66 million «tuya» bo‘ldimi?

 

Mahallalardagi hokim yordamchilariga juda katta ishonch bildirilgan, katta vakolatlar berilgan, muhim ijtimoiy mas’uliyatli vazifalar yuklangan. Vakolatlardan samarali foydalanib, el-yurtga xizmat qilayotgan, odamlarga nafi tegayotgan hokim yordamchilari juda ko‘p, baraka topishsin.

Hokim yordamchisi vazifasida ishlovchilar tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tajribasiga ham ega bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Bugun har bir mahallada hokim yordamchilari bor va ular ushbu talablar asosida tanlab olinganiga shubha yo‘q.

Hokim yordamchilari mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratishga mas’ul hisoblanadi. Aholining barcha qatlami, xususan, ishsizlar, ijtimoiy ko‘makka ehtiyojmand kishilar bilan individual tarzda faoliyat olib borishi lozim. Yerdan foydalanish, kredit olish, ehtiyojmand kishilarga subsidiyalar ajratish, infratuzilmani yaxshilash kabi masalalarga ham mas’ul.

Bundan tashqari, aholini kasbga o‘qitish, o‘z ishini ochishiga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash kabi muhim ishlarga ham bosh-qosh bo‘ladi. Umuman, hokim yordamchilariga mahalladagi barcha ijtimoiy masalalardan xabardor va aholiga yaqin ko‘makchi bo‘lish vazifasi yuklatilgan. Ammo ularning hammasi ham ana shunday faoliyat bilan vijdonan shug‘ullanyapti, deya olmaymiz.

Birgina misol. Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani «To‘da» mahallasidagi hokim yordamchisi U.Turopov ehtiyojmand kishilar uchun berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalangani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, u ehtiyojmand bo‘lgan, bir amallab tirikchilik qilib yurgan oilaga qop-qop va’dalar berib, joriy yilning yoz oylarida 2-guruh nogironi Mamayusuf Eshqobilov nomiga katta miqdorda kredit olgan. Sodda odamlar ularga hech qanday muammo chiqmaydi, degan gapga ishonishgan.

Qizig‘i shundaki, hokim yordamchisi mahallaga qanday yordam kelsa, ularga berilishi, uylarini ta’mirlashga va uy-joyining kadastr hujjatlarini to‘g‘rilab berishga yordam qilishini aytgan. Vaholanki, bularning barchasi uning funksional vazifalariga kiradi. Uning o‘zi kredit hujjatlarini tayyorlab, «Xalq banki» orqali ishini osongina bitirgan. Bularning barchasi kreditdan hech qanday naf ko‘rmagan, ammo uni to‘lashiga to‘g‘ri kelayotgan oilaning so‘zlari.

Aslida vaziyat qandayligini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston XDP Qumqo‘rg‘on tuman kengashi raisi, tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zosi Mamarajab Namozov «emagan somsaga» pul to‘layotgan fuqaroning xonadonida bo‘ldi.

— Avvalo, har bir shaxs kim bo‘lishi va qaysi vazifada ishlashidan qat’i nazar, o‘z ishiga vijdonan yondashmas ekan, mana shunday muammolar bo‘laveradi, oddiy odamlar jabr ko‘raveradi, — deydi Mamarajab Namozov. — Ayni shu fikrlar bilan «To‘da» mahallasida yashovchi partiyamiz elektorati vakilining xonadonida bo‘ldik va tuman Kengash deputati R.Mengziyoyeva, «To‘da» MFY xotin-qizlar faoli M.Erdanova ishtirokida fuqaro Matluba Berdiyevaning oilaviy sharoitini o‘rgandik. U yerda vaziyat biz tasavvur qilgandan biroz boshqacharoq ko‘rinishda edi.

Ya’ni, oilaning murojaatidan keyin mas’ullar tomonidan uy-joyini ta’mirlash ishlari boshlangan. Xususan, eshik-romlar qo‘yilib, ikkita xonasi ta’mirlanibdi. Shikoyatda ko‘rsatilgan tomorqa xo‘jaligi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ishlar amaliyotda ekani aytildi.

Endi eng asosiy masala – ularning nomiga olingan kredit qarzdorligini so‘ndirish bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv boshlangan ekan. Mahalla mas’ullarining xabar qilishicha, hokim yordamchisi U.Turopov ijtimoiy issiqxona qurish va u yerda 8-10 kishining bandligini ta’minlash maqsadida kredit olgan. Ammo uning g‘oyasi amalga oshmay qolgan ekan.

Xalq demokratik partiyasi faollari, deputatlar jarayonni o‘z nazoratiga oldi va masalaga qonuniy, adolatli yechim topilishini kutadi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 8.11.2023, №44

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish