O‘zA: Daromad 100 million so‘mdan oshganda soliq to‘lanishi teng huquqlilikni ta’minlaydi

 

Ma’lumki, 2023 yil 28 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan Soliq kodeksining 369-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar daromadi 100 million so‘mdan oshganda, soliq to‘lashni boshlaydi.

Ushbu tartib ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari Abdujabbor Ochilov quyidagilarni qayd etdi:

– Avval o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soliqdan ozod bo‘lgan va bir qancha imtiyozlarga ega edi. Soliq kodeksining 369-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadlari yuz million so‘mdan oshgandan keyin ularga ham yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq solinishi belgilandi.  

Xalq demokratik partiyasi vakili sifatida ushbu qonunda belgilangan tartibni to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Chunki bugungi kunda o‘qituvchi ham, ishchi-mehnatkash, oddiy farrosh ham o‘zi olayotgan oylik maoshidan daromad solig‘i to‘laydi. Bu soliqlar esa asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga, nogironlarga ketadi.

Bugun ko‘pgina yurtdoshlarimiz Internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham daromad topmoqda. Har bir chiqayotgan reklama, berilayotgan konsultatsiya, mahsulot sotish – barchasining ortida daromad bor. Demak, teng huquqlilikni ta’minlash uchun ular ham qonunchilikda ko‘rsatilganidek, topayotganidan daromadidan daromad solig‘ini to‘lashi kerak. Bu teng huquqlilik prinsipini hamda Konstitutsiyamizda belgilanganidek, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish