«Erta turmush – keltirar tashvish»

 

O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat kengashi tashabbusi bilan Buxoro davlat universitetida erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, tug‘ishlar o‘rtasidagi maqbul oraliqqa rioya qilish, irsiy kasalliklar profilaktikasi dolzarbligini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida «Erta turmush – keltirar tashvish» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda viloyat kengashi deputati S.Tosheva, «Shayxul olam» MFY raisi M.Nabiyeva, partiya faollari, universitet o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etdi.

 – Yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir, – dedi O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi deputati S. Sharipova.

– Afsuski, ayrim ota-onalar farzandining taqdiri, baxt-saodati haqida o‘ylamay, hali balog‘at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona bo‘lmasin, deb o‘g‘il uylantirish taraddudiga tushadi. Ammo bu ko‘p hollarda bo‘lg‘usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug‘ilajak farzandning sog‘lomligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ta’kidlanganidek, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar tufayli yuzaga kelmoqda. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar yetarli tibbiy bilim va tushunchaga ega bo‘lishi lozim. Ammo ayrimlar erta turmush, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini ko‘ra-bila turib, shoshma-shosharlik va o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. Natijada nosog‘lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o‘rtasida sovuqchilik paydo bo‘ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir o‘ylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi.


Tadbir davomida talabalarga nafaqat erta-turmushga chiqishning salbiy oqibatlari, balki «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» to‘g‘risida ham batafsil tushunchalar berildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham batafsil javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.

Ta’kidlash kerak, partiyamiz mazkur mavzu bo‘yicha mahallalarda turkum uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirib, muntazam tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Mahalla faollari ham bu borada o‘z ko‘maklarini ayamayapti.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish