Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarining belgilangan tartibda majburiy deklaratsiya qilinadigan tranzitidan tashqari ularni qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlangan. Jazo choralari qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, ushbu toifadagi jinoyatlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish harakatlarini sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi 1854-moddasi bilan to‘ldirilmoqda. Bunda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni davlat egaligiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2444-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda.
Fraksiya a’zolari uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirish fuqarolar tomonidan qonunchilik talablarini bilmaslik oqibatida ham sodir etilayotganiga e’tibor qaratdi.
Xususan, uzoq muddat chet el hududida yashab qaytgan fuqarolar yoki respublikaga birinchi marotaba kirib kelayotgan chet el fuqarolari tomonidan ham bunday moslamalarni olib kirishga taqiq borligidan xabari bo‘lmasligi ham huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, qonunchilikda belgilangan me’yorlar aholiga tushunarli tarzda ifodalanishi va mas’ullar tomonidan tushuntirish ishlari kuchaytirilishi zarurligi qayd etildi.
Yangilangan Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Jumladan, hokimiyatlarning bo‘linishi tamoyili hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasi hisobga olingan holda, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Shuningdek, davlat organlari faoliyatining yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash maqsadida ayrim qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Fraksiya yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan qonun loyihasida ana shunday o‘zgarishlardan biri o‘rin olgan. «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi 17 ta moddadan iborat bo‘lib, mazkur hujjat asosida 13 ta qonunga va Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
XDP fraksiyasi a’zolari qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yangilangan Konstitutsiyani amaliyotga to‘g‘ri tadbiq etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratilishi bilan bog‘liq qonunchilik me’yorlarining muvofiqlashtirilishiga urg‘u berildi.
Shu bilan birga, saylovning mazkur tizimi orqali davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning roli kuchayishi qayd etildi. Taklif va fikr-mulohazalardan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.