Hamkorlik va iqtisodiy barqarorlik taraqqiyot asosidir

 

O‘zbekiston nafaqat mintaqaviy, shu bilan birga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda tobora muhim o‘rin tutmoqda. Muammolarni birgalikda hal etish, strategik rejalarni hamjihatlikda belgilash xalqimizning hayotiy an’analariga har tomonlama mos kelmoqda. Bu barchamizni quvontiradi, tinchlik, barqarorlik va hamkorlikning zarurati va ahamiyati haqida mushohada yuritishga undaydi.

Keng jamoatchiligimiz Prezidentimiz boshchiligi va tashabbuskorligi asosida izchil olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatni faol qo‘llab-quvvatlayotganiga bevosita guvoh bo‘lyapmiz. Ayniqsa, yurtimizda keyingi yillarda yangicha formatlarda oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilmoqda, muhim hujjatlar qabul qilinmoqda. Dunyodagi ekspertlar O‘zbekistonning xalqaro miqyosda tutgan o‘rni va pozitsiyasi tobora mustahkamlanayotganini e’tirof etayotgani bejiz emas.

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan nufuzli Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida bildirilgan fikrlar, olg‘a surilgan tashabbuslarni yurtdoshlarimiz, xalqaro hamjamiyat va ekspertlar katta qiziqish bilan kuzatdi.

Sammitga raislik qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bugun ko‘z o‘ngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarayotgani, global qayta qurilish sodir bo‘layotgani, bu murakkab jarayonlarda hamjihat bo‘lib harakat qilish, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topish muhimligini alohida ta’kidladi.

Shu jihatdan sammit “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida o‘tgani muhimdir. Tashkilotga a’zo davlatlarda yarim milliard aholi yashaydi, barqarorlik uchun iqtisodiy hamkorlik nihoyatda zarur. Hozirgi murakkab vaziyatda yaqin hamkorlik bilangina amaliy natijalarga erishish mumkin. Xalq demokratik partiyasi o‘zaro manfaatli ko‘p tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq taklif-tashabbuslarni bildirdi.

Ularning hayotiyligi va muhimligi yaqin va yaxshi qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldira olishi bilan izohlandi. Umumiy savdo-transport koridorlari va energetika tarmoqlari davlatlarimizni uzviy bog‘lashi, yangi “o‘sish nuqtalari”ni birgalikda izlab topish orqali kelgusida salmoqli natijalarga albatta erishishimiz qayd etildi.

Hozircha ishga solinmayotgan katta imkoniyatlarning chuqur tahlili asosida “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish vaqti kelgani haqida pozitsiya bildirildi. Ya’ni, davlatimiz rahbari iqtisodiy hamkorlikka strategik maqsad sifatida ustuvorlik berishni taklif qildi.

O‘zaro savdoni rag‘batlantirish nima uchun muhimligi aniq raqamlarda ko‘rsatib berildi. O‘tgan yili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etgani holda, Tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining 8 foizini tashkil etgan. Imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinish lar kutilgan samarani bermayotgani, to‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov va muammolar saqlanib qolayotgani ma’lum qilindi.

Prezidentimiz to‘g‘ri ta’kidladi – real holatlarni ochiq tan olish va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaziyatga yangicha qarash bilan yondashish kerak. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim orqali tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Iqtisodiy aloqalar asosan savdo orqali mus tahkamlanadi, mamlakatlarimiz fuqarolari, ishlab chiqaruvchilari va xizmat ko‘rsatuvchilari o‘rtasida doimiy va faol hamkorlik uchun qulay sharoit yaratilsa, xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanadi. Shuning uchun qulay muhit zarur.

Qator chora-tadbirlar orqali 2035 yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi, davlatimiz rahbari ilgari surgan takliflar bilan bunday natijaga bemalol erishish mumkin, albatta.

Hamkorlik yo‘lsiz bo‘lmaydi. Sammitda bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Tarixiy geografik holat mintaqada asosan quruqlikdagi yo‘llarni qulaylashtirishni, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni taqozo etadi. Prezidentimiz Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va bizning hududlarimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi. “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqirdi.

Alohida qayd etish zarurki, iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanishi mintaqada umumiy turmush farovonligi oshishida, dolzarb ijtimoiy masalalar samarali hal etilishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan aloqalar har tomonlama mustahkamlanishi xalqimizning tarixiy an’analari va bugungi manfaatlariga to‘liq mos keladi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 15.11.2023, №45

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish