O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media-markazida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya ma’sullari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, bu borada davlat xizmatlarini takomillashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, O‘zbekiston aholisini 2030 yilgacha ijtimoiy-himoya qilish strategiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilayotgani xususida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini hisobga olish va manzilli qo‘llab-quvvatlashning yangi milliy modeli joriy etildi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatishni raqamlashtirish imkonini beruvchi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mahalla darajasida aholining alohida qatlamlari – ayollar, yoshlar, keksalar, nogironlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan holda eng muhtoj oilalarni xolisona baholash va ro‘yxatini shakllantirish amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ishlashini to‘g‘ri tashkil etish ijtimoiy himoya uchun ajratilayotgan mablag‘larning manzilli va maqsadli ishlatilishi ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish maqsadida mahalliy Kengash deputatlarining o‘rganishlar yakunlari Navoiy viloyati misolida tahlil qilindi. O‘rganishlarda aniqlanishicha, xonadonlar toifalarga ajratilib, yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Moddiy yordamga muhtoj, ehtiyojmand, nogiron farzandlari bor oilalarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilib, belgilangan nafaqalar to‘lab kelinmoqda. Ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash uchun monomarkazlarda o‘qitilmoqda.
Sohadagi ijobiy ishlar bilan birga, ijtimoiy nafaqalar avtomatik tarzda tayinlanishi tufayli ba’zi kamchiliklar ham ko‘zga tashlanayotgani aniqlangan. Jumladan, ayrim hollarda ko‘chmas mulk va avtomashinalari yaqin qarindoshlari nomida bo‘lgan, yoki ishonchnoma asosida boshqarib yurgan o‘ziga to‘q oila vakillari tomonidan ham tizim orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlanganlik holatlari mavjud. Bu esa o‘z navbatida, boshqa haqiqiy muhtoj fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar bo‘yicha bepul davolanish uchun beriladigan orderlar har doim ham reyestrda ro‘yxatga olingan ehtiyojmand fuqarolarga yetib bormayapti. Reyestrga olingan aholining yordamga muhtoj qismiga uy-joy ajratish, shuningdek, yolg‘iz keksalarni parvarishlash, doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish borasida ham kamchiliklar bor.
– Partiyamiz tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimi bo‘yicha barcha hududda o‘rganish ishlarini olib borish rejalashtirilgan, – deydi partiya Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Sirojiddin Shonazarov. – Shu vaqtga qadar Navoiy va Jizzax viloyatlarida ishchi guruhlar tomonidan o‘rganishlar olib borildi. Respublika bo‘yicha 2 million 100 mingdan ortiq aholi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ularning 5-6 foizi o‘ziga to‘q oilalar ekanligi aniqlanmoqda. Demak, ushbu reyestrni yanada takomillashtirish lozim. O‘rganishlarimiz natijasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da hisobga olingan 2 million 100 ming oila qayta inventarizatsiyadan o‘tkaziladi va real holat aniqlanadi.
Muhokamalar davomida aniqlangan masalalar yechimi yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi. Ayrim hollarda oilalarda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘ta og‘ir ijtimoiy vaziyatlarda (og‘ir kasallik yoki boshqa holatlar) tizimga istisno tariqasida deputat xulosasi yoki mahalliy kengashlar qarori asosida arizani hisobga olish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova,