O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B. Zokirovga “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan edi.
Parlament so‘rovida qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, shaharsozlik faoliyatini jadal rivojlantirish, aholini sifatli, qulay uy-joy, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasi xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdilar.
Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishicha, qurish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan obyektlarning loyiha hujjatlarini sifatli ishlab chiqish har bir obyekt bo‘yicha salohiyatli loyiha tashkilotlar elektron reyting baholash tizimi orqali “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida baholanib, ma’lumotlar bazasi shakllantirilib kelinmoqda.
Qurilish sohasida litsenziyalashtirish va akkreditatsiyalash bo‘yicha 2021-2023 yillarda 2,3 mingta litsenziya, 88 ta akkreditatsiya guvohnomalari berilgan. Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi tomonidan 2021-2023-yillar mobaynida jami 81,5 mingtadan ortiq loyiha-smeta hujjatlariga ekspertiza xulosalari taqdim etilgan.
Bundan tashqari, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi 16 ta davlat xizmatlari raqamlashtirilishi natijasida aholi va biznes egalariga uydan chiqmagan holda xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. 2021-2023-yillarda “Davxizmat” axborot tizimi orqali 800,5 mingta obyekt bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
Majlisda qayd etilganidek, “Mening uyim” avtomatlashtirilgan billing axborot tizimi Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimiga integratsiya qilinib, majburiy badallarni tijorat banklari kassalaridan qabul qilish imkoniyati yaratilgan. Tizim orqali issiq suv hisoblagichlarini qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha 2021-yilda 23,5 mingta, 2022-yilda 23,5 mingta va 2023 yil 16,6 mingta davlat xizmati ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, joriy yilning 29-yanvar kuni davlatimiz rahbari huzurida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida 2024-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi vazifalardan kelib chiqib, vazirlik tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xususan, smeta shakllanishiga asos bo‘luvchi shaharsozlik normalari va qoidalariga o‘zgartirish kiritish choralari ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, markazlashgan manbalar hisobidan qurilayotgan obyektlarda loyihalash, tanlov, qurilish-montaj ishlari hamda foydalanishga topshirish jarayonlarini “korrupsiyadan holi soha”ga aylantirish bo‘yicha tegishli tizim yaratish ishlari olib borilmoqda.
Kadastr agentligi tomonidan 2024-2025-yillarda uydagi umumiy mol-mulk va yerto‘la va bo‘sh maydonlar haqida elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, “Mening uyim” tizimiga bog‘lanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq e’lon qilinadi. Ijara to‘lovlari faqat “Mening uyim” platformasi orqali hisob-kitob qilinib, aholi uchun ochiq bo‘lishi ta’minlanadi.
Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganligi qayd etilib, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.