XDP yana bir muammoni ko‘tardi: Bank aholi uchunmi yoki aholi bank uchun?

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda “Banklar va ularning xizmatidan foydalanuvchi fuqarolar o‘rtasida vujudga kelayotgan muammolar va ularning yechimi to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda bank xizmatlari turlari ko‘payib, ulardan foydalanish, ayniqsa, kredit olish tizimi soddalashib boryapti. Maishiy texnikadan tortib kiyim-kechak, oziq-ovqatlarni ham “hozir olib, keyin to‘lash” imkoniyati mavjud. Zamonaviy tezkor bank xizmatlarining ko‘payishi yurtdoshlarimizga qulaylik yaratyapti albatta. Ammo olingan pul mablag‘lari o‘z vaqtida to‘lab borilmas ekan bank yoki nobank tashkilotlari bilan mijoz o‘rtasida muammolar kelib chiqishi hech gap emas.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov sohada amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarni e’tirof etgan holda so‘nggi paytlarda kredit yoki mikrokredit olgan fuqarolarning bank kartalaridan, shuningdek ularning kafillari kartalaridan ruxsatsiz pul mablag‘larini yechish holatlari ko‘payganiga urg‘u berdi. Bu esa amaldagi qonunchilik talablari buzilishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Masalan, Fuqarolik kodeksining 783-moddasiga binoan, mijozning ko‘rsatmasisiz pul mablag‘larini yechish faqat sud qarori bilan yoki fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda belgilangan yoki bank va mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda yo‘l qo‘yiladi. Boshqa vaqtda esa karta egasining ruxsatisiz pul yechib olinishi noqonuniy harakat sanaladi.

Mazkur masala O‘zXDPning hududiy tashkilotlari va deputatlik birlashmalari tomonidan deyarli barcha hududlarda o‘rganib chiqilgan bo‘lib, qator muammolar mavjudligi aniqlangan. Xususan, qarz oluvchi bilan sug‘urta tashkiloti o‘rtasida qarz oluvchining bank kartalaridan mablag‘larni akseptsiz tarzda yechib olish yuzasidan shartnoma tuzilmagan va bunday huquqning nobank tashkilotlariga berilishi qonunchilikda ko‘zda tutilmagan.

Tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridagi pul mablag‘larini ushbu bank kartalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlamagan holda hisobdan chiqarilishiga (shuningdek, bunday imkoniyatni sug‘urta tashkilotlari uchun yaratilishiga) yo‘l qo‘yilganligi faktlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib kelmoqda. Yana bir jiddiy masala fuqarolar nomidagi bir nechta kartadan kredit qarzdorligi uchun pul yechib olinayotgani bilan bog‘liqdir.

Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda raqamli banklar rivojlanib, mobil ilovalar orqali kredit olish imkoniyatlari kengaymoqda. Rasmiylashtirish jarayonlarida odatda qarz oluvchi fuqarodan tashqari yana bir necha yaqinining mobil raqami ham so‘raladi. Mijoz ularni kiritgach, o‘sha insonlar o‘zi xabardor bo‘lmagan holda bevosita kafilga aylanmoqda. Qarz olgan shaxs kreditni o‘z vaqtida qaytarmasa, uning tanishiga bank tomonidan murojaatlar qilina boshlaydi. O‘sha odam o‘zi xabardor bo‘lmagan masala uchun qayta-qayta bezovta qilinadi.

XDP fraksiyasi a’zolari mazkur holatlar nafaqat partiya elektorati manfaatlariga zidligini, balki barcha fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib kelayotganini ta’kidlashdi.

Majlisda banklar va ularning xizmatidan foydalanuvchi fuqarolar o‘rtasida vujudga kelayotgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan kelgan mutaxassislarning hamda partiya Markaziy Kengashi va hududiy kengashlaridagi faollarning takliflari tinglandi.

Qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, ko‘tarilgan masalalarni hal qilish uchun hamkor tashkilotlar bilan chuqur o‘rganishlar olib borish, zarurat bo‘lsa, deputatlarimiz tomonidan qonun tashabbuskorligini amalga oshirib, amaldagi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish