Qonunga zid tarzda uy-joydan mahrum etishga yo‘l qo‘yilmaydi

 

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Mamlakatimizda xususiy mulk va unga bo‘lgan huquqlar daxlsizligini ishonchli himoya qilinishini ta’minlash hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklashga doir tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi haqida qat’iy norma belgilandi.

 

Taklif etilayotgan Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi hamda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida” Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Fraksiya a’zolari Qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar uning qabul qilinishi birinchi navbatda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz amalga oshirishga, xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining ta’minlanishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Nazarda tutilayotgan o‘zgartirishga muvofiq, mulkdorlarni sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joydan mahrum etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Turli sabablarga ko‘ra, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanishi belgilanmoqda. Deputatlar ayrim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashgach, Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Ma’lumki, yurtimizda bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish, ularni sog‘lomlashtirishga jiddiy e’tibor qaratiladi.

Mazkur Qonunda kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida tashkil etilgan dam olish maskanlarini (dam olish uylari va dam olish zonalarini) majburiy sertifikatlashtirish talabidan hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasini ma’lum muddatga foyda solig‘idan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Deputatlar loyiha bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi sharoitlarni yanada yaxshilash, kelajagimiz bo‘lmish farzandlarimizning ta’tilni mazmunli o‘tkazishi, ularni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirish bo‘yicha vazifalar samaradorligini oshirishga xizmat qilishini e’tirof etishdi.

Savol-javoblardan so‘ng Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish