Ma’lumki, bugungi kunda butun borlig‘i, bo‘yi-basti bilan kundan-kunga chiroy ochayotgan Vatanimiz, dunyoning eng qudratli davlatlari bilan ham avvalo o‘z manfaatlari nuqtai-nazaridan hamkorlik qilayotgan va bundan tom ma’noda manfaat topayotgan, Yangi Konstitutsiya asosida yanada yangilanayotgan O‘zbekistonimiz bag‘rida bugun millionlab xalqimiz tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida, mamlakatimizda izchil ravishda erishilayotgan ulkan natijalar, tinchlik va xavfsizlikning barqarorligi, shu bilan birgalikda, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi katta reja va maqsadlarni hayotga tatbiq qilish davomiyligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham yurtimiz taqdirida muhim hayotiy ahamiyat kasb etayotganligi bugun hech kimga sir emas. Darhaqiqat xozirgi kunda global miqyosdagi ijtimoiy barqarorlik, xavfsizlik, farovonlik va albatta tinchlik tushunchalari har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, ularning ildizini mustahkamlashdan muhimroq vazifa, ulug‘roq maqsad yo‘q nazarimda. Shu nuqtai-nazardan, agar O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatdagi ustuvorliklarini tizimlashtirilgan holda tahlil qiladigan bo‘lsak, yurtimizda so‘nggi yillarda inson manfaatlari eng oliy tushuncha sifatida qaralayotganligiga, olib borilayotgan islohotlar mohiyatan ushbu maqsad atrofiga qurilayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Ayniqsa, barcha yo‘nalishdagi islohotlarning poydevori bo‘lmish Bosh qomusimizni yangi tahrirda qabul qilish jarayonidagi o‘zgarishlar bevosita, har tomonlama mustahkam va barqaror demokratik jamiyat barpo qilishga qaratilganligini alohida qayd etish adolatdan bo‘ladi. Fikrimni bu boradagi bir qator muhim omillar va yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga bog‘lagan tarzda davom ettirmoqchiman. Buning uchun avvalo, sog‘lom jamiyat tushunchasi borasida fikr yuritsak. Uning qanday bo‘lishi to‘g‘risida esa, istagancha fikr almashish, bahslashish mumkin. Biroq aniqki, sog‘lom jamiyat eng avvalo, jinoyatchilik, giyohvandlik, ishsizlik va tengsizlik, huquqlar poymol etilishi kabi salbiy tushunchalardan deyarli holi jamiyatdir. Demak, bu oliy maqsadga erishish yo‘lidagi ishlarga yondashuv eng avvalo huquqiy asoslarda aks etishi lozim va buning hayotiy isbotini qo‘rqmasdan, asosiy qonunimizda jamlay oldik, deb o‘ylayman. Zero, agar oila instituti jamiyatni tashkil etuvchi eng asosiy bo‘g‘in degan nuqtai-nazardan qarasak, avvalo oila tarkibiga e’tibor qilish lozim bo‘ladi. Demakki, xotin-qizlar va yoshlar masalalariga oid normalar tizimliligi va hayotiy ahamiyatiga Konstitutsiyamizda alohida urg‘u berilgani zamirida ana shuday haqiqat mujassam. Zotan oz emas, ko‘p emas to‘liq bob ya’ni, — o‘n to‘rtinchi bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani fikrimiz tasdig‘idir. Mavjud normalarni shunchaki sanash va e’tirof etishdan ko‘ra, ularning mohiyati haqida fikr almashish hamda bu boradagi tushuntirish va targ‘ibot ishlarini aynan yoshlar va xotin qizlar orasida ommalashtirish barchamiz uchun eng asosiy vazifa bo‘lishi turgan gap. Zero ushbu bobni chuqur tahlil qilish orqali uning zamiridagi uzviylik va hayotiylik kabi muhim jihatlarga yana bir bor amin bo‘ldim.
Demak tizimlilik borasida:
Mazkur bobda belgilangan moddalar umumiylikdan xususiylikka qarab tizimlashtirilgan. Ya’ni, 74-moddada qayd etilganidek, Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda u jamiyat va davlat muhofazasida ekani belgilangan. Darhaqiqat, jamiyat barqarorligining asosiy kafolati sifatida oilaning o‘rnini hech bir boshqa institut va yoki vosita bilan qiyoslash mumkin emas. Biroq so‘nggi paytlarda dunyo miqyosida oilaviy an’analar borasida asrlar osha hukm surib kelgan muqaddas omillar, rishtalarga jiddiy rahna o‘laroq turli ko‘rinishdagi xavflar har qachongidan ko‘ra kuchayib bormoqda. Xususan, bir jinsli nikoh, turli buyumlar, narsalar yoki hayvonlar bilan barpo etilayotgan oilalar haqida ba’zan eshitib qolyapmiz. Hatto ushbu nomunosib harakatlarning dunyo miqyosida keng yoyilishi, targ‘ib etilishi uchun urinishlar ko‘zda tashlanmoqda. Afsuski, bu kabi harakatlar ilk natijalariga ham ega. Bugungi kunda dunyoning 34 ta mamlakatida bir jinsli nikohlarga qonun yo‘li bilan ruhsat berilgan va bu mamlakatlarning umumiy aholisi soni 500 milliondan oshadi. Anglashiladiki, yarim millarddan ortiq inson ushbu noinsoniy tushunchalar tan olingan bir jamiyatda, shunday nomunosib hayot tarzida yashayotgan insonlar bilan yonma-yon yashashga mahkum. Buning nimaligini tushuntirib o‘tirishning o‘zi ortiqcha. Achinarlisi, bu kabi targ‘ibotlar inson huquqlari degan eng oliy tushuncha bilan pardalanayotganidir. Vaholangki, 500 million aholi yashaydigan hududdagi bu qo‘shtirnoq ichidagi erkinlikka shuncha odam bir ovozdan rozi, deb bo‘lmaydi albatta.
Ushbu raqam va misolni keltirishdan maqsad esa, bosh qomusimizdagi normalar asriy an’analarimiz, xalqimiz ma’naviyatining o‘ziga xosligi hamda muqaddas e’tiqodimizni o‘zida to‘la namoyon etishiga e’tibor qaratishdan iboratdir. Binobarin, konstitutsiyaning aynan 74-moddasida qat’iy belgilangani kabi “Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi” deb belgilab qo‘yildi. Eng asosiysi, davlat yurtimizda oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi alohida xatboshi sifatida mustahkamlandi.Keyingi normalar mohiyatiga e’tibor qaratar ekanmiz, avvalo o‘z oilamizni ko‘z oldimizga keltiraylik. Albatta, o‘zbek oilasida farzand tug‘ilsa, ota-onaning bor e’tibori, kuchi va imkoniyati bolani tarbiyalab, elga qo‘shishga sarf bo‘ladi.
Xuddi shu tushuncha 77-moddada aks ettirildi.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: agarki, oilaviy munosabatlar bizda hech bir normalarsiz ham risoladagidek ekan, unda nega buni bosh qomusimizda mustahkamlashimiz lozim? Bu borada o‘z fikrimni aytib o‘taman: Garchi ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishi xalqimizning qon-qoniga singib ketgan bo‘lsada, turli sabablarga ko‘ra nosog‘lom muhit shakllanib qolgan oilalar borligidan ko‘z yuma olmaymiz. Ayniqsa, ota-onaning o‘zaro munosabatlariga darz ketishi, oila parchalanishi yoki tirikchilik maqsadida muayyan va yoki nomuayyan muddatga ota, ona yoxud ularning har ikkisi oilani tark etishidan avvalo yosh bolalar, farzandlar aziyat chekishadi. Bolaligida olingan ruhiy zarba esa, istiqbolda turlicha ta’sir qilishi hammamizga ma’lum. Ushbu holatlardagi ijtimoiy munosabatlarni qat’iy tartibga solib turish esa, ana shu kabi vaziyatlarning avvalo oldini olish, oqibatlaridan ogohlantirishdek muhim maqsadlarga xizmat qiladi.
Modomiki gap, nosog‘lom oilalar haqida ketar ekan, bir haqiqatni alohida ta’kidlamoqchiman. Nosog‘lom oila nosog‘lom muhitda ulg‘aygan farzand dunyoqarashidagi kemtiklik, yirik ijtimoiy havf deganidir. Muhit tozaligi va bola tarbiyasida esa, ayolning o‘rnini hech kim yoki hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, aynan xotin-qizlar va yoshlarga oid normalar ushbu bobni mohiyatan davom ettiribgina qolmasdan, o‘zidan avvalgi qoidalarni mantiqan to‘ldiradi va yakunlaydi. Jumladan, 78-moddada Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilangani fikrimiz tasdig‘idir. Bu maqsadlarga erishishda avvalo davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Demakki ushbu yo‘nalishda zarur sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi, ham huquqiy ham moddiy ham tashkiliy jihatdan zarur choralar ko‘radi.
Shu o‘rinda bir ma’lumotni keltirmoqchiman. Maqolaga tayyorlanish jarayonida, internet qidiruv tarmog‘iga voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning holati to‘g‘risida ma’lumot olish uchun qidiruv berdim. Afsuski, aksariyat mamlakatlar bo‘yicha taqdim etilayotgan ma’lumotlarda, bu boradagi ko‘rsatkichlarda faqat o‘sish kuzatilayotgani haqidagi xabarlar juda ko‘pligi dilimni xira qildi. Tan olish lozimki, kriminogen vaziyatga tushib qolishning eng katta omillaridan biri bu, bolaning nazoratsiz holda qoldirilishidir. Bosh qomusimizning 77-moddasi xuddi shu bo‘shliqni to‘ldirishi bilan ahamiyatlidir. Zero, yuqorida aytib o‘tganimizdek, hamma oilalar ham afsuski, to‘laqonli oilalar sirasiga kirmaydi. Minglab bolalar turli sabablarga ko‘ra yetim bo‘lib qolgan yoki ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan. Demak bu o‘rinda davlat va jamiyat ushbu bolalarni boqish, tarbiyalash, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlashi alohida belgilanishi zamirida yurtimizda hech bir bola e’tibordan chetda emasligining amaliy isbotini ko‘ramiz va bu konstitutsiya darajasida mustahkamlangan.
Yuqorida aytib o‘tganimdek, oilaviy munosabatlar va xotin-qizlarga yondashuv qomusimizga o‘ta xalqona tarzda mahorat bilan singdirilgan. Binobarin, voyaga yetgan farzandlar o‘z ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishlari, buning uchun ularga davlat tomonidan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarining himoya qilinishi ta’minlanishi, qolaversa, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishining rag‘batlantirilishi alohida moddada mustahkamlangan. Bu yondashuv esa pirovardida, albatta yoshlarning zamon talablari asosidagi intellektual, ijodiy, jismoniy va ahloqiy jihatdan yetuk shaxs bo‘lib kamol topishining ko‘zlanganligidir. Bu esa, o‘ylaymanki hech kimga sir emas.
Shuningdek qomusimizning 42-moddasida “homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”, deya qat’iy belgilangan. Tan olishimiz lozimki, bu normaning qanchalar muhimligini, ko‘plab ayollarimiz, ayniqsa bor e’tibori va harakatini ishga solib, o‘qigan, oliy ma’lumot olgan opa-singillarimiz yaxshi anglaydi. Shu ma’noda bu masalaga ortiqcha izohlarning hojati yo‘q deb o‘ylayman.
Ushbu fikrlarga ko‘ra aytmoqchi bo‘lganlarim esa, Konstitutsiyamiz yurtimizda, inson qadri har narsadan ustun, degan tushunchani oliy qadriyat darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladigan normalar hisobiga yangilandi. Uni bilish, o‘rganish va olingan xulosalarni targ‘ib qilish ijtimoiy davlat barpo etish borasidagi oliy maqsadimizga xizmat qilishi shubhasizlir. Zero har qanday ish, avvalo bilishdan boshlanadi.
Zulayxo Akramova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi, O‘zXDP Fraksiyasi a’zosi.