi inobatga olindi. Gap shundaki, deputatning aytishicha, ijtimoiy kasallik bo‘lgan qandli diabetning oldini olish bo‘yicha Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 40 yoshdan oshgan aholi vakillarining barchasi glyukozaga tekshirilishi kerak. Ammo byudjet loyihasida mazkur masala ko‘zda tutilmagan, mablag‘ ajratilmagan. Bunga javoban mas’ullar ushbu taklif inobatga olinishini, davlat byudjeti loyihasiga kiritilib, mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Maqsuda Vorisova loyihadagi soliq ma’murchiligi bilan bog‘liq qismidan joy olgan dori-darmonga taalluqli imtiyozlarning olib tashlanishi narx-navoning oshib ketishiga ta’sir qilishi mumkinligini, bu esa aholiga qiyinchilik tug‘dirishini ta’kidladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti direktori o‘rinbosari Umid Hamroyev bunga javoban quyidagilarni qayd etdi:
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 76 turdagi dori vositalari QQS to‘lovchi hisoblanadi. Lekin bizda dori ishlab chiqaruvchilar, dorixonalar QQS to‘lashdan ozod bo‘lgani uchun buni hisobga olishning iloji yo‘q. Ulgurji savdoda 15 foiz, chakana savdoda 20 foizgacha ustama qo‘yish belgilangan. Ammo ko‘p hollarda dori vositalariga xohlagancha narx qo‘yib sotish holatlari kuzatilmoqda. Dorixonalarning QQS to‘lamasligi dori vositalarining narxini kamaytirishga ta’sir qilmaydi. Aksincha, QQS o‘rnatilsa, dori vositalari narx-navosini nazorat qilish tizimi yaratilishiga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA