Argos.uz talablari nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham qulay bo‘lishi kerak

 

Joriy yilning 20-fevral kuni Prezidentimiz raisligida “Ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” to‘g‘risida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirlik va hudud rahbarlarga yil yakuniga qadar barcha budjet tashkilotlariga 20 ming nafar, banklarga kamida 1 ming nafar nogironligi borlarni ishga qabul qilish topshirig‘i berildi. Bu nogironligi bo‘lgan shaxslaga juda katta imkoniyat eshigini ochib beradi.

2017-yilning 1-dekabrida esa “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni imzolangan edi. Ushbu hujjatga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvota ajratildi. Mana shu o‘tgan davr ichida ko‘plab nogironligi bo‘lgan shaxslar imtiyozdan foydalanib, oliy ma’lumot egasi bo‘lmoqda. Birinchilardan, ushbu imtiyozdan foydalanib talabalik baxtiga erishgan yoshlar hozirda mustaqil hayotga qadam qo‘ydi.

Lekin ularning aksariyat qisimini qiynayotgan bir muammo bor. O‘zlari uchun qulay sharoitga ega joyda ishlashi va mehnat qilishi. Albatta, hozirda ko‘plab xususiy korxonalarga xodimlarining 50 foizida nogironlik bo‘lgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati berilmoqda. Shuningdek, korxona, zavod va firmalarga ham soliq imtiyozlari yaratilgan. Bu imkoniyalardan ba’zi bir toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalana olmaydi.

Shu sababli Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. Hozirda davlat fuqarolik xizmatiga kirish tanlov asosida o‘tkaziladi. Ayni paytda Argos.uz sayti orqali 14 560 ta tashkilot 449 ta ish o‘rni bilan, 398 455 ta nomzod rezumelari bilan tanlovdan o‘tmoqda. Tizimni ishlashi, talabgorlarni saralab olish shakli juda ham yaxshi, ammo bu talablarning asosiy qisimiga nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘ri kelmaydi. Fikrimcha, vazirlik va idoralar uchun ajratilgan kvotalarga nogironligi bo‘lgan shaxslar Argos.uz portali orqali alohida saralab olinishi kerak.

 

Obloberdi OLIMOV,

O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi o‘rinbosari.

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish