Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi majlisida qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz amalga oshirish va aholiga davlat xizmati ko‘rsatilishini yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Unda fuqarolarga pensiya tayinlash bilan bog‘liq me’yorlar o‘rin olgan. Loyiha bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutilmoqda.
Xususan, pensiyalarning eng kam miqdorini belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda. O‘zXDP fraksiyasi a’zolari bu me’yor partiya g‘oyalari amalga oshishi kafolatini mustahkamlayotgani, pensionerlarning huquqlari himoyasi kuchaytirilayotganini qayd etishdi.
Shuningdek, loyihadagi ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalar rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi norma ham katta ijtimoiy ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Loyihaga ko‘ra, fuqarolarning Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya tayinlash uchun murojaat qilish huquqini yaratish, Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroning pensionerligi xaqidagi ma’lumotlar asosida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimdagi to‘lovlarini olish huquqini yaratish nazarda tutilmoqda. Deputatlar bunday tartib fuqarolarni ortiqcha ovogarchilik va yugur-yugurlardan himoya qilishini qayd etib, qonun loyihasini ma’qullashdi.
Kun tartibidan o‘rin olgan yana bir masala harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘lib, unda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan jazolarni yengillashtirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, transport vositasi mulkdorining transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikdagi murojaatiga ko‘ra vakolatli organ tomonidan huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish belgilanganmoqda.
Bu borada yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibini joriy etish kutilmoqda. Shu masalani nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Gap shundaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 171-moddasining ikkinchi qismiga asosan yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka faqat yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsi tortilishi belgilangan.
Mazkur loyiha bilan esa yuridik shaxsga tegishli transport vositasi notarial shaklda rasmiylashtirilgan hamda yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma asosida olgan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalarni kiritish taklif etilmoqda.
Deputatlar ushbu o‘zgarishlar aybsiz aybdor bo‘lib qolayotgan fuqarolarning huquqlarini tiklashga, huquqbuzarning aynan o‘ziga nisbatan chora ko‘rilishi, qonun ustuvorligi ta’minlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ammo fraksiya a’zolari mazkur tartib faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi zarurligini qayd etdi. Ya’ni, loyihada taklif etilayotgan “transport vositasining mulkdori” degan so‘zlardan keyin “yoki mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy tartibda foydalangan shaxs” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin, degan o‘zgartirishga e’tiroz bildirdi. Chunki ushbu holat jismoniy shaxslar o‘rtasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Ishonchnoma bilan avtomobildan foydalanayotgan haydovchi hamda mulkdor o‘rtasida jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq masalada kelishmovchiliklar kuzatilmagan hamda to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq elektron tizim muammosiz ishlab kelmoqda. Shu sababli yangi tartib faqatgina yuridik shaxslarga tegishli bo‘lishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Fraksiya a’zolari yana qator loyihalarni birinchi hamda ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Har bir masala yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Muhokamalardan yakunida loyihalar qo‘llab-quvvatlandi.