O‘zXDP fraksiyasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi

 

2023-yil 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

 

Mazkur hujjat 2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan. Xususan, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz etib belgilanigan bo‘lib, 2025-2026-yillarda bu ko‘rsatkichni 3 foizdan oshirmaslik nazarda tutilmoqda. Bu iqtisodiyotda yalpi talabning o‘sishini tartibga solish va tashqi savdo balansi manfiy taqchilligini hamda inflatsion bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.

Deputatlar Davlat budjetining parlamentda qonun sifatida tasdiqlanishi nafaqat Konstitutsiyaviy huquq, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini belgilash va amalga oshirish bilan bog‘liq katta mas’uliyat ekanini ta’kidladi. Zero, Davlat budjeti mamlakatda olib borilayotgan siyosatning mujassam ko‘rinishi hisoblanadi. Ya’ni, uning loyihasiga qarab, davlatdagi ijtimoiy siyosatga baho berish mumkin.

Fraksiya a’zolari shundan kelib chiqib, taqdim qilingan 2024-yilgi Davlat budjeti loyihasida aholining turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining o‘sishini ta’minlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida aks etayotganiga e’tibor qaratdi.

Davlat budjetida ijtimoiy sohaga yana bir qator muhim xarajatlar ko‘zda tutilmoqda. Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash uchun 10 trln. so‘mdan ortiq, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalarga nafaqalar to‘lash uchun 3,6 trln so‘mdan ortiq, mehnatga layoqatsiz va zarur ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga nafaqalar uchun esa 2,5 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zXDP fraksiyasi a’zolarining ta’kidlashicha, ushbu harajatlar aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatimizda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Deputatlar Davlat budjetini rejalashtirishga doir bunday strategik yondashuv Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlariga har tomonlama mos kelishini qayd etdi.

Fraksiya a’zolari Davlat budjeti loyihasidagi aksariyat mablag‘lar bevosita fuqarolarning turmush darajasini oshirish uchun yo‘naltirilayotganiga urg‘u berishdi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Davlat budjetida ko‘zda tutilgan ijtimoiy xarajatlarning aniq maqsadli bo‘lishi ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish, mazkur yo‘nalishda ijro hokimiyati bilan hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Fraksiya a’zolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan keltirilgan raqamlar, taqdim etilgan ma’lumotlar, savol-javoblardan kelib chiqib, kelgusi yil uchun Davlat budjeti loyihasini qo‘llab-quvvatladi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish