Muhim tashabbus: O‘zXDP fuqarolar pensiya ta’minoti masalasida qonunchilikka takliflarini ilgari surmoqda

 

Mamlakatimizda keyingi yillarda kuchli ijtimoiy siyosat yuritilmoqda, aholining ehtiyojmand qatlami huquq va manfaatlari samarali himoya qilinmoqda. Xususan, ijtimoiy nafaqa oluvchilar va pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, qator yangiliklar joriy etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan kelasi yil 1 yanvardan fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. 2025 yil 1 martdan boshlab 60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, ya’ni biror-bir turdagi hujjat talab etmagan holda tayinlanadi. Natijada fuqarolar pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish, Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilishiga hojat qolmaydi.

Ammo tizimda yechimini kutayotgan masalalar yo‘q emas. Xalq demokratik partiyasining markaziy va hududiy tashkilotlari, tuman, shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari, parlamentdagi fraksiyasi a’zolari doimiy o‘z elektorati, jamoatchilik vakillarining murojaatlarini hal etishga intiladi, shu bilan birga, fuqarolar berayotgan takliflarni o‘rganib, amalga oshirishga alohida e’tibor qaratadi.

Partiya elektorati, jamoatchilik vakillaridan pensiya tayinlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning yaqinlari duch kelayotgan ijtimoiy masasalarni hal qilish bo‘yicha aniq takliflar kelib tushdi. Shu asosda Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yangi qonunchilik tashabbusini ilgari surishga tayyorlanmoqda. Bugun Qonunchilik palatasida O‘zXDP fraksiyasi va Markaziy Kengashi a’zolaridan iborat ishchi guruhning yig‘ilishi tashkil etildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi) ishlab pensiyaga chiqqan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.

Ishchi guruh a’zolari fraksiya tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida uchta yo‘nalishdagi takliflar aks etayotganini bildirishdi.

Birinchisi yo‘nalish pensiyani tayinlash masalasi bilan bog‘liq. Gap shundaki, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasida“1965 yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi”, deb belgilangan.

Ammo amalda qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida) mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan fuqarolarning faoliyati to‘g‘risidagi (har yilgi mehnat minimum qarorlari) ma’lumotlari arxiv saqloviga topshirilmagan yoki umuman belgilanmagan. Oqibatda 2005 yilga qadar qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida) mehnat qilgan aksariyat shaxslarga boshqalarga nisbatan kam miqdorda pensiya tayinlangan. Bu jarayon hozirga qadar ham davom etib kelmoqda.

Misol uchun, jamoa xo‘jaligida 1980 yilda erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun 160 kun mehnat minimumi o‘rnatilgan. Lekin ular pensiyaga chiqishda o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan (yo‘qolgani yoki arxivda mavjud emasligi sababli) faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim qila olmagan. Bunday hollarda, amaldagi qonunchilikka asosan, erkak uchun 220 kun bir yil mehnat staji sifatida emas, balki 7 oy 10 kun sifatida hisobga olingan. Ayollarga esa 160 kun 5 oy 10 kun sifatida hisoblangan. Vaholanki, qonunchilikka ko‘ra, qishloq xo‘jaligida ishlagan erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun esa 160 kun bir yillik staj sifatida hisoblanishi shart. Ishlangani haqida ma’lumot saqlanmagani yoki umuman yo‘qligi uchun fuqaro javobgar bo‘lishi to‘g‘ri emas. Bu bir vaqtlar jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan fuqarolarning manfaatlari cheklanishiga, boshqa sohalarda faoliyat olib borganlarga nisbatan 2-3 barobar kam pensiya hisoblanishiga olib kelmoqda.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ilgari surishga tayyorgarlik ko‘rayotgan qonun loyihasi bilan ana shu kamchilikni tuzatish, qishloq xo‘jaligida ishlagan yurtdoshlarimizning huquqini himoya qilish, mehnatini munosib baholash maqsad qilinmoqda.

Keyingi masala. Qonunchiligimizda farzandlarini parvarishlayotgan ayollarga pensiya belgilanishida ayrim muammolar mavjud. Fraksiya a’zolarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida ayollarning farzandlarini parvarishlash ta’tillarida bo‘lgan vaqtlari pensiya tayinlashda to‘liq inobatga olinmasligi bo‘yicha e’tirozlar bildirilmoqda.

Yana bir masala. Pensiya tayinlashda ish staji hisoblanishi bilan bog‘liq muammolardan yana biri patronaj xizmatiga muhtoj nogironlarning ushbu xizmatdan foydalanish huquqini amalga oshirish bilan bog‘liqdir. Ushbu masala nogironlar jamiyatlari bilan birgalikda o‘rganilganda, patronaj xizmatiga muhtoj nogironlarni parvarishlash ishlari asosan ularning oila a’zolari, xususan, onalari tomonidan amalga oshiriladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 84,7 ming nafar 16 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor shaxslar bo‘lib, ularning yarmidan ko‘prog‘i qishloq joylarda istiqomat qiladi. 42,6 ming nafari esa tug‘ma nogironlar sanaladi. Ularning ko‘pchiligi tayanch-harakat tizimi, asab va ruhiy kasalliklarga chalingan bo‘lib, doimiy o‘zgalar parvarishiga muhtojdir.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironlar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolaga, shuningdek, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra) 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt yoshga doir pensiya tayinlanayotganida ish stajiga qo‘shib hisoblanishi nazarda tutilgan. Biroq ushbu qonunning 37-moddasi 2-qismida cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lib, mazkur moddaning “d” va boshqa bandlarida nazarda tutilgan davrlar umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanishi belgilangan. Bu bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj tug‘ma nogiron bolalarni tarbiyalayotgan ayollarga yoshga doir pensiya tayinlanayotganda sog‘lom bola tarbiyalayotgan ayollarga nisbatan teng bo‘lmagan sharoitda hisoblanmoqda. Bu o‘rinda asosiy masalalardan biri shundaki, farzandi tug‘ilganidan nogiron bo‘lgan ayol, ona bolasini qarovsiz qoldirib, 7 yillik ish stajiga ega bo‘lishi amalda imkonsizdir.

Shuni hisobga olib, Xalq demokratik partiyasi muammolarga qonuniy yechim topish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda.

Ishchi guruh yig‘ilishida mazkur masalalar respublika pensiya jamg‘armasi mutasaddilari, soha mutaxassislari, partiya faollari ishtirokida atroflicha muhokama etildi.

Ishlab chiqilayotgan qonun loyihasini har tomonlama tahlillar asosida tayyorlash, xalqaro va xorijiy tajribani to‘liq hisobga olish, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirish, qisqa muddat ichida fuqarolar manfaatlari himoyasiga xizmat qiladigan qonun loyihasini tayyorlash va muhokamaga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish