Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil 22 dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni deb e’lon qilingan. Ushbu xalqaro sana butun dunyoda ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli shug‘ullanishlariga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish maqsadida ta’sis etilgan.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligi – millat kelajagini belgilaydi” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP MK mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining professor o‘qituvchilari, talaba-qizlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Mavjuda Hasanova, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari Gulshan Asatovalar “Ilm-fan sohasida gender tenglik”, “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari” mavzularida ma’ruza va taqdimot qildilar. Yoshlar, ayniqsa xotin-qizlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishlari, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari, bu sohasida ularning faolligini oshirish borasida berilayotgan imtiyozlar, ulardan to‘g‘ri foydalanish mexanizmlari tushuntirib berildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi, Iqtisod fanlari nomzodi Zuhra Shadiyeva o‘zbekistonlik olima ayollar, ularning jamiyat va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqida, shuningdek, o‘zining ilmiy izlanishlari va erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, qizlar hammadan ko‘ra bilim olishga ko‘proq intilishi kerak, chunki bu bilim bilan kelajak avlodni tarbiyalaydi. Zero, xotin-qizlarning har tomonlama faol bo‘lishi, millat kelajagini belgilaydi.
Tadbir bahs-munozara va savol-javobga boy tarzda qiziqarli o‘tdi.