BARCHAGA G‘AMXO‘RLIK — DAVLATNING BURCHI

 

O‘zbekiston XDPning eng faol deputati aniqlandi

Jamoatchilik nazorati - jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda o‘ta muhim sanalgan amaliyotdir. Keyingi vaqtlarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilishdagi sa’y-harakatlari sezilarli samara bermoqda.

Bugun Buxoro shahrida «O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasining eng faol deputati» ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Barchaga ma’lumki, deputatlar turli sohalarda samarali faoliyat yuritgan, o‘z sohasida bir muncha yutuqlarga erishgan, o‘z qarashlari, nuqtai-nazari shakllangan, ma’lum bir tajribaga ega, jamiyatda hurmat qozongan shaxslar orasidan saylanadi. Biroq, ular deputatlik faoliyatini aynan qanday olib borish bo‘yicha maxsus o‘qitilmaydi. Har bir deputat o‘z bilim saviyasi, ishlash tajribasiga tayangan holda saylovchilar bilan ishlaydi va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish ishlarida ishtirok etadi. Mazkur ko‘rik-tanlov deputatlarga samarali faoliyat yuritishda yordam va yo‘nalish berish, rag‘batlantirish hamda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish kabi maqsadlarni qamrab olgan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Respublika bo‘ylab mahalliy kengashlardagi deputatlari soni anchagina salmoqli bo‘lib, 1 yarim mingdan ziyodni tashkil etadi. Ko‘rik tanlov dastlab, «Tashabbus va g‘oyalarimiz mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti uchun!» shiori ostida hududlar kesimida – tuman, shahar, viloyatlar miqyosida o‘tkazilgan bo‘lib, deputatlar 3 ta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan. Viloyatlar hamda Toshkent shahrida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan deputatlar Respublika bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi.

Respublika bosqichining ochilish marosimini O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Varisova Maqsuda Azizovna kirish so‘zi bilan ochib, keyingi yillarda deputatlarning maqomini oshirish, ularning yanada samarali faoliyat yuritishi uchun qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar, partiya g‘oyalari va ilgari surayotgan vazifalar jamiyat hayotiga joriy etib kelinayotganligi xususida to‘xtalib o‘tdi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Majidov Erkin Agzamovich ham so‘z olib, o‘zining faolligi, bilimi, shijoati orqali Respublika bosqichiga yo‘llanma olgan barcha qatnashchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi arafasida «Barchaga g‘amxo‘rlik – davlatning burchi» shiori ostida ko‘tarinki kayfiyatda boshlangan tanlovda ishtirokchilar 3 ta shart bo‘yicha - Aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘li. Siyosiy hozirjavoblik hamda erkin mavzuda yana bir bor imtihondan o‘tkazishdi. Hakamlar hay’atining qaroriga binoan birinchi o‘rin Olmaliq shahar Kengashi deputati Ergash Abduraimovga nasib etdi. Shuningdek, turli xil nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, diplom va sovg‘alar berildi.

Aslida Respublika bosqichida qatnashgan har bir deputatni g‘olib desak adashmagan bo‘lamiz. Bugungi ko‘rik-tanlov mobaynida qatnashchilar o‘zaro muloqotga kirishib, tajriba almashishdi, turli masalalarni hal qilish yuzasidan fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi, bilimlarini oshirishdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi mas’ullari ushbu ko‘rik-tanlovni an’anaviy tarzda o‘tkazishga kelishib olishdi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish