Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyo bo‘yicha ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yildan yilga oshib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 15 - 49 yoshdagi xotin-qizlarning 25 foizidan ko‘prog‘i hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duch kelishadi. Ushbu zo‘ravonliklarning 33 foizi Janubi-Sharqiy Osiyo hududiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston BMTning «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konvensiyasiga qo‘shilganiga 27 yil bo‘lishiga qaramay hamon ayollar huquqlarini toptash holatlari uchramoqda. Jumladan, Oila va xotin-qizlar qo‘mtasining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 7 oyida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 21 871 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi.
Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 18 ming 526 tasi yoki 84,7 foizi oilalarda sodir etilgan. Himoya orderi berish natijasida 9 ming 362 ta oilani tiklashga, 11 ming 350 ta oilada nizolarni bartaraf etishga erishildi.
Rasmiylashtirilgan 5 ming 495 ta himoya orderlari bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Bu raqamlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bir muncha kamaygan bo‘lsada, odamni tashvishga soladigan ko‘rsatkichdir.
Mamlakatimizda bunday illatlarning oldini olishning ta’sirchan mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda ham xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi qilib belgilangan.
Bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy bo‘limlari faoliyat yuritmoqda.
Markazlarning asosiy vazifalaridan biri tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish hisoblanadi.
24 soat ishlaydigan 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar bilan muloqot qilish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish masalalari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarga tezkor munosabat bildirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Markazlarga borishga joyi yo‘q yoki boshqa og‘ir vaziyatga tushgan ayollar joylashtiriladi. Ularga tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatiladi.
Aslida, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik jiddiy e’tibor qaratadigan muammo hisoblanadi.
2014 yildan buyon har yili dunyo miqyosida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turli tadbirlar o‘tkaziladi. Xuddi shunday, respublikamizda ham “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol sa’y-harakatlar” kampaniyasi boshlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston XDP “Ayollar qanoti” tomonidan ushbu 16 kunlik kampaniyada partiya tizimi, safidagi faol ayollar va deputat ayollarni jalb qilgan holda “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!” shiori ostida “Xotin-qizlar huquqlari qonun himoyasida”, “Birgalikda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilamiz!” mavzularida turkum tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirildi.
Har bir xotin-qiz zo‘ravonliksiz hayotda xavfsiz va farovon yashashga haqli. Uning bu huquqlarini poymol qilish, tazyiq o‘tkazish qonun bilan himoyalanadi.
Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha har bir shaxs o‘zini daxldor his etishi, bunday holatlarga barham berishda barcha birdek faol ishtirok etishi lozim. Mo‘tabar onalarimiz, munis opa-singillarimiz, jondan aziz qizlarimiz huquqlarini birgalikda himoya qilaylik.
Gulshan Asatova,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari.