Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Qonun loyihasi Soliq kodeksining 44 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi 8 ta moddadan iborat. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonunlariga hamda Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, 2024 yil 1 apreldan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i “zanjiri”ni ta’minlash hamda soliq ma’murchiligida yuzaga kelgan ayrim muammolarni bartaraf qilish maqsadida dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiy va veterinariya xizmatlari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda.
2024 yil 1 apreldan boshlab aholi uchun ichimlik suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya tozalash, issiqlik ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol darajali stavkasini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan aksiz solig‘i stavkalari indeksatsiya qilinayotgan bo‘lib, 2024 yil 1 yanvardan filtrlangan va filtrsiz sigaretalar hamda boshqa tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 12 foiz, 2024 yil 1 iyuldan respublikada ishlab chiqarilgan alkogolli mahsulotlar uchun 5 foizga oshirilmoqda.
Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlantiruvchi va (yoki) xushbo‘ylashtiruvchi moddalar qo‘shimchalari bo‘lgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2 000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda. Ushbu soliq turi bo‘yicha tushumlar to‘liq holda Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bunday soliq turi 50 dan ortiq davlatlarda (Fransiya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Ozarbayjon) joriy qilingani qayd eti.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘ining bazaviy stavkalari, shuningdek, kon-kimyo xom ashyosi va noruda qurilish materiallari uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 12 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Shuningdek, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun qariyb 4 baravarga pasaytirilib, 6 000 so‘m miqdorida (amalda 22500 so‘m) belgilanmoqda. Shundan kelib chiqib, ko‘mirdan foydalanuvchi zavodlar uchun soliq stavkasini 50 foizga kamaytirish tartibi bekor qilinmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekan, xususan, aksiz solig‘i stavkalaridan tushadigan mablag‘lar tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishini ma’qulladi. Shuningdek, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol darajali stavkasini bekor qilish ham maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Bu fuqarolarning suvga, tabiatga bo‘lgan ehtiyotkorona munosabati, mas’uliyati oshishiga ko‘maklashadi. Ayrim moddalar yuzasidan bahs-munozara, savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, Soliq kodeksining 378-moddasiga professional va oliy ta’lim olishni yanada rag‘batlantirishga qaratilgan o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masalasi ham qizg‘in muhokama qilindi. Unga ko‘ra, ota-onalarga farzandlarining yoshidan qati nazar ularning ta’lim olishi uchun yo‘naltirgan mablag‘lari qismiga soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Deputatlar qonun loyihasini bir ovozdan ma’qullagan holda, turmush o‘rtoqlarga nisbatan ham bu imkoniyatni yaratish masalasini o‘ylab ko‘rish bo‘yicha qo‘shimcha taklif berildi.