Ijtimoiy himoya yagona reyestri — shaffof va samarali tizim

 

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi hamda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi hamkorligida ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi tizimi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri shaffof va samarali” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda partiya faollari, deputatlar, hamkor tashkilotlar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Aytish kerakki, kun tartibidan o‘rin olgan masalaga oid amaliy ishlar Prezidentimizning 2020 yil, 4 avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-tamoyillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktabrdagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq olib borilmoqda.

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy himoya yagona reyestrini joriy etish belgilangan bo‘lib, bu tizim davlat ijtimoiy yordamini tayinlashda inson omilisiz oilaning ehtiyojmandlik darajasi va qonun hujjatlarida belgilangan mezonlarga muvofiqligini real vaqt rejimida o‘zi aniqlaydigan, kam ta’minlangan va kam daromadli oilalarga nafaqalarni tayinlab, to‘lovlarni amalga oshiradigan hamda nazorat qiladigan, xarajatlar hisobini yuritadigan avtomatlashtirilgan axborot tizimi hisoblanadi.

Mamlakatimizda ushbu qarorga ko‘ra, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam berish jarayonlari tubdan soddalashdi. Raqamlashtirilgan tizim yordamida fuqarodan pasportidan tashqari qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydigan bo‘ldi. Mazkur tizim bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etiladi.

Masalan, bugungi kunda Yakkabog‘ tumanida mavjud 69356 oiladan 33 foiziga ijtimoiy himoya reyestri axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam tayinlangan bo‘lib, bu summa bir oylik o‘rtacha 10.9 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, dekabr oyida 667 nafar oilaning ijtimoiy ahvoli yaxshilangani axborot tizimi tomonidan avtomatik aniqlangan. Jumladan, 321 nafar oilaning daromadi belgilangan mezondan oshgan, 86 oila ikkinchi yoki noturar ko‘chmas mulkni xarid qilgan, 243 oila yangi avtotransport xarid qilgan, 67 tasi esa ikkinchi avtotransportni sotib olgani aniqlanib, kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatidan chiqarilmoqda.

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi shaffof va samarali tizim ekani, ijtimoiy xizmatlar soddalashtiribgina qolmay, balki aholining ehtiyojmand qismini muddatlarida aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini e’tirof etishdi.

Yangi tizim natijasida davlat mablag‘larining manzilli va maqsadli ishlatilishi ta’minlanadi, korrupsiyaning oldi olinadi. Yana bir tomoni, chindan ham yordamga muhtoj, biroq hech qayerga murojaat qilmagan oilalar aniqlanib, ularning turmush tarzi yaxshilanishiga xizmat qiladi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish