Nukus shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashining VIII plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2023 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining 2023 yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov kun tartibidagi masalalar yuzasidan ma’ruza qildi.
Hisobot davrida Oliy Majlisdagi partiya fraksiyasi tomonidan yuborilgan qonun loyihalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi va partiya kengashlari bilan hamkorlikda 2023 yil davomida 200 dan ortiq qonun loyihasining joylardagi muhokamasi tashkil etilib, 40 dan ortiq takliflar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi va Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan amaliy Harakat dasturidagi yo‘nalishlar bo‘yicha va Harakat dasturidan tashqari partiya guruhlari tashabbusi 116 ta masala partiya guruhlarida, 116 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishiga va 84 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqildi, partiya elektorati manfaatlariga doir tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi.
Shuningdek, hududlardagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan 651 ta deputatlik so‘rovlari yuborilib, shundan 639 tasi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, 74 marotaba joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari eshitildi. O‘tgan yilda “Jamoatchilik qabulxonalari”ga jami 793 murojaat kelib tushgan va ularning 98 foizi deputatlar va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijobiy hal etilishiga erishilgan.
Partiyaning saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, «Deputat mahallada», «Partiya elektorati muammolari e’tiborimizda», «Yaxshilik va xayriya», «Yoshlarga ko‘mak», «Ayollarga ko‘mak», «Mehr ulashaylik», «E’tiborimiz markazidagi hudud» va boshqa shu kabi 10 dan ziyod amaliy loyihalar partiya tomonidan amalga oshirildi.
Plenumda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflar bildirilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.