Kuni-kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy himoyaning yangicha tizimini yaratish haqida qator topshiriqlar berildi.
Hammamizga ma’lumki, barcha islohotlar bugun mahallada, quyida ijrosini ta’minlash orqali ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. 49 ta ijtimoiy xizmat mahallagacha tushirilishi belgilandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga viloyat hokimlari bilan birga barcha mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini tashkil qilish vazifasi topshirildi. Protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz deb e’tirof etish kabi ijtimoiy xizmatlarning mahallagacha tushirilishi belgilandi. Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqiladi. Bu xizmatlarning mahallada yo‘lga qo‘yilishi fuqarolarning ortiqcha vaqti tejalishiga va qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
So‘nggi paytlarda hudud rahbarlari ham muhtoj oilalar bilan manzilli ishlamay, pul va oziq-ovqat berish, maishiy texnika sovg‘a qilish bilan cheklanib kelgani, eski ijtimoiy himoya tizimida odamlarga umid berish, hayotini yaxshilashi, band bo‘lishiga ko‘maklashish eng oxirgi o‘ringa tushib qolgani qayd etildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga o‘rgatish orqali to‘laqonli hayotga qaytarishga e’tibor sustlashib ketgani tanqid qilindi.
Ta’kidlanganidek, nogironligi bor shaxslar ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati zamon talablaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilmagani sababli ular o‘zining mehnat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara olmayapti.
Prezident bu sohada umumiy yondashuv o‘zini oqlamagani, har bir oila va inson taqdiriga alohida professional yondashish lozimligini qayd etib, ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Buni mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmidan ham bexabar. Masalan, nogironligi bor farzandini parvarishlash nafaqasini olishi mumkin bo‘lgan 33 ming ota-ona ushbu imtiyozdan foydalanmayapti. Fuqarolarning bu kabi islohotlardan bexabarligi hammamizni bezovta qilishi kerak. Hududlarga okruglarga chiqqanimizda albatta o‘z saylovchilarimizni xabardor qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishimiz lozim.
Yig‘ilishda, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish maqsad qilinganligi alohida qayd etildi. Buning uchun ehtiyojmand toifani belgilash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqiladi va aynan qanday yordamga muhtojligi aniq belgilab berilishi, har bir muhtoj fuqaro bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi bo‘lishi lozimligi topshirig‘i berildi.
Shuningdek, mahalladagi “ettilik” uchun ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha yagona savolnoma joriy qilinishi va mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Sport-nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yana bir najot yo‘lidir.
Nogironligi bor shaxslar uchun sportni rivojlantirish assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Assotsiatsiya nogironligi bor shaxslarni mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb qiladi va “Besh tashabbus” doirasida doimiy sport musobaqalari o‘tkazib borishi belgilandi. Nogironligi bor insonlarni sportga jalb qilishda ham mahallaning e’tibori bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Endilikda nogironligini kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, o‘zini o‘zi eplashi, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilash tizimiga o‘tilishi yig‘ilishda belgilab berildi.
Shubhasiz, bu jarayonda sportning ahamiyati beqiyos. Keyingi paytlarda nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida sport va turli ko‘rik-tanlovlarning o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Bu esa o‘z navbatida ularning ijtimoiylashuviga va hayotdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratmoqda. Paraolimpiadalarda ko‘plab medallar qo‘lga kiritilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan qonunlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, mustaqillik yillaridan to 2016 yilgacha 24 ta qonun, 2016 yildan 2023 yilgacha 44 ta qonun qabul qilingan. Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, ijtimoiy davlat tamoyilining amalda ijrosi ta’minlanayotganligi alohida e’tirofga loyiq. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga yanada qulay shart-sharoit, to‘siqsiz muhitning yaratilishi, ularning o‘ksik ko‘nglini ko‘tarishga va hayotda to‘laqonli inson sifatida yashashiga zamin yaratadi.
Bu jarayonda albatta biz deputatlar ham faol bo‘lib, o‘z saylov okruglarimizda islohotlarning joylardagi ijrosini ta’minlash maqsadida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimiz, nogironligi bor shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdek ishda jonbozlik ko‘rsatishimiz lozim bo‘ladi. Pirovard maqsad insonlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga o‘z hissamizni qo‘shishdir.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.