Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan dolzarb hayotiy vazifalar O‘zbekiston, tom ma’noda, ijtimoiy davlatga aylanayotganini ko‘rsatmoqda. Binobarin, ayni yo‘nalishdagi o‘zgarish va yangiliklar minglab oilalar, qachadan-qancha yurtdoshlarimizni quvontirgani rost.
Aholini ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq qabul qilingan qonunlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 1991-2016-yillar davomida ushbu yo‘nalishga doir 24 ta qonun qabul qilingan bo‘lsa, undan keyingi qisqa davr – 2017-2023-yillarda 44 ta qonun qabul qilingan. Bundan tashqari, yuzlab normativ-huquqiy hujjatlar ham qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etilgan.
Shular asosida keyingi yillarda davlatimiz budjet xarajatlarining asosiy qismi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, joriy yilda Davlat budjeti jami xarajatlarining qariyb 50 foizi yoki 151,5 trillion so‘mi ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, ehtiyojmandlarni uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlarga yo‘naltiriladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yildi. Shunga muvofiq, ko‘lamli amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, 2023-yil 1-iyunda aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. Bu ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda katta qadam bo‘ldi. Mamlakat miqyosida tarqoq holda amalga oshirib kelingan aholini ijtimoiy himoya qilish ishlari bo‘yicha yagona tizim yaratilib, alohida institutsional vakolatli organ – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.
Agentlikning viloyat boshqarmalari, tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu markazlarning aholiga professional ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishi bevosita mahalla bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu ma’noda, mahallalarda ijtimoiy xizmatlar xodimlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilmoqdaki, aholining muhtoj qatlamini to‘la qamrab olish, sifatli va professional xizmat ko‘rsatish orqali ularning og‘irini yengil qilish, muammolarini hal etishga yaqindan yordam beradi.
Videoselektor yig‘ilishida tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va natijadorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlanib, bu bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Avvalo, hozir faqatgina 28 tuman mahallalarida ijtimoiy xodimlar faoliyat yuritayapti. Joriy yilning 1-iyuniga qadar yurtimizda mavjud barcha mahallalarda ularning faoliyatini tashkil qilish vazifasi topshirildi.
Odamlarga protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz, deb e’tirof etish kabi 49 ta ijtimoiy xizmat mahallagacha tushirilishi, o‘z navbatida, mahalladagi ijtimoiy xodimlarga katta mas’uliyat va javobgarlik yuklaydi.
Darhaqiqat, ehtiyojmand oilalar manzilli o‘rganilsa hamda mahalla aholisi xabardor bo‘ladigan shaffof tizim yaratilsa, har bir ijtimoiy xizmatga individual yondashilsa, monitoringi olib borilsa, albatta, haqiqiy muhtojlarga yordam yetib boradi. Bu esa pirovard maqsadimiz – kambag‘allikni qisqartirishga zamin yaratadi, iqtisodiy nochor ahvolga kelib qolganlarning o‘zini “o‘nglab” olishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Ijtimoiy himoya masalasiga e’tiborning natijasi jamiyatimizda yaqqol sezilyapti. Birgina nafaqa tayinlash yo‘nalishini olaylik. Keyingi yillarda ularning soni oshib bormoqda. Xususan, 2021-yilda 404 ming 763 nafar odam nafaqa olgan bo‘lsa, ayni paytga kelib 600 ming nafardan ortiq yurtdoshlarimiz bir necha turdagi nafaqa bilan ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, nafaqa miqdori ham muttasil oshirib borilyapti.
Alohida ta’kidlandiki, endi nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga, birinchi navbatda, nogironligi bor, ota-onasi yo‘q, boquvchisini yo‘qotgan, kasalligi va boshqa sababga ko‘ra uzoq muddat ishlay olmaydiganlarning oilalari kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda ularning faqat daromadi emas, balki xarajatlari ham baholanadi (yashash sharoiti, kommunal, soliq, kredit to‘lovlari va boshqalar).
Yana bir muhim jihat, kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi borlarga qarovchilarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi. Bu o‘z navbatida, ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatiladigan shaxslar hayotining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslarga “to‘siqsiz hayot” yaratish bilan bog‘liq dolzarb masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ishlash va kasb-hunarga o‘qishda to‘siqsiz muhit yaratish uchun ularning “mehnatga layoqatini belgilash” amaliyotidan voz kechilib, nogironlik kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilanadigan bo‘ldi.
Bino va inshootlarni qurish loyihaci nogironligi bo‘lganlar uchun qulay muhit yaratilganligi bo‘yicha ham majburiy ekspertizadan o‘tkazishi, jamoat transporti, bekatlar va chorrahalarda ular uchun to‘siqsiz muhit yaratish choralari ko‘rilishi belgilandi. Shubhasiz, ushbu yangi tizimning amalga oshirilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga integratsiyalashuvini osonlashtiradi.
Umuman, mazkur yangiliklardan ko‘zlangan asosiy maqsad – ijtimoiy himoya tizimida aniqlik, shaffoflik va adolatni ta’minlash. Toki yordam olgan inson hayotga intilsin, o‘zini jamiyatning haqiqiy a’zosi, deb his qilsin.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.