Yoshlar masalasiga bo‘lgan e’tibor kuchayib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi

 

Poyoniga yetgan 2023 yil yurtimiz solnomasida siyosiy voqealarga boy tafsilotlari bilan uyg‘un holda tarix zarvaraqlarida muhrlanib qoldi. O‘tgan yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli keldi. Mamlakatimiz tanib bo‘lmas darajada chiroy ochdi.

Respublikamizning barcha go‘shalari ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylandi. Yuqori texnologik zamonaviy sanoat korxonalari, logistika va infratuzilma tarmoqlari, bog‘cha va maktablar, madaniyat va sport obyektlari barpo etildi. Yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholining yashash sharoitlari o‘zgardi.

Ayniqsa, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, bandligi va tadbirkorligiga ko‘maklashish, sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi. Biznesni boshlash istagida yurgan ming-minglab yoshlarga amaliy yordam, keng imkoniyatlar yaratib berildi.

Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha esa mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Yurtimizdagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Bu tizim orqali mahallada yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi.

Joriy yilga “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilishi zamirida chuqur ma’no mujassam. Zero, yoshlar — davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchidir. Bugungi kunda keng rivojlanmagan biznessiz esa zamonaviy iqtisodiyotni tasavvur etib bo‘lmaydi.

Bu yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ustuvor ahamiyat qaratiladi, yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi, degani.

Inchinun, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois, har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarga tayanadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgani, hech shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda. Jumladan, alohida bir bobning (XIV bob) oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani yurtimizda yoshlar huquqlarini himoya qilishga qanchalik e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Bosh qomusimizda davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi ham belgilab qo‘yilgan. Ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlangan.

Albatta, bularning barchasini qisqa muddatda hal qilish mushkul. Shu sababli davlat bu kabi masalalarni o‘z zimmasiga olmoqda. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda inson manfaatlari hamma narsadan ustun, yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni biznesini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashish hamma vaqt e’tibor markazida bo'lishiga ishoradir.

Asosiy qonunimizda biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham alohida moddalar mavjud. Bu yurtimizda olib borilayotgan islohotlar bardavomligini, uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan xayrli ishlar o‘zining yuksak natijalarini berishini anglatadi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangani e’tiborga molik. Xususan, 400 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish, yoshlarning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

Sirasini aytganda, bugun yurtimizda yoshlar soni 19 milliondan oshiq bo‘lib, aholimizning katta qismini tashkil etmoqda. Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan hamda bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Ishonchim komilki, yangi yilda ham iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, yoshlar masalasiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayib, ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi.

 

Sherzod RAHMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish