O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media markazida “Toshkent shahrida transport infratuzilmasini rivojlantirish, ko‘p qavatli uylarning qiyofasini yangilash, piyodalar yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini o‘rganish” mavzusida onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi hamda Toshkent shahar kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda transport infratuzilmasini rivojlantirish, ko‘p qavatli uylarning qiyofasini yangilash, piyodalar yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shaharlarimiz qiyofasi yildan yilga yangilanib, yanada zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib bormoqda.
Yig‘ilishda Xalq deputatlari Toshkent shahar mahalliy Kengash deputatlaridan iborat Ishchi guruhning Toshkent shahar Shayxontohur tumanida “Transport infratuzilmasini rivojlantirish, ko‘p qavatli uylarning qiyofasini yangilash, piyodalar yo‘laklari, kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash ishlari yuzasidan o‘tkazgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 9 fevraldagi “Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini jadal sur’atlarda hal etish hamda aholi farovonligini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-50-son Qaroriga muvofiq, Shayxontohur tumanidagi jami 51 ta mahalla bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Jumladan: 216 121 kv.m ichki yo‘llar ta’mirlanib, 50 722 kv.m piyodalar yo‘lakchasini ta’mirlash ishlari bajarilgan. Ammo yechimini kutayotgan ba’zi masalalar ham bo‘lib, ko‘chalar, uylar atroflarining sanitariya-gigiyena holati talabga javob bermaydi.
Shuningdek, fuqarolar shahardagi yo‘lovchi tashish transportining qatnash oraliq intervallari, kutish bekatlari holatidan qoniqmasligini ma’lum qilgan. Shu va deputatlar tomonidan o‘rganish davrida aniqlangan boshqa masalalar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilinib, yechimi yuzasidan takliflar olindi.