«Yangi Oʻzbekiston»: Toshkentga yomg'ir yog'sa...

 

Kecha yoqqan yomgʻir yana oʻz soʻzini aytdi. Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi ayrim koʻchalar suvga “boʻkdi”.

Har mavsumda takrorlanayotgan, ammo negadir bartaraf etilishi haqida hech kim bosh qotirmayotgan bu “kichik” masala oʻsha yerda yashovchilarning aziyatlariga sabab boʻlyapti. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumani,“Oqtepa mahallasidagi 5-tor koʻchasidagi koʻchalar va uylar atrofini suv bosgani haqida videolar tarqaldi.

Yillar davomida poytaxtning yomgʻirli kunlarda suvni qanday yoʻnalishda betalofat olib chiqib ketish masalasi xal etilmay kelinmoqda. Har yili muammoga duch kelamiz, suv toshadi, koʻchalar suvga toʻladi, masʼul tashkilotlar munosabat bildiradi. Mablagʻlar ajratiladi, lekin samarasini koʻrmaymiz. Axir mamlakat poytaxti har jihatidan mukammal oʻylangan tizimga ega boʻlishi kerak emasmi?

Ushbu masalada Toshkent shahar hokimligi asosiy javobgarlikni oʻz zimmasiga olish kerak. Poytaxt drenaj tizimi, suv xoʻjaligida suvni boshqarish tizimini isloh qilishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilinishi kerak.

Birinchi masala. poytaxt drenaj tizimi 70-yillarning boshida loyihalashtirilib, 90-yillargacha bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilgan. Koʻrinib turibdiki, undan keyingi yillar davomida ushbu soha isloh qilinmagan. Har yili muammo yuzaga kelgan qismiga texnik xizmat koʻrsatilib kelingan, xolos. Asfalt va beton joylarda yogʻadigan yomgʻirning boradigan joyi yoʻq. Ariqlarning katta qismi ham keyingi yillarda boʻlgan qurilishlar natijasida yoʻqolib ketgan.

Ikkinchi masala. Toshkent drenaj tizimini yaxshilashga 3 ta tashkilot masʼul hisoblanadi. Bular Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Drenaj va kollektorlarni taʼmirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi hamda Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish masalalari boʻyicha majmuasidir. Demakki, bu holatda katta ehtimol bilan sansalorlik yuzaga keladi. Toshkent drenaj tizimining egasini aniq belgilanishi kerak. Masalaga javob beradigan va muammoni tezkorlik bilan hal qiladigan tizim zarur.

Uchinchi masala shaharning bosh rejasi yoʻqligi hamda drenaj tizimining modellashtirilmagani bilan bogʻliq. Birinchi navbatda poytaxt drenaj tizimini modellashtirish choralarini koʻrish hamda ariqlar, lotok, quvur va kanallar tarmogʻini yaxshilash zarur. Buning uchun tizimni aniq kartografiyasini yaratish va uni qaytadan oʻrganib chiqish lozim.

Toʻrtinchi masala. Drenaj va suv xoʻjaligi tizimiga masʼul boʻlgan tashkilotlarda kimlar ishlaydi? Bu ham juda ogʻriqli savol. Sohada chuqur bilimga ega boʻlgan mutaxassislar ishlashi kerak. Vaholanki, drenaj desangiz, buni tushunmaydiganlar ham koʻp. Ariqlarni tozalab qoʻysak, suv oʻzi oqib ketadi, deb oʻylashadi. Yomgʻir yogʻsa, poytaxtning qaysi koʻchalarida suv yigʻilib qolishi ehtimoli ham ishlab chiqilmagan. Soha boʻyicha kadrlarni tayyorlashga qaratilgan ishlarni qayta koʻrib chiqish, zamon talabiga moslashtirish lozim, deb hisoblaymiz.

Albatta, ushbu masalani ijobiy holatga keltirish uchun katta mablagʻ talab etiladi. Joriy yilning 7-aprel kuni Toshkent shahar hokimining qarori bilan poytaxtda irrigatsiya tizimini yaxshilash uchun 700 mln soʻm mablagʻ ajratilgan. Unga koʻra, drenaj va kollektorlarni taʼmirlash, beton quvurlar yotqizilishi kerak edi. Lekin kechagi yomgʻirdan keyingi “suv toshqinlari” holat yaxshilanganini koʻrsatmayapti. Birlamchi oʻrganishlarga koʻra, ushbu mablagʻ bir yoki ikki koʻchaning mavjud tizimini taʼmirlashgagina yetadigan mablagʻ xolos. Bu mablagʻ bilan poytaxt drenaj va suv xoʻjaligi tizimini yaxshi ishlashini taʼminlab boʻlmaydi.

Poytaxtimizdagi muammoga hukumat darajasida eʼtibor qaratilishi kerak, deb hisoblaymiz. Azim Toshkent faqat “markaziy” koʻchalardangina iborat emas.

 

Abror Qurbonov,

Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshligʻi.

«Yangi Oʻzbekiston»

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish