Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model asosida olib boradi

 

Prezidentimizning “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilish, tom ma’noda xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, mamlakatimizda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilganligi hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.

Yana bir masala. Men ham o‘z faoliyatim davomida ikki chaqiriq mahalliy Kengash deputati bo‘lganman. O‘sha paytlari deputat sessiya bo‘lishini 2-3 soat, boringki, bir kun oldin bilishi mumkin edi. Deputatlar tuman yoki viloyat sessiyasida ishtirok etib, kun tartibiga kiritilgan masalalarni ma’qullab ovoz berib ketardi. Endi esa, deputatlar sessiya bo‘lishini bir necha kun oldin bilib, kun tartibidagi masalalarni o‘rganib, dastlab, doimiy komissiyada muhokama qilyapti. Shundan so‘ng, ushbu masalalar sessiya kun tartibiga kiritilmoqda.

Shuni ahlohida ta’kidlash kerakki, deputatlar sessiyalarda so‘z olib, o‘z munosabatini bildirishmoqda. Hududlarga chiqqanimizda deputatlarning jonlangani, ishlarida siljish borligini ko‘ryapmiz. Xususan, sayyor qabullar, tadbirlar, amalga oshirilayotgan islohotlarda ularning ishtiroki va faolligi yaqqol sezilmoqda.

Farmon bilan O‘zbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida birinchi marotaba mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model – “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berildi.

Xususan, mahalliy Kengashlarning o‘z faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi mustahkamlanmoqda. Endilikda, mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, kelgusida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda tegishli vazifalarni mahalliy vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq belgilab borish, amaldagi qonunchilikdagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilgan va Kengashlar faoliyatiga xos bo‘lmagan vazifalar ijrosi bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul ekanligi nazarda tutilmoqda.

E’tiborlisi, mazkur o‘zgarishlar mahalliy Kengashlarning faoliyatini faqatgina o‘z saylovchilari va tegishli hudud manfaatini ko‘zlagan holda amalga oshirishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Umuman olganda, belgilangan vazifalarning ijrosi aholi manfaatlarini himoya qilish, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga imkon qadar tezroq yechim topish, viloyat, tuman va shahar hokimining mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish