Mehnat huquqlari himoya qilinadi

 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot insonlarning yaxshi yashashi va ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilning 30 apreli xalqimiz hayotida o‘ziga xos voqelikka ega bo‘lgan kun sifatida muhrlandi. Ko‘pchilik ovoz bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganidan dalolat bermoqda.

Konstitutsiyamizning IX-ya’ni, Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar bobida, qolaversa, 42-moddasida “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsiz va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tarzda himoyalanish huquqiga ega” normasining kiritilishi insonlarning ish joylarida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Endilikda har bir ish beruvchining ishchi xodimlarga munosib sharoit yaratishga mas’ulligi va mas’uliyati yanada oshadi.

Hozirgi kunda Konstitutsiyamizning yangi modda va normalari hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi uchun qonunlarimiz Bosh qomusimizga muvofiqlashtirilmoqda. Mehnat jamoalarida xodimlarning hech qanday kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, mehnatiga yarasha ish haqi olishi ham kafolatlanmoqda. Bundan tashqari, Mehnat kodeksida ham xodimlarning huquqlari himoya qilingan. Xususan, 21- moddada xodimning huquqlari belgilangan bo‘lib, moddaning 7-qismida “xavfsiz va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlariga ega bo‘lish, shuningdek ish joyidagi mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish talablari to‘g‘risida to‘liq va ishonchli axborot olish mumkinligi” normasining kiritilishi, xodimlarning qulay va xavfsiz ishlashiga zamin yaratadi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida O‘zbekiston oldinga qarab intilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan tamoyil ham qat’iy qilib belgilanib qo‘yilgani aholining barcha qatlamlari manfaatlari teng huquqlilik asosida himoya qilinishini anglatadi.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish