Dastlab mavzu yuzasidan O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, deyarli har kuni yo‘llardagi muammolar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Chunki, ular ham jamoat transportidan foydalanishni, ishlashni, ta’lim olishni xohlaydi. Ammo bu yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida emas.
O‘tgan yili O‘zbekiston nogironlar uyushmasi tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilgan edi. Unga asosan, nogironligi bo‘lgan insonlarning 93 foizi yer-usti jamoat transportini to‘siqsizlik nuqtai nazaridan qoniqarsiz, deb baholagan. Yo‘l bo‘yi infratuzilma obyektlari (er osti va yer usti o‘tish yo‘llari) bir qator sezilarli kamchiliklarga ega.
Assotsiatsiya raisi bilan bu haqida uzoq suhbat qurdik. O‘zgarishlar, yaratilayotgan sharoitlar ham aytildi. Ammo kamchiliklar ham oz emas. Yaxshisi, haqiqiy holat manzarasiga nogironlik aravachasida harakatlanuvchi suhbatdoshimiz bilan birgalikda guvoh bo‘ldik, hamsuhbat bo‘lib poytaxt ko‘chalarini aylandik.
Bekatlarda bir kun...
«Sharoit» plus nogironlar jamoat birlashmasi a’zosi Nargiz Kadirova bilan birgalikda shahrimiz ko‘chalarini aylandik, jamoat transportlaridagi, bekatlardagi inklyuziv muhitni o‘rgandik.
Oloy bozori bekatidamiz. Avtobuslar bekatda to‘xtab, birin-ketin manzili tomon odimlayapti. Uzoqdan Nargiza opa ko‘rindi, yo‘l cheti yoqalab kelayotgan hamrohim bekatga yaqinlashgach, yo‘l chetida turib qoldik. Ularni tushundim, chunki bekatga tushib-chiqish yo‘lagi yo‘q edi. Nogironligi bo‘lgan inson kimningdir yordamisiz bekatga chiqa olmas edi. Chunki bekat yo‘ldan ancha balandroq qilib qurilgan, shunga yarasha pandusi ham yo‘q edi. Buning ustiga aksariyat avtobuslar bekatga yaqin joyda emas, yo o‘tib ketib yoki bekatga yetmasdan to‘xtaydi. Bunday vaziyatda aravachadagi kishiga kimdir yordam berib bekatdan tushirib qo‘yishi kerak.
Suhbatdoshimizning aytishicha, poytaxtimizdagi aksariyat bekatlar shunday, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilmagan.
– Ishim yuzasidan deyarli har kuni ko‘chaga chiqaman. To‘g‘risi, yo‘lda yurishga ham, bekatda turishga ham, avtobusga chiqishga ham juda qiynalaman. Pandusi yo‘q avtobuslar bor. Jamoat transportlari, avtoshohbekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalariga chiqishi uchun maxsus moslamalar o‘rnatilmagan, – deydi Nargiz opa.
01 avto saroyiga qarashli davlat raqami 01 085 VFA bo‘lgan 26-avtoyo‘nalish bekatdan ancha o‘tib to‘xtadi. Oloy bozoridan «Majnuntol» mahallasi tomon harakatlanadigan ushbu jamoat transporti haydovchisining javobi bizni ochig‘i, hayron qoldirdi:
«Pandusimiz ishlamaydi, kaliti ham yo‘q. Keyingisiga chiqing, yo‘l chetidan toshni olib qo‘ying, avtobus to‘xtamayapti!..»
Ism-familiyasini oshkor qilishni istamagan haydovchining qo‘pol muomalasidan xafa ham bo‘ldik.
– Aynan shu yo‘nalishdagi avtobus menga kerak manzilga boradi. Lekin ular «ISUZU» bo‘lgani uchun ularda panduslar yo‘q. Haydovchilarning ham muomalasini ko‘rdingiz. Pandusi bor avtobuslar ham ko‘pchiligi pandusni ochib berishga erinib, «kalit yo‘q», «keyingisiga chiqa qoling», «nima qilasiz ko‘chada yurib, uyda o‘tirsangiz bo‘lmaydimi», deb ketishadi. To‘g‘risi, shunday paytda dilim og‘riydi. Biz ortiqcha narsa so‘ramadik, shunchaki u o‘z ishini bajarishini so‘rayapmiz, – deydi hamrohimiz.
Keyingi manzil tomon odimladik. Yo‘lning boshqa tomoniga o‘tib, 89-avtobusda Chorsu tomonga yo‘l oldik. Har tugul bu avtobusda pandusi bor ekan, haydovchining bekatdan o‘tib, keyin yana orqaga yurib, pandusni bekatga to‘g‘rilab olguncha bo‘lgan bir, ikki noqulaylikni aytmasa, manzilimizga avtobusda yetvoldik.
Nargiz opa bilan yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketdik.
– To‘g‘ri, avvalgi yillarga qaraganda, hozir e’tibor ancha kuchaygan. E’tibor bersak, yaqin yillarda xarid qilingan avtobuslarda harakatlanishi cheklangan, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ham mo‘ljallangan. Ularda qulayliklar bor, to‘g‘ri. Ammo shunday bo‘lsa-da, ko‘p jamoat transportlarida xizmat ko‘rsatish sifati hali hamon past, – deydi opa gap orasida.
Xadradagi bekatda tushib qoldik. Afsuski, bu yerdagi holat ham oldingi manzildagi kabi. Bekat nogironligi bo‘lgan insonlar uchun moslashtirilmagan, noiloj yana yo‘l chetida turib qoldi.
Ushbu yo‘nalishdan harakatlanadigan 27-, 188-, 109-, 8-, 29-, 120-, 73-avtobuslarning eshiklari oldida ko‘p turib qoldik. Pandus tushirilishini kutdik, ammo bunday bo‘lmadi. Qaysidir haydovchi ishga bugun chiqqanini, pandus haqida ma’lumotga ega emasligini aytsa, qaysidiri esa kaliti yo‘qligini pesh qildi. Pandusni tushirish uchun ketgan bir-ikki daqiqalik vaqtini pesh qilganlar ham bo‘ldi. Kimdir esa pandusni pichoq bilan ochishga urindi, yana kimdir esa aravachadagi kishini ko‘tarib avtobusga chiqarishini aytdi.
To‘g‘ri, gap-so‘zsiz pandusni tushirib berganlar ham bor. Ammo hammasi ham emas...
Rejamiz bo‘yicha navbatdagi yo‘nalishimiz metro bekati edi, aslida. Lekin suhbatdoshimiz bunga unamadi. Sababini so‘rasam shunday dedi:
– Avval metroda yurardim, lekin hozir umuman undan foydalanmayman. Bundan bir necha yil oldin metro bekatida yiqilib tushganman. Shundan keyin qo‘rqib qoldim. Lekin metroda ham to‘siqsiz muhit yo‘q, aravachalar vagonlarga silliq kirib borolmaydi, kimningdir yordami bilan yurish kerak. Umuman olganda, poytaxtimizda aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham, ko‘zi ojizlar va qulog‘i zaif eshituvchilarning erkin harakatlanishi uchun jamoat transportlari deyarli moslashtirilmagan. To‘g‘ri, pandusi bor avtobuslar ham bor, lekin haydovchilarning «kalit yonimda emas edi», degan bahonasi bilan ko‘pincha undan foydalana olmaymiz.
Bundan tashqari, avtobus salonlarida elektron axborot tablolari, eshitish moslamalari va boshqa yordamchi vositalar yo‘q. Jamoat joylarida ham nogironligi bo‘lgan kishilar uchun zarur eshitish va ko‘rish ma’lumotlariga duch kelmaysiz. Piyodalar yo‘lakchalarida ham texnik moslamalar mavjud emas. Ya’ni, ko‘zi ojizlar uchun ovozli ishora bilan jihozlangan svetoforga ko‘zim tushgani yo‘q hecham.
Moslashmagan yo‘llarda ish va o‘qish haqida o‘ylar...
Farhod Abdurahmonov,
Nogironlar uyushmasi a’zosi:
– Hozir nogironligi bo‘lgan insonlar uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti, ularga ko‘p imtiyozlar berilyapti. Masalan, ular ham boshqalar kabi o‘qishi, ishlashi mumkin. Lekini ham bor. O‘qishga, ishga yoki biron-bir yumush bilan ko‘chaga chiqilganda boshqa muammolar qarshimizdan chiqyapti.
Moslashmagan yo‘llarda, moslashmagan binolarda qanday harakatlanish mumkin? Bu bilan huquqlar cheklanyapti-ku. To‘siqsiz muhit yaratilmas ekan, ular huquqidan emin-erkin foydalana olmaydi, hatto uyidan ham chiqolmaydi. Ko‘ndalang turgan masala shunda. Afsuski, nogironligi bo‘lgan insonlarimiz hayotida bu muammolarga har kuni duch keladi, har kuni qiynaladi.
Avtobus bekatning o‘zida to‘xtaganini hech ko‘rganmisiz. Yo‘q, albatta. Aksariyat avtobuslar kamida 2 metr uzoqda, o‘ziga qulay joyda to‘xtaydi. Biz uning oldiga borib, pandusni tushirib berishini so‘ragunimizcha eshik yopiladiyu ketib qoladi. Bizda bekat infratuzilmasi noto‘g‘ri qilingan, to‘siqsiz muhit uchun moslashtirilmagan. Biz bu bo‘yicha Transport vazirligiga ham, hokimiyatga ham murojaat qildik. Gap sharoit yaratish masalasiga kelganda ikki tomon ham bir-biriga soladi.
E’tibor bilan qaralsa, ko‘chalarda nogironligi bo‘lgan insonlarni deyarli uchratmaysiz. Chunki ularga ko‘chalarda harakatlanish uchun sharoit yo‘q, shaharda ular uchun to‘siqsiz muhit yo‘q. Vaholanki, bu bo‘yicha qonunimiz bor, ammo uning ijrosi juda sust.
Biz bir necha yillardan beri ushbu muammolarning ichiga kirishga harakat qilyapmiz. Hozir poytaxtimizda yer usti metrolari qurilyapti. Ular topshirilishidan 2 hafta oldin Nogironlar jamiyati a’zolari, ekspertlarni chaqirishadi va biz monitoring qilamiz. Sharoitlar qanday, to‘siqsiz muhit qoidalariga mosligini o‘rganamiz va shu asosida xulosa beramiz, shu asosida kamchiliklarni to‘g‘irlashyapti. Ma’lum muddat o‘tgandan keyin ishchi guruhi yana borib vaziyatni o‘rganadi.
Masalan, Sergeli va Qo‘ylik liniyasida kamchilik va noqulayliklarni aytgandik. Yaqinda ularni bartaraf qilishdi, ya’ni bekatlarga kirish va chiqish nogironligi bo‘lgan insonlar uchun moslashtirildi.
To‘g‘ri, avvalgi yillarda qurilgan binolarda, masalan, yer osti metrosida nogironligi bo‘lgan insonlar uchun sharoit yaratilmagan. Lekin hozir qurilayotgan yer usti metrosida sharoitlar yaratilyapti.
Suhbatdoshimizdan yer osti o‘tish yo‘llari haqida ham so‘radik:
– Yer osti va yer usti yo‘llarida ham talaygina muammolar bor. Masalan, yer usti yo‘llarida nogironligi bo‘lgan insonlar uchun liftlarni qo‘yib qo‘ygan, lekin ochish uchun kaliti yo‘q. Ba’zi yer usti yo‘llaridagi liftlarning joyiga savdo shoxobchalari ochilgan. Nogironlik aravachalari g‘ildiraklari panduslarga sig‘maydi. Shuning uchun yer osti o‘tish yo‘llaridan ko‘p foydalanmaymiz, bizga juda noqulay. Shuningdek, bunday yo‘llar nostandart panduslar bilan jihozlangan. Pandusning normada qiyalik darajasi 8 dan oshmasligi kerak o‘zi, lekin yer osti yo‘llarda panduslar 37–38 darajada.
Xullas, ularda harakatlanish imkoni deyarli yo‘q, yer osti o‘tish yo‘llaridagi nostandart panduslar sabab nogironligi bo‘lgan insonlar mustaqil va xavfsiz harakatlana olmaydi. Pandusning usti ochiq bo‘lgani uchun ham qor va yomg‘irli kunda unda harakatlanishning umuman iloji yo‘q, ya’ni sirpanchiq bo‘ladi. Shuning uchun nogironligi bo‘lgan insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, yo‘lni kesib o‘tishga majbur bo‘ladi, - deydi Farhod aka.
Mavzuni shu joyda to‘xtatish fikridan yiroqmiz. Biz aravachadagi insonlar bilan o‘rganilgan muammolar haqida yozdik. To‘g‘risi, jamoat transportlarida ham, yo‘llar, yo‘laklarda ham, hatto ayrim yangi qurilayotgan binolarda ham sharoitlar yaratilmayapti.
Esingizda bo‘lsa, 2022 yil oktabr oyida Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida yuqori palata raisi Tanzila Norboyeva shunday degan edi:
«Menga taalluqli masala emas ekan, degan fikr bilan ketish kerakmas. Har bir tashkilot bu boradagi o‘ziga tegishli masalalarni reja asosida amalga oshirmasa, har yili yig‘ilish o‘tkazib, muammoni qayd etib o‘tiraveramiz. Asosiy maqsadimiz nogironlarni chekkaga chiqarib qo‘yish emas, ularga davlat sifatida sharoit yaratib berish. Aslida nogironlar uchun sharoitlar yaratish islohotga kirmaydi, bu — bizning majburiyatimiz. Agar ularning salohiyatini oshirishi, qiziqishlari bilan shug‘ullanishi, o‘qishi, yashashi, erkin harakatlanishiga imkoniyatlar yaratsak, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi».
Yillar ortidan yillar o‘tyapti. Muammolar qanchalik darajada hal etildi? Qachon yechiladi, qonunchilikka ko‘ra, qachon to‘siqsiz muhit yaratiladi? Yaqin kunlarda mutasaddi tashkilotlarning javoblarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Laziza SHEROVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 21.02.2023, №7