Masala, muhokama, yechim: quyi palata ish tartibi

 

23 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda ko‘rilgan birinchi masala “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Loyiha bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunda vazirlik va uning organlari nomi, vazifa va funksiyalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari hamda Vazirlar Mahkamasining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi shu yilning 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan berilgan taklif, fikr-mulohazalar asosida takomillashtirish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan edi.

O‘tgan davrda berilgan takliflar ishchi guruh a’zolari ishtirokida chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati loyihani takomiliga yetkazishda e’tiborga olinib, qonun loyihasi maromiga yetkazilgan.

Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi, qonun hujjatlari o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etish, davlat organlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Kun tartibida “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokamadan o‘tdi.

Qonun loyihasi bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi loyihalar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan majburiy tartibda kelishib olinishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, iqtisodiy ta’siri past holatlar bo‘yicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralarini qo‘llamagan holda, profilaktik tushuntirish tadbirlarini amalga oshirish belgilanmoqda.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng deputatlar loyihani birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlashdi.

Majlisda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan muhim normalardan biri bo‘lgan, ya’ni huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik va yetarlilikning konstitutsiyaviy prinsiplariga tayangan holda ma’muriy javobgarlik choralarini liberallashtirish hamda ularni aniq belgilash taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, oltmish yoshdan oshgan, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan, shuningdek, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar ro‘y berganligi natijasida jabrlangan shaxslarni pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani belgilangan muddatlarda rasmiylashtirmaganlik yoxud doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmaganlik kabi huquqbuzarliklar uchun nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod etish belgilanmoqda.

Ayrim deputatlar mazkur loyihada jarimalarning yumshatilishi bilan birga oshirilish holatlari borligini ham aytib o‘tishdi. Masalan, doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmaganlik, pasport yoki ID kartani qasddan yaroqsiz holatga keltirish va ehtiyotsizlik oqibatida yo‘qotganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima belgilash nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonunchilikda esa mazkur holatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim barovaridan uch baravarigacha jarima belgilangan. Statistik raqamlarda keltirilishicha, 2022 yilda mazkur holatda jarimaga tortilganlarning 70 foizi, 2023 yilda esa 62 foizi yarim barobari miqdorida jarima to‘lagan. Demak, har qanday o‘quvchi bu fikrlar ham ma’lum asosga ega, degan xulosaga kelishi ham mumkin.

Yana ba’zi deputatlar ID kartani yo‘qotganlik yoki yaroqsiz holga keltirganlik uchun jarimaga tortish mantiqsizlik. Sababi, fuqaro ID karta olish uchun to‘lovni amalga oshiradi. Agar fuqaro ID kartani yo‘qotib qo‘ysa, yoki yaroqsiz holga keltirsa uni tiklash uchun yana to‘lov qilib oladi. Shunday ekan o‘zining puliga olayotgan shaxsiy mulki uchun u nega yana jarimaga tortilishi kerak, degan savolni o‘rtaga tashlashdi.

Tasavvur qiling, siz bank kartangizni yo‘qotib qo‘ydingiz. Uni taklash uchun ma’lum summani to‘laysiz, lekin, jarimaga tortilmaysiz. Shundaymi?

Loyiha atrofida muhokamalar uzoq davom etdi. Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ayrim taklif va fikrlar inobatga olinishi kerakligini ta’kidlashib, birinchi o‘qishda ma’qullashdi.

Shu kuni majlisda Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A.Xudayarovning “Mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi holati to‘g‘risida”gi O‘zXDP fraksiyasi va Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan yuborilgan parlament so‘roviga javobi muhokama qilindi.

Javobda qayd etilganidek, respublikada bugungi kunda dori vositalarini ulgurji realizatsiya qilish uchun 538 ta korxona, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun esa 15 250 ta litsenziyaga ega dorixona faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2022 yil 26 oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 maydan boshlab, jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan dori vositalarining narxi “FAIR TECH” yagona axborot tizimida dori vositalarining ulgarji va chakana savdosida narxlarni referent narxlar bilan avtomatik tarzda solishtirish hamda huquqbuzarlikni aniqlash imkoniyati yaratilgan.

Ushbu tizim orqali bir oyda o‘rtacha 352 mingdan ortiq referent narxni buzish holatlari qayd etilgan. Ayrim aniqlangan holatlarda hatto tadbirkorlar 27 baravar miqdorida ustama qo‘llab, dori vositalarini sotganligi aniqlangan.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari:

– Biz parlament so‘roviga javobni fraksiyamiz yig‘ilishida ham muhokama qildik. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda ular tomonidan yangrayotgan fikrlar natijasida ushbu parlament so‘rovi yuborildi. Javobni muhokama qilish jarayonida shu narsaga e’tibor berdikki, biz juda katta miqdorda dori-darmon import qilayotgan ekanmiz. Buning natijasida dori-darmon narx-navosi oshib bormoqda. Qolaversa, dori-darmonning ulgurji savdosini tashkil qilishdagi qonun buzilishlari va ko‘plab korrupsion elementlar borligiga amin bo‘lyapmiz.

Shu nuqtayi nazardan biz qonunchilikdagi bunday bo‘shliqni to‘ldirish uchun vazirlik bilan birgalikda ishlashimiz lozim. O‘zXDP fraksiyasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ishlashga tayyor. Biz shundagina natijaga erishishimiz mumkin.

Deputatlar ham mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish va mavjud qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish kerakligini ta’kidladilar.

Yig‘ilish kun tartibida ko‘rilgan qonun loyihalarining ko‘pi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Odatda loyihalar birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullanib, takliflar beriladi. Bildirilgan taklif va fikr-muloxazalar asosida esa ikkinchi o‘qishgacha loyiha ancha maromiga yetkaziladi. Bejizga parlamentni muloqot maydoni, deyishmaydi. Aslida hayotimizni tartibga solib turgan har bir qonun shu tariqa dunyoga keladi.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 24.01.2023, №3

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish