O‘zbekiston XDP Xonqa tuman kengashi tomonidan tumandagi 40-son maktabda «Madhiyamiz – faxrimiz» mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tuman partiya kengashi raisi Feruz Vaisov so‘zga chiqib, mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, xalqimizning azaliy orzu-istaklari, ezgu intilishlari davlatimiz ramzlarida o‘zining yorqin ifodasini topganini ta’kidladi.
Madhiyamiz mamlakat mustaqilligi, xalq ozodligi, davlatning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yo‘lida fidokorona mehnatni tarannum etadigan istiqlol ramzidir. Yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini mujassamlashtirgan madhiyamiz bugun ta’lim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, totuvlik hamda inoqlik, birdamlik va hamjihatlik hukm surayotir. Vatanimizning kuch-qudrati, salohiyati, obro‘-e’tibori ham tobora yuksalyapti. Eng muhimi, ozod yurtimizning hech kimdan kam bo‘lmagan farzandlari kelajakka qat’iy ishonch bilan marralar sari dadil odimlamoqda.
Tadbir davomida o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.