Qonunchilik palatasi deputatlari okruglarda aholi vakillari bilan uchrashmoqda
Murojaat e’tiborsiz qolmaydi
Sevara Nazarova Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi «Konchilar» mahallasida yashaydi. U ham barcha o‘zbek ayollari kabi hayotini farzandlari, turmush o‘rtog‘ining baxti uchun safarbar etib kelmoqda. Biroq shu kunlarda oilaning boshiga tashvish tushgan. Sababi, oila boshlig‘i Dilshodjon Nazarov xastalikka chalingan. Uni davolatish uchun ancha mablag‘ kerak. Sevara Nazarova moddiy yordam so‘rab murojaat qildi. Uning holatini anglagan mas’ullar «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan yordam ajratilishini ta’kidlashdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Dilbar Mamadjanova, tuman xokimi, Xalq qabulxonasi mudiri hamda tumandagi boshqa mutasaddilar ishtirokida Farg‘ona tumanidagi «Konchilar» MFYda o‘tkazilgan qabulda shu va boshqa 10 ga yaqin masala yechim topadigan bo‘ldi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 40 dan ziyod masalada murojaat bo‘ldi. Ular asosan davolanish, ko‘mir yoqilg‘isi, ichimlik suvi bilan ta’minlash, ko‘chalarni shag‘allashtirish, uy-joyni ta’mirlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqa masalalarga taalluqli bo‘ldi.
Xususan, Komilaxon Po‘latova o‘zi yashaydigan ko‘chaning asfalt qilinmaganini bildirdi. Yozda chang, yog‘ingarchilik paytlari loyga botib qolayotgan avtomobillar hamda maktabga qatnaydigan bolalarga yengillik yaratish uchun eng kamida shag‘allashtirishga ehtiyoj borligini aytib, mas’ullardan amaliy yordam so‘radi. Murojaatni tuman obodonlashtirish bo‘limi o‘z zimmasiga oldi.
Muslimaxon Azizova gaz baloni, Muntazam Hoshimova, Nazokat Avazxo‘jayeva, Rohilaxon Turg‘unova ko‘mir yoqilg‘isi bo‘yicha ko‘mak so‘radi. Ularning masalasi ham joyida hal etildi va shu kunning o‘zida ballon hamda ko‘mir yetkazib berildi.
Yaqinlariga iqtisodiy dastak bo‘lishni istagan Zarifjon Zokirov, Nilufar Ashurmatova tuman tashkilotlariga ishga joylashtiriladigan bo‘ldi.
Qator masalalar deputat nazoratiga olindi. Mutasaddi rahbarlarga har bir murojaatni o‘z vaqtida, qonun doirasida ko‘rib chiqish yuzasidan tavsiyalar ham berildi.
Bolalar dasturxoni
Deputat Zulayho Akromova Jizzax viloyati Do‘stlik tumani «Mevazor» mahallasidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi va dastlab oshxona holati o‘rganildi. Bolalarga ovqat tayyorlanish jarayoni, tozalik holati, oziq-ovqatlar hamda boshqa mahsulotlarning qay tartibda saqlanayotgani ko‘zdan kechirildi. Ovqatning mazasi, solingan masalliqlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Chunki sog‘lom ovqatlanish salomatlikning asosiy garovidir.
Ma’lumot o‘rnida: ayni paytda mazkur muassasasada 180 dan ortiq o‘g‘il-qiz tarbiyalanadi. DMTT ta’miri uchun 2023 yil mahalliy budjet xisobidan 4 milliard, tashabbusli budjetdan 800 million so‘m mablag‘ ajratilib, to‘liq qayta ta’mirlangan va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.
Deputat muassasani ko‘zdan kechirar ekan, u yerda ishlovchi xodimlar bilan ham suhbatlashdi. Uchrashuvda 2023 yil 22 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishining mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish, sohaning iqtisodiy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mazkur jabhada Prezidentimiz tomonidan 9 ta yo‘nalishda ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Zulayho Akramova xalq deputatlari Do‘stlik tuman Kengashining faoliyati bilan ham tanishdi. Deputatlarning ishini ortga surishi mumkin bo‘lgan jihatlar, saylovchilarning manfaatlari yo‘lida hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.
Yuzma-yuz muloqot
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, saylov okrugida samarali ish olib borildi. Saylovchilar bilan mahallalarda uchrashilib, ijtimoiy obyektlar o‘rganildi, tadbirkorlar, aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ularning murojaatlari, takliflari tinglandi.
Birinchi manzil Denov tumanidagi «Istiqlol yulduzi» mahallasi bo‘ldi. Ushbu mahallada «Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla» mezonlarini joriy etish bo‘yicha ichki ko‘chalar, 1983 yilda qurilgan mahalla binosi ta’mirlanmoqda, keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, mahalladagi 18-sonli oilaviy poliklinika faoliyati o‘rganildi, bemorlar bilan suhbat qurildi. Ta’kidlanishicha, zamonaviy tarzda barpo etilgan ushbu poliklinikada qulay sharoit bor. Biroq umumiy amaliyot shifokori, pediatr, LOR kabi mutaxassis-shifokorlar yetishmaydi.
Denov tumanidagi «Namuna», «Qoraxon» va «Elobod» mahallalaridagi «mahalla yettiligi»ning faoliyati bilan bevosita tanishildi, aholi vakillari bilan suhbat olib borildi.
Denov tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limida bo‘linib, mehnat yarmarkalarning samaradorligi, migrantlar, xorijiy davlatlarda ishlash maqsadidagi aholini kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish masalalari, bandlik dasturi ijrosi hamda norasmiy bandlikni legallashtirish bilan bog‘liq ishlar holati o‘rganildi.
Aksariyat mahalla mutasaddilari har bir mahalla uchun alohida soliq inspektori tayinlanishi zarurligini ta’kidladi. Hozirda 4 tadan 7 tagacha mahallada bitta soliq inspektori faoliyat olib bormoqda. Sabab sifatida joriy yil 1 yanvaridan boshlab, «Mahalla budjeti» tizimi amaliyotga joriy etilishi natijasida soliqlarni undirish va mahalla budjetining daromadini shakllantirishda ish hajmining kengligi, belgilangan muddatlarda ulgurmaslik holatlari keltirildi.
Uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha deputat qator vazifalarni belgilab oldi.
Andijonda vaziyat qanday?
Deputat Yelena Babenko boshchiligidagi uchrashuv bu gal Andijon shahri 21-saylov okrugidagi «O‘zgarish» va «Hunarmand» MFY saylovchilari bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda MFY raislari, mas’ullari, faollar ham ishtirok etdi. Unda dastlab mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr almashildi.
Deputat bir muddat avval muammosi o‘rganilgan hududda ham bo‘ldi. Gap shundaki, Andijon tumani «Bobog‘ozi» oilaviy poliklinikasi eski qurilish tashkilotidan qolgan binoda joylashgan edi. 2022 yilning kuzida mazkur poliklinikada Qonunchilik palatasi deputati achinarli holatga guvoh bo‘lgan. U yerda isitish tizimi ishlamas, xonalar talabga javob bermasdi.
Shundan kelib chiqib, deputat mahalliy ijro hokimiyati, sog‘likni saqlash idoralariga murojaat yo‘llaydi. Amaliy ishlar natijasida 3 ta MFYda istiqomat qiluvchi 10 000 dan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatayotgan bu dargoh zamonaviy usulda ta’mirlanib, sanitariya talablari asosida faoliyat ko‘rsatishni boshladi. Ayni paytda u yerda 48 nafar shifokor va hamshiralar malakali xizmat ko‘rsatyapti.
Deputat o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirar ekan, taklif-mulohazalarni ham o‘rgandi. Saylovchilarning murojaatlarini belgilab oldi.
Qonunlar targ‘ib qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova Toshkent viloyatidagi Chinoz tumani «Barraj» mahallasida joylashgan 4-umumta’lim maktabida saylovchilar bilan joriy yildagi birinchi uchrashuvini o‘tkazdi. Unda Iskandar hamda «Barraj» MFYda istiqomat qiluvchi aholi vakillari qatnashdi. Dastlab qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida so‘z bordi.
Deputat bergan ma’lumotlar, yangiliklarni yig‘ilganlar mamnuniyat bilan qabul qildi. Fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan masalalarga qonunan yechim topish yuzasidan takliflarini ham o‘rtaga tashladi. Ayrim masalalar joyida hal etildi. Aholi vakillari deputatlar ko‘proq mahallalarda bo‘lishi kerakligini ham ta’kidladi.
Deputat mahallalardagi «yettilik» bilan muloqot qilib, ularning faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan fikr almashdi. O‘rganish davomida bir qator muammolar yuzasidan tegishli vazirliklarga takliflar kiritish rejalashtirildi.
Saylovchilardan qator murojaatlar bo‘ldi. Ba’zilari joyida hal etilsa, boshqalarining yechimi yuzasidan vazifalar belgilandi. Jumladan, kolxoz-sovxozlarda ishlagan pensionerlarning nafaqasini qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. 4-son umumta’lim maktabi 1974 yilda qurilgan bo‘lib, ta’mirga muhtoj holatda. Ushbu muassasani dasturga kiritish haqida takliflar tayyorlandi.
Bundan tashqari, «Barraj» MFY markaziy yo‘ldagi suv quvurini ta’mirlash bilan bog‘liq masalalarning yechimi bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. Ma’lum bo‘lishicha, hududdagi kanal atrofiga to‘sinlar o‘rnatilishi kerak. Chunki bu maktabga qatnaydigan bolalar uchun xavfli. Aholi ushbu masalada ham amaliy yordam so‘radi. Deputat mas’ullarga murojaat yo‘llaydigan bo‘ldi.
Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining barcha a’zolari joylarda ana shunday uchrashuv va o‘rganishlar olib bordi. Saylovchilar ko‘targan masalalarni hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 31.01.2023, №4