Dori xavfga aylanishi kerak emas

 

Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari yangi tashabbusga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hujjatlarida sog‘liqni saqlash birlamchi eng ahamiyatga molik masalalardan biri sifatida e’tirof etilgan.

Aholini sifatli, samarali va xavfsiz dori-darmon bilan ta’minlash Sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim vazifalaridan sanaladi. Bu borada yurtimizda ham 50 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Lekin, afsuski, dori vositalarining reklamasi, ularning savdosi va qo‘llanilishi borasida qonunchiligimizda ayrim bo‘shliqlar ko‘zga tashlanmoqda, yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Xususan, dori vositalari reklamasi turli ko‘rinishlarda avj olayotgani, ba’zi shifokorlar tomonidan bemorlarga asosan qimmat dori vositalari tavsiya qilinayotgani, dori vositalari narxlari sun’iy oshib ketayotgani, bunday salbiy holatlar barcha yurtdoshlarimizga ziyon yetkazayotgani, ayniqsa, kam daromadli oilalar qiyinchiliklarga duchor bo‘layotgani bor gap.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi yangi qonun tashabbusini ilgari surishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, partiya faollari va soha mutaxassislari dori vositalari reklamasi, shifokorlarning kasbiy mas’uliyati, dorixonalar faoliyati bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlarda yangi qonun tashabbusini ilgari surish masalasini atroflicha muhokama qildi.

Avvalo, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmatlarni xalqimizga yaqinlashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirib kelinayotganini qayd etishdi. Xususan, keyingi yillarda ehtiyojmand aholini zarur dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va suiiste’mol qilinishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilayotganiga e’tibor qaratildi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida dori vositalari muomalasi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalasiga alohida o‘rin berilgan. Partiya fraksiyasi sohaga doir qonunlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil o‘rganib bormoqda, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ham qator murojaatlar tushmoqda.

Misol uchun, oddiygina shamollash yoki grippga 10 ga yaqin dori yozib beriladi. Bu tibbiy jihatdan qanchalar to‘g‘ri? Bilamizki, bir insonning organizmi bir vaqtning o‘zida shuncha preparatni qabul qila olmaydi. Ularning qaysidir biri aks ta’sir qilishi, boshqa biror organni zararlashi ham mumkin.

Yana bir tomoni, yozib berilayotgan ayrim dorilarning narxi juda qimmat. Aytaylik, shifokor sizga 10 tadan kam bo‘lmagan miqdorda dori ro‘yxatini beradi. Tabiiyki, shifoxona atrofidagi dorixonalarga kirasiz va qimmat narxdagi mahsulotlarni sotib olishga majbur bo‘lasiz. Afsuski, har doim ham ularning samarasi kutilgandek bo‘lmaydi. Deputatlar bunday holatlarni kasbga xiyonat va aholining cho‘ntagiga kattagina iqtisodiy zarar, deb baholadi.

Ikkinchi tomoni, shifokorlarning qimmat dorilar yozishidan qochgan bemor kelasi safar o‘z bilganicha davolanishga urinadi. Tabiiyki, bunda OAVda reklama qilinayotgan dorilardan najot kutadi. Ularning tezda ta’sir qiluvchi vosita ekaniga ishonib, mahsulotni sotib oladi. Vaholanki, har bir inson o‘ziga xos bo‘lib, bir organizm qabul qilgan dorini boshqa organizm rad etishi mumkin. Qarabsizki, reklamada ko‘rsatilgan «sehr»ga ishongan odamning sog‘lig‘i yomonlashadi. Ayrim paytlarda bilib-bilmay, noto‘g‘ri qo‘llanilgan dorilar inson o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkinligi hayotda kuzatilgan.

Fraksiya a’zolari aynan shuning uchun ham xalqaro talablarga mos ravishda dorilar savdosi va reklamasi bilan bog‘liq me’yorlarni o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi.

Ayanchli jihati shundaki, ayrim tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari, dorixonalardan moliyaviy mukofotlar, moddiy yoxud nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday rag‘batlar olish qonunchiligimizda taqiqlanmagan. Lekin hayotda bunday ko‘ngilsiz holatlar ham kuzatilmoqda. Bu esa aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishidagi ijobiy ishlar ko‘lamiga salbiy ta’sir o‘tkazibgina qolmay, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, parlament quyi palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dori vositalarining muomalasini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. O‘zbekiston XDP fraksiyasi ishchi guruhining yig‘ilishida deputatlar va bir guruh mutaxassislar qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan qator masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

Maqsuda VORISOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Amaldagi qonunchiligimizda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini realizatsiya qilish tartibini buzganlik, dori vositalarini shifokor retsepti bo‘lmagan hollarda chakana realizatsiya qilish, tibbiyot amaliyotida foydalanishni taqiqlash hamda dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun yetarli darajada javobgarlik belgilanmagan. Dori vositalarining reklamasini tartibga solish bo‘yicha ta’sirli choralar ham mavjud emas.

Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan holatlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibini buzganlik va dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yor bilan to‘ldirish taklifi ilgari surilyapti.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunga tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar, moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlarni olishga chek qo‘yish bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritish kerak, deb hisob laymiz.

Bundan tashqari, dori vositalarining reklamasini «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi hamda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlarning tegishli moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish orqali cheklashni taklif qilmoqchimiz.

Chunki, OAV orqali tarqatilayotgan ma’lumotni 100 foiz haqiqat deb qabul qiladigan yurtdoshlarimizning katta qismi tinimsiz reklama qilinayotgan dori-darmonlar o‘z kasalliklaridan forig‘ bo‘lish uchun eng yaxshi vosita, deb qabul qilmoqda. Bu o‘rinda xastalikning aniq diagnozi, aynan o‘sha preparatning inson salomatligiga nojo‘ya ta’siri haqida o‘ylab ham ko‘rilmaydi. Dori-darmonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va reklama orqali keladigan katta daromadga qiziqqan OAV aholining tibbiy saviyasi ushbu masalalar haqida bosh qotirish uchun u darajada yetarli emasligidan foydalanib, aytish o‘rinli bo‘lsa, soyadagi yoki yashirin tibbiy yordam tizimini yaratmoqda. Bu bilan esa tibbiyotning eng muhim sharti bo‘lgan «zarar yetkazma» tamoyili qo‘pol ravishda buzilmoqda.

Ko‘pchilikni reklama qilinayotgan preparatlarning mo‘jizakor, ya’ni bir zumda isitmani tushirish, bosh og‘rig‘i, tumovni ketkazish, yo‘talga barham berish kabi ta’siri qiziqtiradi. Afsuski, bunday davolanish kasalning surunkali ko‘rinishiga o‘tishi, og‘irlashishi va asoratlanishiga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Yevropa Ittifoqining barcha davlatlarida retsept bilan sotiluvchi dori vositalarining reklamasi taqiqlangan. Kanadada ham tele va radio orqali dori-darmonlar reklamasini taqiqlash amaliyoti joriy etildi. Rivojlangan davlatlarda yangi dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish talabi kuchaytirilmoqda. Shundan kelib chiqib, biz ham qator me’yorlarni taklif etish ustida ish olib boryapmiz.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Turli sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyotda ham «mavsumiy» degan tushuncha mavjud. Ya’ni, kasalliklar mavsumga qarab avj olishi yoki passivlashishi mumkin. Ayni paytda gripp yoki shamollash boshqa paytlarga qaraganda ancha kuchaygan. Dorixonalarda esa ushbu xastaliklarga qarshi preparatlarning bozori ancha chaqqon.

Hatto, OAVda reklamalar mavsumiy kasalliklarga moslashib qolgan. Bu esa odamlarning shifokorga emas, reklama qilinayotgan dorilarga ko‘proq ishonib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Noto‘g‘ri davolanish natijasida esa jiddiy salbiy asoratlar yuzaga kelayotgani ham bor gap. Shuning uchun fraksiyamiz a’zolari tomonidan yangi qonun tashabbusi ilgari surilyapti.

Yevropa Ittifoqi qonunchiligida dori vositalarining reklamasini tartibga solish bo‘yicha qat’iy talablar belgilangan bo‘lib, reklama chiqarilishidan oldin maxsus organ tekshiruvidan o‘tishi va tegishli ruxsatnoma olinishi lozim, dori reklamasi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Shunigdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun hamda dori vositalarini shifokor retsepti bo‘lmagan holda realizatsiya qilganlik uchun qat’iy jazo choralari belgilangan.

Shuningdek, qonunchiligi bizga o‘xshash bo‘lgan yaqin davlatlarda, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasida dori vositalarining reklamasini tartibga solish bo‘yicha yetarli darajada ta’sirli bo‘lgan choralar mavjud. Tibbiyot xodimlari tomonidan farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar va rag‘batlar olish taqiqlangan. Dori vositalarini shifokor retsepti bo‘lmagan holda realizatsiya qilish uchun qat’iy jazo choralari belgilangan.

Yana bir masala. Bizning qonunchilikda faqat dorixona mudiri ma’lumotiga nisbatan talab o‘rnatilgan. Ammo dorixonaning sotuvchi xodimlari ma’lumotiga nisbatan talablar yo‘q. Bu ham qonun talablariga amal qilmaslik bilan bog‘liq tabiiy kamchilik bo‘lib qolmoqda. Demak, mazkur bo‘shliqni ham to‘ldirish haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

To‘g‘ri, shu kungacha ham qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, kamchiliklar bartaraf etib kelinayotgan edi. Ma’muriy, hatto jinoiy javobgarlik ham kuchaytirildi. Biroq bunda asosiy e’tibor kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarga qaratilgan. Retseptsiz sotilishi taqiqlangan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yilmadi. Farmatsevtik mahsulotlarning reklamasi esa kundan-kun avj olyapti. Bularning barchasi aholi salomatligiga u yoki bu darajada zarar yetkazayotgani, bolalarimiz salomatligiga xavf tug‘dirayotgani, afsuski, haqiqat.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari ilgari surishga tayyorgarlik ko‘rayotgan mazkur qonunchilik tashabbusi aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishi bilan ahamiyatlidir. Zero, dori vositalari insonning dardiga shifo bo‘lishi kerak. Ularning sog‘lig‘iga xavf, g‘irrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 20.12.2023, №50

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish