Yangi yil Yaxshi yil bo‘lsin!

 

Har bir yil inson hayotida qandaydir iz qoldiradi. Biror yaxshi voqea, yaxshi xotira bilan ularni eslab qolamiz. 2023 yil xalqimiz uchun nihoyatda omadli, barakotli, xayrli voqea-hodisalarga boy bo‘ldi. Mamlakatimizning barcha hududlarida odamlar kutgan, orzu qilgan juda katta yangiliklar, yaxshiliklar bo‘ldi, xayrli tashabbuslar ko‘paydi.

Kimdir yangi uyga ko‘chib o‘tdi, yana bir oila o‘z mustaqil ishini boshlab doimiy daromadga ega bo‘ldi, kimdir yangi hayot boshladi, yana kimdir salomatligini tikladi.

Albatta, yangi yil quvonch, oilaviy bayram va o‘z navbatida, yangi umidlar vaqti. Kimdir to‘y qilish haqida o‘ylasa, kimdir yangi inshoot qurish yoki boshlagan imoratini bitkazish, o‘z ishini yo‘lga qo‘yish kabi ezgu rejalar qiladi. Shu tariqa yangi yilga yangi orzular, katta umidlar bilan kirib boriladi.

Gazetamizning bu galgi qahramonlari ham o‘tayotgan yilning esda qolarli damlari va yangi yildagi rejalari bilan bo‘lishishdi.

 

Yangi yildan umidimiz katta

Mamlakat Nurmatova,

12-maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori, xalq deputatlari Bo‘ston tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

- Yangi yildan hammamiz avvalo ko‘p yaxshi narsalar kutamiz, o‘tayotgan yildagi ishlarimizni sarhisob qilib, maqsadlar qo‘yamiz. Albatta, deputat sifatida joylarda aholining hayot darajasini oshirish, hududlar taraqqiyotiga xizmat qiladigan tashabbuslar ko‘payib borayotganidan quvonaman.

“Dehqonobod” mahallasida qariyb 2 mingga yaqin aholi yashaydi.

O‘tib borayotgan 2023 yilda mahallamizda ko‘p yaxshi ishlar bo‘ldi. Eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi, hududimiz internet tarmog‘iga ulandi, xizmat ko‘rsatish va servis yanada yaxshilandi. Yillar davomida yondosh qishloq va mahallalardan chelaklab suv tashigan odamlarimiz uchun yana bir katta yangilik bo‘ldi. Ya’ni, mahallamizga suv keldi, odamlar xursand.

2024 yilda ham yanada yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishini istaymiz. Deputat sifatida saylovchilarim bilan uchrashganda ko‘pincha bandlik masalasida murojaatlar bo‘ladi. Shuning uchun kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga chuqurroq e’tibor berishimiz kerak, deb o‘ylayman. Imkoniyatlar ko‘p, faqat ulardan oqilona foydalansak bo‘ldi. Yangi yilda mahallamizda yangi sex ochish uchun harakat qilyapmiz. Hozir bir nechta qizlar tikuvchilik, to‘quvchilik bo‘yicha kurslarda o‘qiyapti. Ularni shu sexga ishga joylashtirish niyatidamiz.

Shuningdek, yaqinda mahallamizdagi nogironligi bo‘lgan yigit-qizlar bizga ishga joylashishda yordam so‘rab kelishdi. Ular bilan suhbatlashdik, kosibchilik, to‘qimachilik bilan shug‘ullana olishlarini aytishdi. Hozir hunarmandchilik markazlari tashkil qilib, qo‘lidan ish keladigan shunday yoshlarimizni ishga joylashtirish bo‘yicha reja qilyapmiz.

Hududimiz “Obod mahalla” dasturiga kiritildi. Infratuzilma yanada yaxshilanib, mahallamiz yanada obod bo‘ladi, bundan juda xursandmiz. Yangi yilda “Zavraq” va “Soybo‘yi” ko‘chalarini asfalt qilish masalasi hozir juda muhim. Kutubxona va sport zallari ham tashkil qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Mahallamiz obodligi uchun tashabbuslar ko‘p bo‘lishini xohlardim.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

 

“O‘z ustaxonam, ishxonam bo‘ladi...”

Azizaxon Salimova,

hunarmand:

– Rasm chizishga, hunarmandchilikka juda qiziqaman. Rang-tasvir, kulolchilik, naqqoshlik jonu dilim. Shu yo‘nalishda ijod qilaman, chiroyli san’at asarlari yaratishga intilaman. Qadim va navqiron Buxoroning o‘tmishi, bugunidan so‘zlaydigan chizgilarim, ijod mahsulim ham juda ko‘p. Ularni ko‘rib zavqlanaman, ishimga ishtiyoqim yanada oshadi.

Onam bilan turli buyumlar, liboslar, joynamozlar va so‘zanalarga naqshlar tikamiz. Buyurtma asosida ishlash barobarida ijod bilan ham shug‘ullanaman. Hozir hunarimdan yaxshi daromad topyapman. Chizaman, yasayman, yangi g‘oyalar yarataman. Hamisha yangilik yaratishga intilaman. Odamlar noodatiy narsalarga qiziqishadi, bugungi zamonda xaridorlarni hayratga solish mushkul. Shuning uchun tinmay izlanaman.

Mahsulotimni asosan sayyohlar sotib oladi. Shuningdek, savdogarlar buyurtma qilishadi. Hozir uyda ishlayman. Yangi yilda rejalarim juda ko‘p. Kelasi yildan o‘z ustaxonam, ishxonam bo‘ladi, hozir shu maqsad uchun harakat qilyapman. Kredit olib, ustaxonam faoliyatini yo‘lga qo‘ysam, 2-3 nafar tengdoshlarimni ham yonimga qo‘shishni, ish bilan ta’minlashni niyat qilganman. Viloyat banklaridan kelishib, bu masalada mablag‘ ajratilishini va’da qilishgandi. Yangi yilda ulardan yaxshi xabarlar kutyapman.

Yangi yildagi yana bir rejani amalga oshirishim kerak. Ya’ni, xorij tillarini o‘rganmoqchiman. Ustaxonamni ishga tushirsam, bu yerga turistlar ko‘p keladi, ular bilan muloqot qilishim uchun xorij tillarini bilishim kerak.

Barcha tengdoshlarimni eshik qoqayotgan yangi yil bayrami bilan tabriklayman. Yaxshidan-yaxshi orzular qilaylik va ular amalga oshaversin!

 

Oila psixologi ko‘paysin, deyman...

Nilufar Sangirova,

Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi, XDP a’zosi:

- 2023 yil hayotimda yaxshi yangiliklarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomladim, magistr darajasiga erishdim. O‘zim yaxshi ko‘rgan kasbimda ish boshladim. Albatta, yangi yilda ham yangidan-yangi yutuqlar, orzu-maqsadlarim ro‘yobini kutyapman.

Aholining nafaqat huquqiy, tibbiy savodxonligini oshirish, balki ishda va oilalarda ularning o‘zaro munosabatlarini bir maromda kechishi uchun ham psixologlar yordami zarur. Shuning uchun hozirgi paytda psixolog xizmatiga talab, ehtiyoj mamlakatning barcha hududlarida ortib bormoqda, shunga yarasha amaliyotchi-psixolog faoliyati tobora kengaymoqda. Axborot texnologiyalari asrida yashayapmiz. Xohlaymizki, yo‘qmi, internet, virtual olam ko‘pchilikning ichki dunyosiga, ruhiy olamiga ta’sir qiladi, ayniqsa, yoshlarning.

Avvalo, mamlakatimizdagi barcha fuqarolar, oilalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri oila psixologlariga murojaat qila olish mexanizmi yo‘lga qo‘yilishini xohlardim. Shuningdek, har bir aholi yashash punktlarida oila psixologlari maslahat markazi ochish uchun ularga vakolat berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb o‘ylayman. Buning uchun albatta, psixologlarga markazlar ochish uchun imtiyozli kreditlar berilsa, ham ish o‘rni yaratiladi, ham oilalardagi muammoli vaziyatlar bartaraf etilardi. Chunki oila psixologi nafaqat oilaviy nizolar va muammolarni, balki insonning shaxs sifatida yuksalishi, o‘z ishini qo‘rqmay boshlashi uchun ruhlantiruvchi, kishining o‘ziga ishonchini oshiradigan mutaxassislardir.

Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan vaqtincha ishsiz yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish ishlarini yanada kuchaytirish kerak. Psixologlar mahallalarda yoshlar, xotin-qizlar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazishi kerak, ularni tinglashi kerak. Bu masalaga qanchalik jiddiy yondashsak, jamiyatda xulq-atvorida salbiy illatlarga moyil, ijtimoiy me’yorlarni qabul qilolmaslik xohishi, xatti-harakatlarini nazorat qila olmaydigan bolalar yaxshi tomonga o‘zgaradi. Ayollarning o‘ziga ishonchi ortadi, qanchadan-qancha oilalar hayotini izga soladi.

Kirib kelayotgan yangi yildan maqsadlarimiz, orzularimiz katta. Mamlakatimizdagi har bir inson hayotidan mamnun, baxtli yashashga haqli. Yurtdoshlarimiz tinch-totuvlikka, hamjihatlikka, yosh oilalarning boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan darajada tinch-totuv yashashlari, ishsizlik darajasini kamayishini judayam istayman.

Yangi yilda barcha orzularimiz amalga oshsin. Oilalarni tinchlik, xotirjamlik tark etmasin!

 

Hisobdorlik javobgarlikni oshiradi

Alisher Pardayev,

O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi raisi:

- Ishonchim komilki, kirib kelayotgan 2024 yilimiz 2023 yilga nisbatan kam bo‘lmaydi, yaxshi yangiliklar yanada ko‘payadi, sohalarda olib borilayotgan islohotlar yanada xosiyatli va samarali bo‘ladi.

Joriy 2023 yilda ham ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirdik. Viloyatdagi deputatlarimiz tashabbusi bilan 30 dan ortiq masala sessiyalarda ko‘rib chiqildi. 20 dan ortiq masala doimiy komissiya yig‘ilishlarida, 30 dan ortiq masala partiya guruhlarida muhokama etildi. Saylovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan 140 dan ortiq masala yuzasidan tegishli tashkilotlar mutasaddilariga deputatlik so‘rovlari yuborildi. Bugungi kunga qadar ularning 82 tasi yechimini topdi. Shuningdek, 22 marta ijro hokimiyati vakillari hisobotlari eshitildi.

2023 yilda deputatlarimiz faolligi sezilarli darajada oshdi, faoliyatimiz ancha sermahsul bo‘ldi, deyish mumkin. Oldimizda hali muhim vazifalar turibdi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamiz asosida davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, davlat hokimiyati faoliyati ustidan xalq nazoratini kuchaytirishga qaratilgan ishlarimizni yanada kengaytirmoqchimiz.

O‘zgarishlar, yangilanishlar sabab bu yil ko‘p narsani tushunib, anglab yetdim. Yana bir yoshga ulg‘aydik, tajriba orttirdik. Yangi yilda deputatlik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab oldik. Chunki nazorat kuchaygan joyda mas’uliyat bo‘ladi, hisobdorlik javobgarlikni oshiradi. Bu – hayot qonuni.

Yana bir muhim masala. Aholining qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi va har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda. Albatta, bunday demografik o‘sish biz uchun ham imkoniyat, ham juda katta mas’uliyatdir. Yoshlar bilan ko‘proq ishlash kerak, deb o‘ylayman. Avvalo, ular ish bilan ta’minlanishini xohlayman. Qishloqlarda kutubxonalar tashkil qilish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilishga e’tiborni kuchaytirish lozim.

To‘g‘risi, hozir ko‘pchilik yoshlar telefon, internetda asosiy vaqtini o‘tkazadi. Axborot asrida yashayapmiz, buni cheklab bo‘lmaydi. Lekin ota-onalar bilan kelishgan holda, hamkorlikda farzandlarimizni kutubxonaga jalb qilish choralari ko‘rilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, hududlarda, chekka qishloqlarda ham “Smart kutubxona”larni ko‘rishni istardim. Bolalarimiz bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni kitobga qiziqtirish bo‘yicha qiziqarli aksiyalarni ko‘paytirsak, bu bugunimiz uchun ham, kelajagimiz uchun ham yaxshi bo‘ladi, menimcha.

 

Ishsizlik kamayishini xohlayman

Shuhrat Yusupov,

xalq deputatlari Yakkabog‘ tuman Kengashi deputati:

- 2023 yilda o‘z saylov okrugimda amaliy ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, “Mevazor” MFY hududidagi “Mahmatmo‘min ota” qabristonini obodonlashtirish bo‘yicha tashabbusim bilan ochiq budjet platformasi orqali 750 mln. so‘m yutib olindi.

Shuningdek, ushbu mahalladagi tuproqli yo‘llarni qumshag‘al bilan tekislashtirdik. Joriy yilning avgust oyida “Kattabog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisini qiynab kelayotgan toza ichimlik suvi muammolari hal etildi.

O‘tib borayotgan yilda saylov okrugimda 400 nafardan ortiq saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdim. Muammolarni ochiq-oydin tahlil qildik, aholining taklif va mulohazalarini o‘rgandik.

40 dan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga sog‘ligini tiklash hamda jarrohlik amaliyoti uchun, moddiy ta’minot uchun tuman “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali bir martalik moddiy yordam berilishiga ko‘maklashdik. Shuningdek, 13 nafar nogironligi bo‘lgan fuqarolarga aravacha va boshqa turdagi reabilitatsiya vositalari olib berildi.

2023 yil men uchun judayam omadli, barakali yil bo‘ldi. Viloyat miqyosida o‘tkazilgan “O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng faol deputati” ko‘rik-tanlovida qatnashib “Eng shijoatli yosh deputat” nominatsiyasi sohibi bo‘ldim. Sentabr oyida “MDH yetakchilari” xalqaro ilmiy-amaliy tanlovida g‘olib bo‘lib, esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.

2024 yilda ham katta maqsadlarni oldimga qo‘ydim. Ish o‘rinlari ko‘payishini, odamlarimizning daromadi oshishini xohlayman. Shundan kelib chiqib, saylov okrugimdagi 100 dan ortiq ishsiz xotin-qizlarni bozor talabidan kelib chiqib, kasb-hunarga o‘qitishni rejalashtirdim. Yangi yilda ishlashga ishtiyoqi bor, qaysidir kasb-hunarga qobiliyatli yigit-qizlarni faol qo‘llab-quvvatlashni reja qildim. Mahallalarda kosibchilik, sartaroshlik, tikuvchilik yoki boshqa xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlansa, bu orqali nafaqat ish o‘rni yaratiladi, balki o‘sha hududda infratuzilma rivojlanadi.

Albatta, shaxsiy hayotimda ham yangi rejalarim bor. Ushbu yilda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, yangi, shinamgina uy-joyli bo‘ldik. Hozirda shu yangi uyda turmush o‘rtog‘im va 4 nafar farzandim bilan chiroyli, baxtli oila bo‘lib yashab kelyapmiz. 2024 yil avtomashinali bo‘lishni niyat qilyapmiz.

Respublikamizning barcha fuqarolariga 2024 yil 2023 yildan-da omadli kelishini tilayman.

 

Yangi yil saylov yili!

Shohruh O‘ktamov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bosh maslahatchisi, Yoshlar parlamenti a’zosi:

- O‘zbekistonda siyosiy partiyalar uchun kirib kelayotgan yil sinovli bo‘ladi. O‘z elektorati manfaatlariga daxldor masalalarga ko‘proq urg‘u qaratishga bel bog‘lash imkoniyatini yaratadi. Kelasi yil mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyatlar, tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. 2023 yil yurtimizda muhim siyosiy jarayonlar bo‘lib o‘tganining guvohi bo‘ldik.

Kelgusi saylovlar yangi tartibda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi siyosiy partiyalardan raqobatbardosh muhitda saylovoldi dasturlari hajmiga emas, ko‘proq amaliga qarab ish ko‘rishni talab etadi. Bu safar an’anaviy saylov bo‘lmaydi. Bizga an’ana emas, kelajak lozim. Bu fikrni har bir nomzod chuqur his etishi muhim. Aslida parlament yoki Kengashlar emas, balki insonlar harakat qiladi. Qonun hech narsani bajarmaydi va hech narsa uchun javobgar emas. Uni ishlab chiqqan va ma’qullaganlargina javobgar bo‘ladi.

Saylovlarda real hayot inobatga olinmasa, siyosat bo‘lmaydi. Raqobat kuchsizligi jamiyatni ham kuchsizlantiradi. Saylovlar haqiqiy hayotdan uzilsa, virtuallashuv kuchayib boradi. Bu jamiyatda siyosiy partiyalardan ko‘ra, onlayn jamiyatlar ko‘payishiga zamin yaratadi. Buning oldini olish uchun siyosatchilarning aytgan faktlarini saylovchi tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

Shuning uchun 2024 yil har doimgidan-da faol bo‘lishimiz zarur. Dastur va loyihalarimizni hayot talablariga qarab kuchaytirishimiz lozim. Bunga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, yoshlar fundamental o‘zgarishlarni ko‘rishni istashadi.

Islohotlar samarasini ta’minlashda faol ishtirokchi bo‘layotgan barcha yurtdoshlarimizni yangi yil bilan qutlayman. Xayrli va ezgu tashabbuslarimiz ko‘payaversin!

 

2024 yil yanada xosiyatli va samarali bo‘lsin!

Mavluda Choriyeva,

Jondor tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, tikuvchi:

- Bu yilda erishgan natijalarimni yil boshida xayolimga ham keltirmagandim. Natijalar juda yaxshi, men bir narsaga yana amin bo‘ldimki, harakatlar ertami-kechmi, albatta, natijasini beradi. O‘quvchilarimiz fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi, respublikamizning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Ustozga shogirdining yutuq va zafarlarini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

Shaxsiy hayotimizda ham yaxshi yangiliklar bo‘ldi. Ishimdan tashqari chevarchilik bilan ham shug‘ullanaman. Mahallamiz markazida o‘z ustaxonamiz bor, bu yerda shogird qizlar bilan buyurtma asosida kiyim-kechaklar tikamiz. Ish hajmi oshib, buyurtmalar ancha ko‘paydi.

2 nafar farzandim bor, hozir ularning yaxshi o‘qishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar qilyapman. Farzandlarim o‘qimishli bo‘lishini xohlayman. Sharoit va imkoniyatlar yetarli, hamma gap e’tibor va qo‘llab-quvvatlashda.

Albatta, yangi yildan ham umidlarimiz ancha katta. Qishlog‘imizdagi tikuvchilikka, chevarchilikka qiziqishi bor qizlarni jalb qilib, tikuv sexi ochish niyatidaman. Buning uchun bino bor, kerakli mablag‘ni yo‘naltirib, tikuv mashinalari olsak bo‘ldi. Yaqinda deputatimiz bilan shu masalada gaplashdik, ishimizning huquqiy tomonlarini maslahat qildik.

Ko‘p narsa kishining harakatiga bog‘liq, aslida. Yelib, yugurgan odam kam bo‘lmaydi. Imtiyoz ham, imkoniyat ham bor. Qanchadan-qancha imtiyozli kreditlar bor, bular kim uchun, albatta biz uchun, farovonligimiz uchun. Faqat ulardan oqilona foydalansak, marra bizniki.

Yurtdoshlarimizni yangi yil bilan qutlayman. Xonadonlardan tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va farovonlik arimasin!

 

Tibbiy xizmat sifati yanada oshishini istayman

Quvondiq Bisengaliyev,

Qonliko‘l tuman tibbiyot birlashmasi shifokori, xalq deputatlari Qonliko‘l tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

- Yangi yildan hammamiz avvalo ko‘p yaxshi narsalar kutamiz. Avvalo, tibbiyot sohasida yanada yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishini istayman.

To‘g‘ri, bugun yurtimiz tibbiyotidagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z hayotida, turmush tarzida his etib turibdi. Ammo tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham ko‘p, aslida.

Tumanimiz Nukusdan 95 km. Olisda joylashgan. Bu yerda 53 ming nafardan ortiq aholi yashaydi, 7 ta qishloq-ovulimiz bor. Ularga sifatli tibbiy yordam kerak.

Davlatimiz rahbari aholining malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish zarurligini ko‘p aytadilar. Shundan kelib chiqib, qator xayrli tashabbuslar ham amalga oshyapti. Ana shular qatoriga bizning hududda, 2 ta ovulimizda oilaviy shifokorlik punktlari tashkil etilishini xohlayman. Bu tumanimiz aholisi uchun juda yaxshi yangilik bo‘lardi. Boisi, tibbiyot muassasasi ba’zi hududlarga olislik qilib qolgan. Salomatlik bilan bog‘liq har xil holatlar bo‘ladi. Avtoulovi borlari bor, yo‘qlari bor. Yo‘l olis bo‘lsa, bir necha daqiqada ham muhim bo‘lgan vaziyatlar tug‘ilishi mumkin. Shunday paytlarda o‘z hududidagi tibbiy muassasa asqotadi-da. Kelgusi yilda tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirish choralari ko‘rilsa, yaxshi bo‘lardi. Shunda malakali tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlar ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, ovora bo‘lib yurmaydi.

Shuningdek, yashash hududida sifatli ambulator va statsionar tibbiy xizmatlarni olish uchun sharoit kengaytirilishini xohlayman. Chekka hududlar va ovullarda ham tibbiyot sohasini raqamlashtirish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Tibbiyot birlashmamizga zamonaviy tibbiy uskunalar, yaxshi mutaxassislar kerak.

To‘g‘ri, keyingi yillarda barcha hududlarda bo‘lgani kabi bizda ham tibbiy xizmat yaxshi tomonga o‘zgardi, eskirgan tibbiy apparaturalar yangilariga o‘zgartirildi. Bizga asosan tor mutaxassislar yetishmaydi. Kelgusida safimizga yetuk kadrlar qo‘shilishini kutib qolamiz. Zero, odamlar bizdan, tibbiy xizmat sifatidan hamisha rozi bo‘lsin.

Barchaga sihat-salomatlik tilayman, hech kim kasal bo‘lmasin!

 

2024 yilda xotin-qizlar orasida zamonaviy soha vakillarini kashf etamiz!

Rohila Abduqodirova,

Toshkent viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xalq deputatlari Angren shahar Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

– 2023 yilda yangiliklar yangiliklarga, yaxshiliklar yaxshiliklarga ulandi. Xususan, xotin-qizlar manfaatini himoya qilish, ayollarning oila va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Muammolarga yechim topish tizimi yanada osonlashdi, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan opa-singillarimizga yaqindan ko‘mak berilyapti. Ularning o‘qishi, ishlashi, salomatligi, oilasi uchun sharoitlar yaxshilanmoqda. Uy-joysiz, ishsiz ayollarga qancha imtiyozlar, imkoniyatlar berildi. Gender tenglik masalalarida ham qator e’tiborga molik ishlar qilindi, natijada ayollarning jamiyatdagi mavqei ham oshib bormoqda, siyosiy-huquqiy faolligi tobora yuksalib boryapti.

Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Oila va xotin-qizlar ko‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani ham bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi aniq. Ushbu farmon mamlakatimizdagi barcha xotin-qizlar qatorida meni ham juda quvontirdi.

Farmonda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, gender tenglik, davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning nufuzini oshirish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish masalasiga alohida e’tibor berilgani mamlakatimizdagi har bir ayolning ko‘nglidagi gap bo‘ldi, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Shunday imkoniyatlardan foydalanib, biz ham kirib kelayotgan 2024 yil uchun bir qator yangi vazifalarni oldimizga qo‘ydik.

Xususan, ta’lim va fan sohasida yutuqqa erishgan ayollarimizning tajribalaridan foydalanib, qizlarimizning yaxshi ta’lim olishi uchun keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini kuchaytirmoqchimiz. Kelgusi yilda asosiy maqsadimiz xotin-qizlar orasida olimalar, ixtirochilar, injener-texnologlar, lider-tadbirkorlar, zamonaviy soha vakillarini kashf etishdir.

Yangi yilda qalbimizda in qurgan ezgu niyatlarimizning hammasi amalga oshsin!

 

* * *

Maqsadlar, niyatlar katta. Hamma orzusiga erishsin, kutgani amalga oshsin. Eng asosiysi, yangi yil yaxshi yil bo‘lsin!

 

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri

Laziza Sherova tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 27.12.2023, №51-52

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish