Bosh moliyaviy hujjat xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi

 

Geosiyosiy nobarqarorliklar, global iqtisodiy o‘sishdagi tebranishlarning salbiy ta’siri kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda O‘zbekistonning asosiy savdo iqtisodiy hamkor davlatlarida iqtisodiy o‘sish sur’ati sekinlashishi kuzatilmoqda. Bunday tashqi omillar ta’siri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni olib borish, barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashda ayrim muammolarni keltirib chiqarayotgani sir emas.

Shunga qaramasdan, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qabul qilingan “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘zda tutilgan konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari va xarajatlari, budjet daromadlarini shakllantirish hamda xarajatlarini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar, aniqroq qilib aytganda, davlatning o‘ziga olayotgan majburiyatlari, tez sur’atlarda rivojlanayotgan mamlakatlarga xos bo‘lgan xususiyatlarni o‘zida aks ettirayotganini kuzatishimiz mumkin.

Muxbirimiz kelgusi yil uchun qabul qilingan Davlat budjetining asosiy parametrlari, muhim jihatlari haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin NAZAROV bilan suhbatlashdi.

— Sharofiddin Hakimovich, bilamizki, “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi quyi palataga taqdim etilgach, uni takomilga yetkazish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Keling, dastlab qonun loyihasining mazmun-mohiyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bersangiz.

— Davlat budjeti mamlakat ravnaqiga xizmat qiladigan bosh moliyaviy hujjat bo‘lib, 2020-yildan boshlab, qonun ko‘rinishida qabul qilina boshladi. Qonunlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish va qabul qilishning tartib va taomillariga ko‘ra, ushbu hujjat joriy yilning 8-noyabr kuni quyi palata yig‘ilishida birinchi o‘qishda muhokama qilingan hamda deputatlar tomonidan konseptual jihatdan ma’qullangan edi.

Aynan konsepsiyada Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunning mazmun-mohiyati ochib beriladi. Shu nuqtai nazardan aytadigan bo‘lsak, qonun loyihasi, eng avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilab berilgan “ijtimoiy davlat” tamoyilini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari, Prezidentimizning Davlat budjetining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan vazifalaridan kelib chiqqan holda budjet barqarorligini ta’minlash, uning daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarni aniq maqsadlarga yo‘naltirish, mavjud zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish, budjet intizomini kuchaytirish hamda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalari budjetni shakllantirishda bosh mezon qilib olinganligini ko‘rishimiz mumkin.

2024 yil uchun Davlat budjetining mazmun-mohiyati to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, qonun loyihasi, eng avvalo, inson kapitali rivojlanishiga doir xarajatlar ustuvorligini ta’minlashga qaratilganini e’tirof etish lozim. Shu o‘rinda ijtimoiy himoyaning manzilligini kuchaytirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasini yanada rivojlantirish hamda ularning infrastrukturasini zamon talablari asosida shakllantirishga oid dasturlarni moliyalashtirish muhim o‘rin tutadi.

Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 105 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Ushbu mablag‘lar umumiy budjet xarajatlarining 33 foizini tashkil etadi. Shundan maktablarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 4,1 trln. so‘m, oliygohlar uchun 3,9 trln. so‘m, ta’lim krediti uchun 2,2 trln. so‘m, sog‘liqni saqlash sohasida dori vositalari, tibbiyot buyumlari, vaksina va bakpreparatlar uchun joriy va davlat dasturlarida nazarda tutilgan xarajatlar bilan birgalikda 4 trln. so‘mga yaqin mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga 530 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Davlat budjetining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, 2024 yildan boshlab, aholining budjet mablag‘larini taqsimlash jarayonidagi faol ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida “Mahalla budjeti” loyihasini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur maqsad uchun 426 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, bunda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi mahallalarga yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar mahallada aholining og‘irini yengil qiladigan loyihalarga sarflanadi.

Bular hali hammasi emas. Bunda faqat 2024 yil uchun Davlat budjetining ijtimoiy yo‘naltirilganligini keltirdim, xolos. Bundan tashqari, boshqa sohalar rivoji bo‘yicha ham dolzarb loyiha va dasturlarni moliyalashtirish masalalari bosh moliyaviy hujjatda aks ettirilgan. Xususan, mintaqamizda suv muammosi kun sayin dolzarb bo‘lib borayotganini hisobga olib, irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, sug‘orish kanallarini betonlashga 1,7 trillion so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

— Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoni qanday kechdi? Shu haqda ham o‘z fikrlaringizni bildirib o‘tsangiz.

— Bu yilgi Davlat budjeti qonuni loyihasining muhomasi oldingi yillardan tubdan farq qiladi. Eng avvalo, shuni e’tirof etish kerakki, qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga oldingi yillarga nisbatan ertaroq taqdim etildi. Bu esa Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda qonun loyihasini mazmunli muhokama qilish imkonini berdi. Fraksiyalarda ham deputatlar loyihani shoshilmasdan, batafsil ko‘rib chiqishdi.

Qonun loyihasining birinchi va ikkinchi o‘qish oralig‘ida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda deputatlar tomonidan 100 dan ortiq savollar berildi. Ularning birortasi ham javobsiz qolgani yo‘q. Hukumat tomonidan belgilangan ishchi guruhi, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan savollarga batafsil javoblar olindi. Bu, albatta, vazirlik va idoralarning Davlat budjeti muhokamalariga katta mas’uliyat bilan yondashganligini ko‘rsatadi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi maxsus ishchi guruhi bilan birgalikda budjet mablag‘larini rejalashtirish, ulardan foydalanish natijadorligini oshirish hamda budjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga oid deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan alohida muhokamalar o‘tkazdi. Har bir birinchi darajali budjet taqsimlovchilar, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xujaligi, suv xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning mas’ullari ishtirokida budjet parametrlari tahlil qilindi. Har bir deputatning bergan savollari yoki ko‘targan masalalariga oydinlik kiritildi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritilishidan oldin loyiha bo‘yicha Hisob palatasining xulosasi olinadi. Muhokama jarayonida ushbu xulosa bo‘yicha ham deputatlar tomonidan bir qancha fikr va mulohazalar bildirildi. Ulardan yetarlicha asoslantirilgan takliflarni Soliq va Budjet kodekslarida aks ettirish masalasini alohida ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

— Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamalarida deputatlar qaysi masalalarga ko‘proq e’tibor qaratishdi?

— Eng avvalo, shuni e’tirof etish kerakki, deputatlarimizning Davlat budjeti muhokamasiga bo‘lgan yondashuvi takomiliga yetib bormoqda. Oldingi yillar muhokamalarida xalq vakillari ko‘proq xarajatlar bilan bog‘liq ayrim soha va yo‘nalishlarga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha kuproq qiziqish bildirar edilar. Bu safar esa budjet daromadlarining shakllanishi bilan bog‘liq omillar, soliq stavkalarining qulay tadbirkorlik muhitini saqlashga ta’siri, qo‘shilgan qiymat solig‘i “zanjiri”ni tiklashga qaratilgan choralar hamda ayrim soliq imtiyozlarini bekor qilish orqali iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish va tadbirkorlar uchun bozorlarda teng sharoitlar yaratish kabi masalalarga ahamiyat qaratayotganligi e’tiborga molik.

Qonun loyihasining konsepsiyasi muhokamasida (birinchi o‘qishda) deputatlar Hukumat vakillari oldiga bir qator savollar qo‘ygan edilar. Xususan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joy sotib olishda ajratilayotgan subsidiyalardan samarali foydalanish, ta’lim sohasida o‘qituvchi va tarbiyachilarning mehnatini munosib taqdirlash bo‘yicha yangi mexnizmlar ishlab chiqish, fuqarolar foydasiga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirishda sud qarorlari ijrosining to‘liq ta’minlanishi, avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibini takomillashtirish, ya’ni yo‘l yig‘imlari miqdorini belgilashda og‘irlikka qarab differensatsiya qilish, sog‘liqni saqlash sohasida diagnostika va skrining o‘tkazish xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish kabi masalalar loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida batafsil o‘rganildi.

Muhokamalarda deputatlar daromadlarni oshirish, soliq bazasini kengaytirishga qaratilgan choralar hamda kelgusi yilda ko‘zda tutilgan budjet mablag‘laridan foydalanishda samaradorlik va natijadorlikni oshirish yuzasidan ham taklif va tavsiyalar berishdi. Misol uchun, deyarli barcha fraksiyalarda deputatlarimiz yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora va tadbirlar haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. O‘rinli e’tirozlar ham bo‘ldi. Ushbu masalaning o‘ta dolzarbligini hisobga olib, Fiskal strategiyani yangilash, ayrim asosli takliflarni esa Budjet kodeksi va Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish jarayonida o‘rganib chiqilishiga kelishib olindi.

— Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan majlisida qonun loyihasi munozaralarida deputatlar tomonidan o‘rtaga tashlangan savollar nechog‘li dolzarb ahamiyatga ega? Bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tsangiz.

— Darhaqiqat, majlisda qonun loyihasining ikkinchi o‘qishdagi muhokamasi qizg‘in kechdi. Deputatlar tomonidan ko‘tarilgan barcha masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Yaxshi ma’noda, tortishuvlar ham bo‘ldi. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyevning davlat maqsadli jamg‘armalariga rejalashtirilgan xarajatlar tarkibi va miqdoriga oid savolini o‘rinli, deb aytish mumkin. Deputat Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi xarajatlari tarkibida xarajatlar yildan-yilga kamayib borayotganini misollar orqali qayd etdi.

Masalan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish hamda ularga moddiy yordam ko‘rsatish mablag‘lari bu yilgi 10 mlrd. so‘mdan kelgusi yil uchun 2,5 mlrd. so‘mga tushirilgan, ya’ni 4 baravar qisqargan. Hukumat vakillari ushbu savolga atroflicha javob berishdi. Qolaversa, bu masala qo‘mita, fraksiyalar yig‘ilishlarida ham mufassal ko‘rib chiqilib, tahlil qilingan. Aytish kerakki, Davlat budjeti ijrosining 9 oylik yakunlari tahlilidan kelib chiqib, davlat maqsadli jamg‘armalariga kelgusi yil uchun mablag‘lar rejalashtirilgan. Masalan, joriy yilda mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq ayrim xarajatlarga 6 mlrd. so‘m rejalashtirilgan bo‘lsa, 2024 yilda 5 mlrd. so‘m ko‘zda tutilyapti. Buning asosiy sababi, joriy yilning 9 oylik yakuni bo‘yicha 2,5 mlrd. so‘m ishlatilgan, xolos. Agarda kelgusida bunday xarajatlar uchun mablag‘ talab etilsa, qo‘shimcha moliyalashtirish manbalari topib berilishi ma’lum qilindi.

Yana bir e’tibor qaratiladigan savol — 2024 yil budjet loyihasida xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik nafaqa pulini budjet mablag‘lari hisobidan to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar uchun 100 mlrd. so‘m ko‘zda tutilgani bilan bog‘liq bo‘ldi. Deputat Muborak Ahmedova 2023 yilga nisbatan 3 barobar kam mablag‘ rejalashtirilayotgani sababi bilan qiziqdi.

Aytish o‘rinli, bu masala haqiqatan ham dolzarb. Chunki so‘nggi yillarda mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, xususiy sektorda ishlovchi ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga 2022 yil 1 sentyabridan homiladorlik nafaqa pulini to‘lab berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu nafaqa inson omilisiz, ya’ni proaktiv usulda tayinlanadi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Davlat budjeti ijrosining 9 oylik natijalariga ko‘ra, bu masalada 12 ming nafar ayollardan murojaatlar kelib tushgan va bunga 24,6 mlrd. so‘m sarflangan. Yil yakuniga qadar esa 19 ming nafar ayollarga 40 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanishi prognoz qilinyapti. Shulardan kelib chiqib, ushbu maqsadlarga 2024 yil uchun joriy yilda kutilayotganidan 2 baravardan ko‘proq, ya’ni 100 mlrd. so‘m mablag‘ rejalashtirilgan. Qolaversa, ushbu mablag‘lar o‘zlashtirilgan taqdirda, yana murojaatlar bo‘ladigan bo‘lsa, qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutiladi. Zero, bu mamlakatimizda ayollarga e’tibor davlatimiz siyosati darajasida ko‘tarilganini namoyon etadi.

Bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ko‘plab munozarali savollar orasida O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilanayotganini keltirish o‘rinli. Deputat O‘ktam Islomov ushbu chegarani tegishli qonun bilan 2023 yildan boshlab 3 foizdan oshmasligi belgilanganini qayd etib, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich qanday bo‘lishi ehtimolini o‘rtaga tashladi.

Haqiqatan ham, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori 2023 yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizini tashkil etishi o‘tgan yili qabul qilingan qonunda belgilangan edi. Lekin shu o‘tgan davrda katta geosiyosiy hamda geoiqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y berganligi va ularning milliy iqtisodiyotimizga ta’siri to‘g‘risida yuqorida aytib o‘tildi. Davlat budjetining daromadlari iqtisodiyotimizning o‘sish ko‘rsatkichlari bilan bevosita bog‘liq. Iqtisodiyotimizga esa tashqi omillarning ta’siri borgan sari kuchaymoqda va bu tabiiy hol. Chunki biz ochiq bozor iqtisodiyoti sari odimlayapmiz. O‘tish davrida hattoki, tez sur’atlarda rivojlanayotgan mamlakatlarda ham taqchillik 3, 4 ayrim hollarda 5 foiz tashkil etayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari, iqtisodiyotda islohotlarni davom ettirish, aholi daromadlari, ishlab chiqarish sur’atlarini oshirish va boshqa ijtimoiy iqtisodiy maqsadlardan kelib chiqib, taqchillik biroz balandroq ushlanayotganligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yetarlicha asoslab berildi. Shuningdek, fiskal rag‘batlantirish siyosati yuritilayotganligi ham ma’lum darajada budjet taqchilligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Budjet bo‘yicha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektorda ham moliviy intizomni kuchaytirish hamda budjet taqchilligini oldini olish masalalariga jiddiy e’tibor qaratildi. 2025 yilda ushbu ko‘rsatkichni 3 foizga tushirish va keyingi yillarda 3 foizdan oshirmaslik bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

— Shu o‘rinda deputatlar tashabbusi bilan qonun loyihasiga kiritilgan o‘zgarishlarga ham oydinlik kiritsangiz.

— Deputatlarimizning ayrim asoslantirilgan takliflari qabul qilinib, qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Ulardan ayrimlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Qonun loyihasining birinchi o‘qishida deputatlar tomonidan yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan og‘ir yuk mashinalari uchun bir xil miqdorda emas, balki yuk ko‘tarish quvvatining og‘irligidan kelib chiqib, yig‘imning tabaqalashtirilgan stavkalarini joriy etish taklif etilgan edi.

Ushbu taklif atroflicha o‘rganilib, yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalari uchun yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan 25 tonnagacha bo‘lganda 5 bazaviy hisoblash miqdori, yuk ko‘tarish quvvati 25 tonnadan 35 tonnagacha bo‘lganda 8 bazaviy hisoblash miqdori, yuk ko‘tarish quvvati 35 tonnadan yuqori bo‘lganda 10 bazaviy hisoblash miqdorida yig‘im undirilishi belgilandi.

Shuningdek, deputatlar tomonidan tarkibida shakar mavjud bo‘lgan energetik ichimliklarga 1 litr uchun 5 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilishi taklif etilgan edi. Ushbu taklif etilayotgan aksiz solig‘ining mahsulot narxiga va tadbirkorlik subyektlari faoliyatining moliyaviy natijalariga ta’sirini inobatga olgan holda energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i solinishi ko‘zda tutilmoqda.

Muhokamalarda, shuningdek, deputatlarimiz sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha ham bir qancha takliflar bildirgan edi. Ushbu takliflarni mutasaddi vazirlik va idoralar bilan o‘rganganimizda deputatlarimiz to‘g‘ri masala ko‘tarilganligiga amin bo‘ldik. Ularni hisobga olgan holda sohaga ajratilayotgan mablag‘lar 25,8 mlrd.so‘mga ko‘paytirilmoqda. Shundan 11,8 mlrd.so‘mi aholi orasida virusli gepatitning “S” va “V” turlarini erta tashxislash va virusga qarshi maxsus davolash ishlarini tashkil etishga qaratiladi. Qolgan 14 mlrd.so‘mni esa 40 yoshdan oshgan aholini qandli diabet va diabet oldi holatlari uchun maqsadli skrining o‘tkazishni tashkil etishga ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlar yana bir muhim masalaga — ya’ni mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, sport maydonchalari tozaligini saqlash va atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish masalasiga e’tibor qaratishgan edi. Buni Qo‘mita ishchi guguhi bilan birgalikda o‘rganib chiqib, asosli, deb topdi va ushbu tadbirlar bo‘yicha ajratilgan mablag‘larni 54 mlrd.so‘mga ko‘paytirish taklif qilinmoqda.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan yoshlarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ayniqsa, talaba yoshlarni kutubxona resurslaridan keng foydalanishlariga imkoniyat yaratib berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi — axborot resurs markazidan kechayu kunduz foydalanish bo‘yicha muammolar borligini deputatlar tomonidan asoslab berildi. Ushbu taklifni hisobga olib, o‘quvchi va yoshlarga kutubxonadan kechki vaqtda foydalanish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi — axborot resurs markazi huzuridagi budjetdan tashqari Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi xarajatlariga qo‘shimcha 1,2 mlrd.so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, deputatlar ko‘tarib chiqqan yana bir muhim masala o‘z yechimini topdi. Ya’ni hududlardagi chiqindixonalarni tartibga solish, aholi punktlarini havoni ifloslantiruvchi har qanday chiqindilardan tozalash va chiqindilar ta’sirida turli yuqumli kasalliklarning tarqalishini oldini olish yuzasidan kompleks choralarni ko‘rish maqsadida ajratilgan mablag‘lar yetarli emas, deb topildi. Shuni hisobga olgan holda qo‘shimcha 66,4 mlrd.so‘m mablag‘ ajratish taklifi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

— Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun — mamlakatning asosiy moliyaviy hujjati. Qonundagi o‘zgarishlar va yangiliklar, umuman aytganda, uning ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishda deputatlik korpusining o‘rni qanday bo‘lmoqda?

— Albatta, bugungi kunda parlamentda qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish deputatlarimiz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan sanaladi. Shu bois hududlarda bo‘lganimizda, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ularni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarga e’tibor qaratgan holda, qonunlarni keng tushuntirib berishga harakat qilyapmiz. Chunki bugun aholining huquqiy savodxonligini oshirish oshirish eng muhim vazifalardan biri. Zero saylovchilarimiz qonunlarni qanchalik ko‘p bilsa, qanchalik yaxshi bilsa, ularning huquqlari izchil ta’minlanishiga erishiladi.

Shu nuqtai nazardan aytganda, Davlat budjeti nafaqat moliyaviy, shu bilan birga, muhim huquqiy, siyosiy hujjat hamdir. Unda mamlakatimiz taraqqiyotining barcha ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarini amalga oshirishning moliyaviy manbalari aks ettirilgan. Qabul qilingan budjet to‘g‘risidagi qonun fuqarolarning farovonligini yanada oshirish, ularning turmush tarzini yaxshilash uchun xizmat qiladi. Uning qabul qilinishi ko‘plab muhim jarayonlarni, xususan, mahalliy budjetlarning mas’uliyati va mustaqilligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, jamoatchilik va davlat institutlari o‘rtasida samarali, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish uchun asos bo‘ladi.

Aytish mumkinki, Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ochiqlik, shaffoflik kabi tamoyillar inobatga olingan holda qabul qilindi, bu bo‘yicha OAVda ko‘plab chiqishlar amalga oshirildi. Ushbu jarayonda deputatlarning, Hukumat a’zolarining faolligi sezilarli bo‘ldi. Galdagi vazifa esa qonunning targ‘ibotini hududlarda samarali tashkil etish va fuqarolarning xabardorlik darajasini oshirishdir.

Albatta, bularning barchasi davlatning fuqarolar oldida o‘z zimmasiga olgan barcha ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa majburiyatlari bajarilishiga xizmat qiladi. Pirovardida aholi farovonligi yanada yuksaladi, yashash tarzi yaxshilanadi.

 

Ziyoda ASHUROVA suhbatlashdi

 
 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish